Sport | 09:49 / 28.10.2018
33939
3 daqiqa o‘qiladi

“Lester” klubi egasi aviahalokatda halok bo‘ldi – OAV

“Lester” klubi egasi Vichay Shrivaddxanaprabxa o‘ziga tegishli vertolyotning halokatga uchrashi oqibatida halok bo‘ldi. Voqea Angliya chempionatining 10-turidan o‘rin olgan “Lester Siti” – “Vest Xem Yunayted” uchrashuvidan keyin yuz bergan.

Foto: LIAM HOPKIN
Foto: Getty Images

Ingliz OAVga ko‘ra, vertolyot 200 fut (60 metr) balandlikka ko‘tarilib, dum qismidagi muammo sababli yona boshlagan. So‘ngra “King Pauer Stedium” stadioni oldidagi avtoturargohga qulagan.

BBC ma'lumotlariga ko‘ra, vertolyotning dum qismidagi parragi ishlamay qolgan, oqibatda vertolyot o‘z o‘qi atrofida aylana boshlab, yerga qulagan. 

Hozircha tasdiqlanmagan ma'lumotlarga ko‘ra, vertolyotda Shrivaddxanaprabxa va “Lester” sport direktori bo‘lgan. Ularning ikkisi va uchuvchi halok bo‘lgan. 

Foto: PA

Tailandlik tadbirkor ushbu vertolyotdan Londondan Lesterga uchish va ortga qaytishda foydalangan. 

Shrivaddxanaprabxa Tailandning eng badavlat odamlaridan biri bo‘lib, King Power Duty Free do‘konlar tarmog‘i asoschisi va bosh direktori hisoblanadi. U “Lester”ni 2011 yilda sotib olgan. Uning o‘g‘li Ayyavatt klub vitse-prezidenti lavozimini egallaydi. Ta'kidlanishicha, Augusta Westland AW-169 vertolyoti deyarli yangi bo‘lib, undan 2 yilgina foydalanilgan.   

Foto: Getty Images

2016 yil mayida Shrivaddxanaprabxa “Lester”ning Premer-ligadagi sensatsion g‘alabasini jamoa bilan nishonlagan. 

Tadbirkor 2018 yil aprelida 60 yoshini qarshilagandi.

Mavzuga oid