Sport | 08:50 / 08.11.2018
19893
2 daqiqa o‘qiladi

Meyuezer yaponiyalik kikbokschi bilan jang qilishga rozilik bermaganini aytdi

Foto: AFP

Amerikalik bokschi Floyd Meyuezer yaponiyalik kikbokschi Tensin Natsukava bilan jangga rozilik bermaganini aytdi. U bu haqda instagramda ma'lum qilgan.

“Endi men Tokioga uzoq davom etgan va og‘ir safardan keyin yana Amerika yerida turganimda, muxlislarimga va mediaga 31 dekabrga belgilangan voqea bo‘yicha murojaat qilmoqchiman. Gapni men, Floyd Meyuezer, Tensin Natsukava bilan rasman jangga rozilik bermaganimni tushuntirishdan boshlash kerak. Bundan tashqari, men Yaponiyaga bormagunimcha uning nomini hech qachon eshitmaganman ham”, deb ta'kidlab o‘tgan Meyuezer.

Uning aytishicha, gap Rizin yapon tashkiloti sportchisi bilan ko‘rgazmali jang haqida ketgan. Dastlabki kelishuvlarga ko‘ra, bu jang tor doiradagi shaxslarga mo‘ljallangan bo‘lib, televideniye orqali translyatsiya qilinmasligi kerak edi.

41 yoshli bokschi noto‘g‘ri ma'lumot berilgani uchun uzr so‘ragan va matbuot anjumanda e'lon qilingan ma'lumotlardan karaxt holga tushganini aytgan. 

Ushbu jang Meyuezerning MMAdagi ilk jangi bo‘lishi kutilayotgan edi.

5 noyabrda Rizin bosh direktori Meyuezer 20 yoshli Natsukavaga qarshi ringga chiqishini e'lon qilgandi. Meyuezer bilan jang qilgan irlandiyalik Konor Makgregor amerikalikning o‘zidan ancha tajribasizroq ko‘ringan yapon bilan jang qilish qaroridan achchiq bildirib, amerikalikni ijtimoiy tarmoqlarda mazax qilgan. 

Mavzuga oid