Sport | 10:26 / 10.12.2018
18915
2 daqiqa o‘qiladi

Lyov: «Bir sabab bilan O‘zildan ko‘nglim qoldi»

Foto: DPA

Germaniya terma jamoasi bosh murabbiyi Yoaxim Lyov «Arsenal» a'zosi Mesut O‘zil bilan munosabati haqida gapirib o‘tdi.

Eslatib o‘tamiz, Lyov sentabr oyi oxirida «to‘pchilar» bazasiga borgan, ammo O‘zil bilan ko‘risha olmay qaytgandi.

«Men «Arsenal» bazasiga borganimda Mesut mashg‘ulotda yo‘q edi. U hozir biz bilan muloqot qilishni istamayotganini tushunishimiz kerak. Buning sababini men bilmayman.

Bir narsadan juda xafsalam pir bo‘ldi: u o‘z qarori haqida meni shaxsan xabardor qilgani yo‘q. O‘zildan hech qanday xat-xabar olmadim.

Hammasi boshqacha bo‘lishini istagan bo‘lardim, ammo nailoj», - degan Lyovning so‘zlarini keltirdi ZDF.

Eslatib o‘tamiz, JCh-2018 boshlanishidan oldin O‘zil Turkiya prezidenti Rajab Toyyip Erdo‘g‘an bilan uchrashib, suratga tushgan va bu Germaniyada katta shov-shuv keltirib chiqargan edi. Xususan, Germaniya futbol uyushmasi rahbariyati va mamlakatning qator ommaviy axborot vositalari bu holatga salbiy munosabatda bo‘lishdi. Mundialdagi muvaffaqiyatsizlikdan so‘ng O‘zil unga o‘z yurtida irqchilik kayfiyatida munosabat bildirilayotgani sababli terma jamoadagi faoliyatini yakunlaganini e'lon qildi.

Mavzuga oid