Sport | 11:10 / 17.12.2018
10480
2 daqiqa o‘qiladi

19 yoshli sardor Yevropaning eng yaxshi yosh futbolchisi bo‘ldi

Foto: EPA

«Ayaks» himoyachisi Matteys de Ligt «Golden Boy» sovrini sohibi bo‘ldi.

Niderlandiyalik iste'dod egasi so‘rovnomada «Liverpul» himoyachisi Trent Aleksandr-Arnold, «Milan» hujumchisi Patrik Kutrone, «Roma» yarimhimoyachisi Jastin Klyuyvert va «Real» yarimhimoyachisi Vinisius Juniordan ko‘proq ovoz to‘plashga muvaffaq bo‘lgan.

19 yoshli de Ligt 2016 yilda «Ayaks»da debyut qilgan. Jamoa sardori hisoblanuvchi futbolchi Erediviziyaning ushbu mavsumida 15ta o‘yinda qatnashib, 2+1 mahsuldorlik natijasiga erishdi. Matteysga «Barselona» klubi jiddiy qiziqayotgani haqida xabarlar bor.

De Ligt sovrinni bugun Turinda qabul qilib oladi.

Ma'lumot uchun, «Golden Boy» Yevropa chempionatlarida to‘p suruvchi 21 yoshgacha bo‘lgan futbolchilarga topshiriladi. Sovrin Italiyaning Tuttosport gazetasi tomonidan 2003 yilda ta'sis etilgan bo‘lib, g‘olib The Times (Angliya), France Football (Fransiya), Mundo Deportivo (Ispaniya), Bild (Germaniya), A Bola (Portugaliya) kabi nashrlarda faoliyat yurituvchi jurnalistlar bergan ovozlarga ko‘ra aniqlanadi.

Bu safargi ovoz berish jarayonida turli mamlakatlardan bo‘lgan 30dan ziyod jurnalistlar ishtirok etgan. 

Mukofot 2017 yilda «PSJ» hujumchisi Kilian Mbappega topshirilgan edi.

Mavzuga oid