Jahon | 23:19 / 01.10.2024
3339
2 daqiqa o‘qiladi

Tailandda 40 ga yaqin o‘quvchi va o‘qituvchilarni olib ketayotgan avtobus yonib ketdi. Kamida 20 kishi halok bo‘lgani aytilmoqda

Qutqaruvchilarning versiyasiga ko‘ra, yong‘in avtobus yo‘lidagi to‘siqqa urilishi oqibatida kelib chiqqan.

Foto: Reuters

Tailandda 38 nafar o‘quvchi va olti nafar o‘qituvchini olib ketayotgan avtobusda yong‘in chiqdi. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, hodisa oqibatida kamida 20 kishi halok bo‘lgan.

Tailand transport vaziri Suriya Chuangrungriangkitning so‘zlariga ko‘ra, ichida 44 nafar yo‘lovchi bo‘lgan avtobus Utay Txani tumanidan ekskursiyaga chiqqan va yo‘lda transport vositasida yong‘in chiqqan.

Mamlakat ichki ishlar vazirining qo‘shimcha qilishicha, hodisa joyida tekshiruv ishlari davom etmoqda, qurbonlar soni hozircha tasdiqlanmagan. Uning ta’kidlashicha, omon qolganlar sonidan kelib chiqib, 20 kishi halok bo‘lgani taxmin qilinmoqda.

Qutqaruvchilarning versiyasiga ko‘ra, yong‘in avtobus yo‘ldagi to‘siqqa urilishi oqibatida kelib chiqqan.

Tailand bosh vaziri Pxetxongtxan Chinavat halok bo‘lganlarning oilalariga ta’ziya bildirib, mazkur voqeadan chuqur qayg‘uda ekanini ma’lum qildi.

Eslatib o‘tamiz, 2023 yil kuzda Venetsiyada, Mestre va Marger tumanlarini bog‘lovchi temiryo‘l relslari yaqinida sayyohlarni olib ketayotgan avtobus yo‘l o‘tkazgichdan qulab tushib, yonib ketgandi. O‘shanda ushbu yo‘l-transport hodisasida kamida 21 kishi, jumladan, uch nafar bola halok bo‘lgan. 

Mavzuga oid