Fan-texnika | 09:35 / 13.12.2018
24060
3 daqiqa o‘qiladi

2018 yilning eng xavfsiz avtomobillari ma'lum qilindi  

Foto: Hyundai

Yevropaning Euro NCAP tashkiloti krash-testlar natijalariga ko‘ra 2018 yilning eng xavfsiz avtomobillarini aniqlab oldi. Eng yaxshi modellar 4 ta asosiy yo‘nalish bo‘yicha tanlab olindi.  

“Katta o‘lchamli oilaviy avtomobil” yo‘nalishida yangi avloddagi Lexus ES sedani eng xavfsiz mashina deb topildi. Mutaxassislar bu avtomobilni oktabrda krash-testdan o‘tkazishgan. Sedanning haydovchi va yo‘lovchilar himoyalangani darajasi 91 foizga, bolalarning himoyalangani 81 foizga, yo‘lovchilar va velosipedchilar himoyalangani 90 foizga baholangan, yordamchi tizimlari 77 foizga ishlagan. Krash-testlar ushbu mashinaning orqa o‘rindig‘ida o‘tirgan yo‘lovchilar old urilishda bel sohasida jiddiy jarohatlar olishi mumkinligini ko‘rsatgan. Avtomobilning elektron tizimlari, jumladan favqulodda tormozlash o‘zini yaxshi ko‘rsatgan. Avtomobil, shuningdek, “Gibrid va elektrokarlar” yo‘nalishida ham eng yaxshi deb topilgan.

Mercedes-Benz A-Class xetchbegi “Kichik o‘lchamli oilaviy avtomobil” yo‘nalishida g‘olib bo‘ldi. Yangi model krash-testlarning barcha turlaridan deyarli tanqidsizlar o‘tgan. Biroq shunga qaramay, mutaxassislar ko‘rinmaydigan hududlar funksiyasi ishidagi kamchiliklar sababli avtomobilning polosada ushlash tizimi past samaradorlikka egaligini qayd qilishgan. Avtomobilning haydovchilar va katta yo‘lovchilar himoyasi 96 foizga, bolalarniki 91 foizga, piyoda va velosipedchilarniki 92 foizga, elektron tizimlar ishlashi 75 foizga ishlashi qayd qilingan.  

Euro NCAP mutaxassislari eng xavfsiz katta o‘lchamli krossover sifatida Hyundai Nexo modelini e'tirof etishdi. Krash-testlar natijalariga ko‘ra mutaxassislar haydovchi oyoqlari old urilishda kam himoyalangani hamda orqadan urilishda jiddiy kesik jarohatlari olish mumkinligini qayd qilishgan. Avtomobilning haydovchilar va katta yo‘lovchilar himoyasi 94 foizga, bolalarniki 87 foizga, piyoda va velosipedchilarniki 67 foizga, elektron tizimlar samaradorligi 80 foizga baholangan.  

“2018 yilda Euro NCAP avtonom boshqaruv funksiyasini ilk bor sinovdan o‘tkazdi. Sinovlarimiz ayni vaqtda haydovchilar to‘qnash kelayotgan bir qator muammolarni aniqlashga yordam berdi. Ha, bu tizimlar xavfsiz va qulay, biroq ularning to‘liq avtomatlashuviga hali ancha bor. Biz ushbu texnologiyaning kelgusida rivojlanishi ortidan kuzatib boramiz”, deb aytgan Euro NCAP’ning bosh kotibi Mixil van Ratingen.

Tashkilotda ta'kidlanishicha, turli toifadagi mashinalarni o‘zaro taqqoslab bo‘lmaydi, shu sababli “O‘z sinfidagi eng yaxshisi” nomi muayyan toifadagi avtomobillar ichidan eng yaxshisini tanlab olishga imkon beradi. Reyting ballari olish talablar tobora kuchaytirilayotgani sababli yil sayin qiyinlashib borayotgani tufayli reyting bir yilda bir marta tuzilmoqda.

Ta'kidlash joizki, elektr va gibrid avtomobillar toifasidagi unvon joriy yilda ilk bor berildi.

Mavzuga oid