Jahon | 07:43 / 07.11.2018
6575
2 daqiqa o‘qiladi

BMT bosh kotibi Kamerunda o‘g‘irlab ketilgan o‘quvchilarni ozod qilishga chaqirdi

Foto: UNICEF/Karel Prinsloo

BMT bosh kotibi Antoniu Guterrish 5 noyabrda Kamerunning Bamenda shahridagi maktabdan o‘g‘irlab ketilgan o‘quvchilar va xodimlarni zudlik bilan ozod qilishga chaqirdi. Bu haqda BMT bosh kotibining rasmiy vakili Stefan Dyujarrik bayonotida aytilgan.

“Fuqarolarga, ayniqsa balog‘atga yetmaganlarga qarshi qaratilgan bu jinoyatni hech qanaqasiga oqlab bo‘lmaydi”, deb aytilgan bayonotda.

Guterrish Kamerunning Shimoli-g‘arbiy va Janubi-g‘arbiy viloyatlaridagi ixtilofni tinchlik bilan hal qilish zarurligini ta'kidlab o‘tgan.

5 noyabrda Kamerunning inglizzabon Shimoli-g‘arbiy viloyatining poytaxti hisoblanuvchi Bamenda shahrida 80 ga yaqin kishi, aksariyat o‘quvchilar o‘g‘irlab ketilgan. Ayni vaqtda ushbu jinoyat ortida kim turganligi noma'lum.

Kamerun Afrikaning eng barqaror davlatlaridan biri hisoblanadi, biroq joriy yilning oktabridan mamlakatning g‘arbiy, inglizzabon qismining ajralishini qo‘llab-quvvatlovchi ayirmachilar vaqti-vaqti bilan hukumat armiyasi bilan to‘qnashuvga kirmoqda.

Mavzuga oid