O‘zbekiston | 17:50 / 20.12.2018
11033
2 daqiqa o‘qiladi

Toshkent davlat stomatologiya institutida uchta xalqaro fakultet ochildi

Foto: Sog‘liqni saqlash vazirligi axborot xizmati

Toshkent davlat stomatologiya instituti delegatsiyasining Rossiya federatsiyasiga tashrifi doirasida Orenburg davlat tibbiyot universiteti bilan hamkorlik dasturiga asosan, “klinik-psixologiya” yo‘nalishida yangi fakultet ochilmoqda. Mazkur fakultetga 2019-2020 o‘quv yilidan talabalar qabul qilinadi. Bu haqda Sog‘liqni saqlash vazirligi axborot xizmati xabar berdi.

Mazkur institut ayni paytda xorijiy mamlakatlarning ellikka yaqin nufuzli oliy ta'lim muassasalari va kompaniyalari bilan o‘zaro hamkorlik bo‘yicha memorandum imzolashga erishdi. 2018 yil davomida 50 nafardan ortiq talaba va 20 nafardan ziyod professor-o‘qituvchilar xorijda uzoq muddatli malaka oshirdilar.

Ushbu hamkorlik dasturlari natijasida 2018-2019 o‘quv yilidan Italiyaning Turin universiteti bilan “biotibbiy muhandislik” va Moskva Davlat tibbiyot stomatologiya universiteti bilan “stomatologiya” fakultetlari tashkil etildi.

Bugungi kunda 2200 nafardan ko‘proq talaba tahsil olayotgan mazkur oliy ta'lim muassasasida ta'lim jarayoniga ilg‘or pedagogik texnologiyalar, o‘quv dasturlarini keng joriy qilish, magistrant, yosh o‘qituvchi va ilmiy xodimlarning xorijiy ta'lim va ilmiy muassasalarda amaliyot o‘tashini, professor-o‘qituvchilarning malakasini oshirishni tashkil qilish bo‘yicha qator loyihalar amalga oshirilmoqda. 

Mavzuga oid