O‘zbekiston | 14:30 / 07.11.2018
99676
3 daqiqa o‘qiladi

Islom Karimov bolaligida kim bo‘lishni orzu qilgandi?

Foto: Facebook /IslamKarimovFoundation

Islom Karimov fondi O‘zbekistonning birinchi prezidenti rafiqasining xotiralarini e'lon qildi.

«Islom Karimovning bolaligi urush va urushdan keyingi og‘ir damlarga to‘g‘ri keldi. Kichiklikdayoq peshona teri bilan non topish nima ekanini bildilar», - deb yozadi Tatyana Karimova.

«Urushdan keyin barcha mashaqqatli hayot kechirgani ma'lum. Ularning ham oilalari ehtiyojmand edi. Samarqandning eski shahar qismida yashagan oddiy oila. Islom Karimov maktabga chiqqan kezlari rus tilini bilmas edilar, ammo bukilmas iroda, qat'iyat va sobitqadamlik bois rus maktabini oltin medalga bitirdilar. U kishi yozgan insholar namuna o‘laroq butun sinfga o‘qib berilgan ekan. Keyinroq sinfdoshlari tan olishicha, Islom Karimovning insholaridan oliy o‘quv yurtiga kirish imtihonida “shpargalka” sifatida foydalanishgan. Shu tariqa oddiy oilada voyaga yetgan yigit maktabni muvaffaqiyatli tamomlab, taqdiriga peshvoz chiqmoq uchun safarga otlandi. O‘sha kezlar oltin medal va olam-olam orzular u kishining bor-yo‘q bisoti edi. Taqdir hukmi bilan kindik qoni to‘kilgan ona zaminga mustaqil O‘zbekistonning Birinchi Prezidenti bo‘lib manguga qaytdilar.

Sinfdoshlaridan biri Islom Abdug‘aniyevichning shaxsiy maslagini yorqin namoyon etuvchi, maktab yillariga doir bir voqeani xotirlagan edi. Yozgi meva yig‘im-terimi payti yoshi ulug‘ bir kishi bolalardan kelajakda kim bo‘lishlari haqida so‘raydi. Ko‘pchilik uchuvchi, tokar kabi kasblarni egallash istagini bildiradi. Islom Karimovning javobi esa bolalarni ham, kattalarni ham hayron qoldiradi: “Men Amir Temurga o‘xshasam deyman!”», - deya xotiralari bilan o‘rtoqlashadi Tatyana Karimova.

Uning yozishicha, maktab yillaridanoq Maksim Gorkiy hikoyasi personaji – o‘z jonidan kechgan, yuragini mash'al kabi yoqib xalqni qutqarib qolgan Danko Islom Karimovning eng sevimli adabiy qahramoni bo‘lgan. Uning “Otash kabi yonib, o‘zgalar yo‘lini yorit!” degan shiori yosh Islom Karimovning yuragida muhrlanib qolgan.

Mavzuga oid