O‘zbekiston | 22:50 / 08.11.2018
4909
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston delegatsiyasi Yevroparlamentda Afg‘oniston bo‘yicha anjumanda ishtirok etdi

8 noyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Afg‘oniston bo‘yicha Maxsus vakili Ismatulla Irgashev boshchiligidagi delegatsiya Bryussel shahrida Yevropa parlamentida bo‘lib o‘tgan “Afg‘oniston uchun birgalikdagi qarashlar” mavzusidagi xalqaro konferensiyada ishtirok etdi.

Konferentsiya ishida Yevroparlament deputatlari, Yevrokomissiya, OAV va Yevropa Ittifoqi, Belgiya, boshqa xalqaro tashkilotlar huzurida akkreditatsiya qilingan diplomatik missiyalarning vakillari qatnashdilar.

Forum qatnashchilari xavfsizlik, tinchlik va davlat qurilishi, Afg‘onistonning rivojlanishiga xalqaro ko‘mak, qayta tiklanish va mintaqaviy hamkorlik masalalarini muhokama qildilar.

Yevropa parlamenti deputati, Afg‘oniston bilan aloqalar delegatsiyasi raisi Petras Aushtrevichyus kirish nutqi so‘zladi.

Irgashev o‘z nutqida joriy yilning 26-27 mart kunlari Toshkent shahrida bo‘lib o‘tgan yuqori darajali xalqaro konferensiya yakunlariga hamda konsensus asosida qabul qilingan maxsus Deklaratsiyaga alohida urg‘u berdi. O‘zbekistonning Afg‘oniston bilan ikki tomonlama munosabatlarni izchil mustahkamlayotgani, mazkur mamlakatning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishi uchun muhim bo‘lgan qator infrastruktura loyihalarini faol amalga oshirayotgani ta'kidlab o‘tildi.

Ismatulla Irgashev O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Afg‘onistonda tinchlik jarayonini boshlashga hamda tinch Afg‘oniston uchun kadrlar tayyorlashga ko‘maklashish borasidagi tashabbuslariga alohida e'tibor qaratdi.

Mavzuga oid