Chempion hikoyalari: Gvardiolaning «Barselona»si hayotidan lavhalar
12 noyabrda Universal studiyasi Take the Ball, Pass the Ball deb nomlangan hujjatli filmni namoyish etdi. Film Pep Gvardiolaning «Barselona»si haqida. Ushbu film angliyalik jurnalist Grem Xanterning kitobi asosida suratga olingan va o‘sha yillarning asosiy qahramonlaridan intervyular jamlangan.
Sports.ru saytida filmning ba'zi qiziq lavhalari «qog‘ozga tushirildi». Quyida ushbu material tarjimasi e'tiboringizga havola etiladi.
Moslasha olmagan futbolchilar
Ba'zida juda yaxshi futbolchilar «Barselona» o‘yiniga moslasha olmagandi. Masalan Anri va Abidal ham Pepning uslubida o‘ynab ketishlari qiyin kechgandi. Filmda mana shunday misollardan biri, Dmitriy Chigrinskiy haqida so‘z boradi.
Dmitriy Chigrinskiy: «Men o‘z imkoniyatimni boy bergandim. Men jamoada o‘ynashni juda istaganman, shuning uchun darhol nimalarga qodirligimni ko‘rsatishga shoshilganman. Ba'zida bu menga xalaqit ham berardi. Bir kuni Xavi menga «men bolaligimdan shu yerdaman, ammo shunga qaramay, agar bir nechta o‘yinda yaxshi o‘ynay olmasam, muxlislar meni tamom qilishadi». O‘shanda u hazillashyapti deb o‘ylaganman, lekin aslida rostan ham shunaqa ekan».
Karles Puyol: Chigrinskiyning saviyasi «Barselona» talablariga mos kelardi. Ammo bu yerda himoyachi bo‘lib o‘ynash oson emas, bosim haddan tashqari katta».
Terri Anri: «Xavi o‘ynaydigan zonada yaxshi himoyalana olmaydigan «Osasuna»ga qarshi o‘yin edi. O‘sha kuni chap oyoqda dahshatli darajada kuchli o‘ynaydigan Chigrinskiy asosiy tarkibga tushirildi. U o‘ng oyoqdayam yaxshi o‘ynardi, lekin chap oyog‘i nihoyatda kuchli edi. Ko‘rsatmaga ko‘ra, biz to‘pni Dmitriyga oshirishimiz, u esa Xaviga uzatishi lozim edi. Ammo bir ikki marta Chigrinskiy Zlatanga ajoyib to‘p uzatmasini amalga oshirdi va hatto Zlatan gol urishiga ham sal qoldi. Ammo tanaffus paytida Pep Chigrinskiyni almashtirib tashladi. Murabbiy uni o‘yin modelini buzayotganlikda aybladi».
Kapello Messini «Yuventus»ga olib kelmoqchi edi
Xavi: «Messi har jihatdan hammadan ustun – u chap oyoqda, o‘ng oyoqda, bosh bilan, hujumda, himoyada sizdan yaxshiroq, sizdan tezroq o‘ynaydi, yaxshiroq aldaydi, to‘p uzatadi. Yana nima? Darvozadami? Hali buni sinab ko‘rmadik».
Laureano Ruis, «Barselona» yoshlar jamoasi sobiq murabbiyi: «Ilgari murabbiylar xonasiga kiraverishda, eshik tepasida «agar bo‘yi 180 santimetrdan pastroq futbolchini tavsiya qilmoqchi bo‘lsangiz, qaytib ketavering», deb yozib qo‘yilgandi. Kroyf bu tushunchalarni o‘zgartira oldi va mahorat bo‘ydan muhim ekanini isbotladi».
Samyuel Eto’O: «2005 yilda Joan Gamper sovrini uchun «Yuventus»ga qarshi o‘yin oldidan men Patrik Viyeyraga extiyot bo‘lib o‘ynashi kerakligini, unga qarshi kelajakda futbolni o‘zgartirib yuboradigan bolakay o‘ynashini aytdim. Biz o‘shandayoq uning boshqacha o‘yinchi ekanini bilardik.
Xavi: «O‘yindan keyin Kapello Messini ijaraga olmoqchi bo‘ldi. Kapello ahmoq emas».
Mourino va Gvardiola o‘rtasidagi tanlov
2003 yilda Joan Laporta «Barselona» prezidentligi saylovlarida g‘olib chiqdi. Uning saylovoldi dasturidagi punktlardan biri Kroyfni jamoaga qaytarish edi. Afsonaviy murabbiy klubga qaytdi va futbol sohasida muhim maslahatchi sifatida o‘rin oldi. Kroyf falsafasiga mos bo‘lgan mutaxassislar ichida Frank Raykaard ham bor edi, shuning uchun murabbiylik unga ishonib topshirildi.
«Barselona» 2005/06 yillar mavsumida Chempionlar Ligasida g‘alaba qozondi, ammo keyingi yil juda qiyin o‘tdi. Ba'zi futbolchilar jamoani tark etishdi, Ronaldino o‘yinida pasayish boshlandi. Natijada, «Barselona» uchun eng yomon mavsumlardan biri bo‘ldi va jamoa uchinchi o‘rinni oldi.
Xavi: «Raykaard o‘rniga Joze Mourino va Pep Gvardiola variantlari ko‘rib chiqilgandi. U paytlarda Jozening «yomon yigit» reputatsiyasi yo‘q edi, aksincha, Pepdan ko‘ra ham mosroq ko‘rinardi. Chunki, ungacha Joze «Barselona»da ishlab ulgurgan, bir nechta katta sovrinlarni yutgan mashhur murabbiy edi.
Joze o‘z vaqtida bu yerdagi juda ko‘p futbolchilarga yordam bergan. Van Gaal ko‘pincha uni ikkinchi jamoaning mashg‘ulotlariga jo‘natardi. Kvadratlar, to‘pni nazorat qilish, pozitsiyalarni nazorat qilish – bularning hammasini bizga Mourino o‘rgatgan. Ammo «Chelsi»da uning uslubi o‘zgarib ketdi.
Joan Laporta: «Kengashning to‘rt yoki besh nafar a'zosi Mourino taraf edi. Vitse-prezident hatto uchrashuv tashkil qildi va Joze bizga «Barselona»ni qanday jamoaga aylantirmoqchi ekani haqida so‘zlab berdi. Bu juda qiziq va e'tiborga molik uchrashuv bo‘lgan, ammo Kroyf g‘oyalaridan ancha uzoq edi.
Shunda Kroyf Laportaga «Barselona» yoshlar jamoasini boshqarayotgan odamni murabbiy qilib tayinlash lozimligini aytdi. O‘sha payt uchun bu juda ahmoqona riskka o‘xshab tuyulgan bo‘lishi mumkin, ammo Yohan bir yil davomida Gvardiola bilan suhbatlashgan, kimni taklif qilayotganini bilardi.
Eto’O va Abidal bilan ziddiyatlar
Ilk matbuot anjumanidayoq Pep Gvardiola «bomba» tashlab yubordi: Ronaldino ketadi, Deku ketadi, Eto’O yo ketadi yoki zaxirada o‘tiradi. Gvardiola kamerunlik hujumchini sotishni talab qilgan, ammo Laporta uni himoya qildi, Xavi va Puyol Samuelga imkoniyat berishni so‘rashdi. Natijada hujumchi mavsumoldi yig‘inlarida juda kuchli o‘yin namoyish qildi.
(Bu voqealar Samuelninng «Bunyodkor» bilan muzokaralari kechgan davrda ro‘y berganini eslasangiz kerak. Oqibatda, hujumchi yana bir yilga jamoada qoladi va Chempionlar Ligasi finalida eng muhim golini uradi. Keyingi mavsumda Gvardiola uni baribir sotdi, aniqrog‘i, Zlatan Ibrahimovichning transferi uchun to‘lov sifatida «Inter»ga yuborildi. Keyinchalik, Zlatan ham Pep bilan yaxshi chiqisha olmadi va Barselonada uzoq qolmadi. Samuel esa, «Inter»da Joze Mourino qo‘l ostida yana Chempionlar Ligasi g‘olibiga aylandi).
Eto’O: O‘sha jamoa murabbiysiz ham o‘ynay olardi. Gvardiolaning asosiy vazifasi jamoaga g‘alaba qozonish istagini qaytarish edi va u buni uddaladi. Taktika borasida Pepga hech kim teng kela olmaydi, qo‘shilaman, lekin men masalan futbolchilar bilan munosabatlar bobida undan yaxshiroq uddalagan bo‘lardim».
Bunday qiyinchiliklar haqida o‘z vaqtida boshqa futbolchilar ham, masalan Anri va Abidal ham so‘z yuritgan. Ularning aytishicha, Pep futbolchilar bilan go‘yoki bolalarga qilgandek muomala qilgan ekan.
Abidal: «Men axir 15 yoshda emasman. Agar menga hurmat bilan muomala qilishsa, men ham shunday javob qaytaraman. Lekin bunday hurmat bo‘lmasa, nega aytganingni qilishim kerak? Men Pepga «men bilan bunday gaplashishga haqqing yo‘q» dedim va keyin prezident oldiga borib, agar shunday davom etsa, ketmoqchi ekanimni aytdim».
Gvardiola rostdan ham futbolchilardan quyosh ostida turmaslikni, nima yeb, necha soat uxlagani haqida hisobot berishni, tennis yoki «Formula-1» o‘yinlariga bormaslikni talab qilardi.
Klasikodagi 6:2
Xavining aytishicha u jon taslim qilayotganda, 2009 yilda «Santyago Bernabeu»da bo‘lib o‘tgan o‘yinni yodga olishni istar ekan. O‘shanda «Barselona» «Real»ni 6:2 hisobida tor-mor etgan va amaliy tomondan mamlakat chempioniga aylangandi. Messi va Xavi o‘sha g‘alaba Pepning taktikasi yordamida qo‘lga kiritilgan deb hisoblaydi.
Leo Messi: O‘yindan bir kun oldin Pep menga qo‘ng‘iroq qilib, mashg‘ulot maydonchasiga tushishimni so‘radi. U men uchun tayyorlab qo‘yilgan yangi pozitsiya haqida suhbatlashishni xohlagan ekan. Pep va Tite «Real»ning o‘yinlarini kuzatib, meni yangi pozitsiyada sinab ko‘rishga qaror qilishgan».
O‘sha o‘yinda Pep ilk marotaba Messini markazda, «aldamchi to‘qqizlik» sifatida sinab ko‘rgan. Undan oldin argentinalik hujumchi ko‘proq o‘ng qanotda harakat qilardi.
Xavi: «Pep «Real» markaziy himoyachilarining markaziy hujumchiga nisbatan pressing qilmasliklarini payqadi. Shuning uchun Anri o‘ng qanot va o‘ng markaziy himoyachi o‘rtasida, Eto’O xuddi shu pozitsiyada, faqat narigi tomonda, Messi esa, «aldamchi to‘qqizlik» sifatida harakat qildi. Shu tariqa, biz yarim himoyada qo‘shimcha kuchga ega bo‘ldik».
YeChL-2009 finali oldidan
Inesta o‘sha final oldidan jarohatlangan, yana bir qator futbolchilar ham safdan chetda qolgandi. Natijada, himoyada Puyol, Ture va o‘sha mavsumda umuman o‘ynamagan Silvino maydonga tushishdi. O‘yin boshlanishiga besh daqiqa qolganda, Pep futbolchilarga video qo‘yib beradi.
Anri: «Biz xonaga kirdik va u yerda monitor turgandi. Biz nima bo‘lishini bilmasdik. Ma'lum bo‘lishicha, Pep va Tito bizning finalgacha bosib o‘tgan yo‘limiz haqida video tayyorlashgan ekan. Lavhalarda chiroyli gollar, qiyin holatlar va adashmasam, «Gladiator» filmi musiqasi bor edi».
Santi Padro, «Gladiator» filmi montajchisi: «Inestaning yarim finaldagi golidan so‘ng, Pepdan sms oldim. «Menga finalni yutishda yordam berding» deb yozilgandi».
Viktor Valdes: «Boss juda hissiyotga beriluvchan edi. U uzoq vaqt videoni tayyorladi va bizni ichkariga kiritmay turdi. Biz filmni ko‘rib yig‘lab ham yubordik, keyin Andre Bochelli Chempionlar Ligasi gimnini kuylayotganda, yanayam battar bo‘ldi ahvolimiz. «Manchester Yunayted» futbolchilari bizga nima bo‘lganini tushunmay, hayron bo‘lishgandi».
Manel Estiarte, tarixdagi eng kuchli vaterpolistlardan biri, Gvardiolaning yordamichisi: «Agar video futbolchilarni motivatsiyasini oshirish uchun tayyorlangan bo‘lsa – bu juda noto‘g‘ri qaror bo‘lgan. Futbolchilar g‘alati bo‘lib qolishgan, agar ilk 10 daqiqada Valdes bizni qutqarmaganda, ikkita gol o‘tkazib yuborardik».
Valdes qutqarib qoldi va «Barselona» o‘sha mavsumni trebl bilan yakunladi.
«Daholar ham xato qiladi»
Pepning «Barselona»dagi uchinchi yili ham muvaffaqiyatli chiqdi, jamoa La Liga va Chempionlar Ligasida g‘olib chiqdi. Kroyf Gvardiolaga ketishni maslahat berdi, chunki uning biroz charchab qolgani sezilgan, Laporta ham ketib, uning o‘rniga Sandro Rosel kelgandi. Ammo Pep qoldi.
Valdes: «Pepga chidash qiyin bo‘lib qoldi. Ilgari umuman e'tiborsiz qoldirgan ba'zi mayda narsalarga ham e'tiroz qilaverardi. AQShda mavsumga tayyorlanayotganimizda u Puyol va Pikega baqirib berdi. O‘shandayoq men Andresga «Pep bu yildan keyin ketsa kerak» degandim.
Dani Alves: «Daholar ham xato qiladilar. Gvardiolaning oxirgi yili shunaqa xato bo‘lgandi. Go‘yoki, unga endi baribirdek tuyulib qolgandi. Biz nima bo‘layotganini tushunmasdik va shuning uchun ko‘p janjal chiqardi. Oldingi yillari Pepning har bir aytganini so‘zsiz bajarardim, chunki u nega bunday qilish kerakligini juda yaxshi tushuntirib bera olardi, ammo oxirgi yili menga agar «Kamp Nou»ning yuqori qavatidan sakrash buyurilsa, aniqki, sakramasdim».
So‘z Gvardiolaga
Gvardiola faqat bir marta ekranda paydo bo‘ladi, u ham bo‘lsa, titrlardan so‘ng. Undan «Barselona»dagi to‘rt yil haqida gapirib berishni so‘raydilar.
Pep Gvardiola: «O‘sha yillar xotirasi men uchun baxt va nostalgiya. Menimcha, o‘shanda yulduzlar o‘rni ham bizga omadli kelgan, aks holda bu qadar muvaffaqiyatli bo‘lish mumkin emasdi. Ammo asosiy kalit – futbolchilarning mahorati, albatta. Biz shunchaki, ularning ortidan to‘pni ko‘tarib yuramiz, ular darvozaga kiritadi.
Ancha yillar oldin Yoxan Kroyf biz uchun poydevor o‘rnatgan: oddiy narsalarni yaxshi bajarishni o‘rganish kerak – bu deyarli g‘alaba degani. Futboldagi eng oddiy narsa esa – to‘p oshirish. Bu insonlarni birlashtiradi. Hamma bu jarayonga qatnashadi, o‘zini buning bo‘lagi deb biladi. Ilk kunlardanoq buning ustida ishlaganmiz.
Agar 25 yil o‘tib ham, biz qanday o‘ynaganimiz haqida eslashsa, men juda xursand bo‘lardim».
Mavzuga oid
19:35 / 23.12.2024
«Siti»dagi inqiroz. Nimalar bo‘lmoqda va nima qilish kerak?
12:02 / 22.12.2024
«Barsa»da inqiroz, «Siti»da antirekord. Kun o‘yinlari
12:24 / 16.12.2024
«Barsa» yana autsayderga yutqazdi, «Siti» kambek qurboni. Kun o‘yinlari
11:17 / 12.12.2024