Jahon | 23:46 / 10.12.2018
11345
2 daqiqa o‘qiladi

Stokholmda Nobel mukofotlari o‘z egalariga topshirildi

Foto: AFP 2018 / Jonathan Nackstrand

Shvetsiya poytaxti Stokholmda 2018 yil uchun Nobel mukofoti sovrindorlari taqdirlandi. Stokholm Kontsert zalida o‘tgan marosimda tibbiyot va fiziologiya, fizika, kimyo, iqtisodiyot yo‘nalishlari bo‘yicha Nobel mukofotlari o‘z egalariga topshirildi.

Shvetsiya qiroli Karl XVI Gustav qo‘lidan sovrindor diplomi va medallarini tibbiyot va fiziologiya yo‘nalishi bo‘yicha Jyeyms Allison (AQSh) va Tasuku Xondzyo (Yaponiya), fizika yo‘nalishi bo‘yicha Artur Eshkin (AQSh), Jyerar Muru (AQSh/Fransiya) va Donna Strikland (Kanada) olgan. Marosimga sog‘lig‘i tufayli kelolmagan Artur Eshkin o‘rniga mukofotni uning o‘g‘li, professor Maykl Eshkin olgan.

Kimyo bo‘yicha mukofot Frensis Arnold (AQSh), Jorj Smit (AQSh) va Gregori Vinterga (Buyuk Britaniya), iqtisodiyot bo‘yicha esa AQShda ishlovchi professorlar Vilyam Nordxaus va Pol Romerga topshirilgan.

Joriy yilda har bir yo‘nalish bo‘yicha mukofot puli 9 mln shved kronini (1 mln dollar) tashkil qildi.

Marosimga 1500 dan ko‘proq odam – sovrindorlar oilalari, shvetsiyalik siyosatchilar, madaniyat, fan va talabalar tashkilotlari vakillari tashrif buyurgan. Sovrindorlar sharafiga tantanalar shahar ratushasida davom etib, bu yerdagi Moviy zalda Nobel bazmi tashkil etiladi. Banketdan keyin esa raqslar e'lon qilinadi. 

Mavzuga oid