Jahon | 01:23 / 23.01.2019
10792
2 daqiqa o‘qiladi

Bosfor bo‘g‘ozida tankerlardan iborat uzun navbat yuzaga keldi

Foto: Osman Orsal / Reuters

Rossiya va Qozog‘iston neftini Qora dengiz portlaridan tashuvchi tankerlar Bosfor va Dardanella bo‘g‘ozlari orqali o‘tish uchun navbatda turibdi. Bu esa O‘rta yer dengizi mintaqasidagi neftni qayta ishlovchi zavodlarga millionlab barrel neft yetkazilishini tormozlab qo‘ydi. Bu haqda Bloomberg axborot agentligi xabar berdi. 

Agentlik ma'lumotlariga ko‘ra, Turkiya tomonidan bo‘g‘ozlar orqali kemalar o‘tishi bo‘yicha 2018 yil sentyabrda kiritilgan yangi qoidalar sababli 39 mln barrel neft yetkazilishi to‘xtab qolgan.    

O‘zgarishlar ko‘p sondagi kemalarning shatakchi kemalar kuzatib borishini ko‘zda tutadi. Shuningdek, bo‘g‘ozlardagi kemachilikka yomon ob-havo ham ta'sir ko‘rsatgan. Tankerlar Qora dengiz akvatoriyasini tark etish uchun 13 kunlab kutishiga to‘g‘ri kelmoqda, ortga qaytishda esa bu vaqt 15 kunni olmoqda. Bunday uzun navbatlar 2014 yildan beri ilk bor kuzatilmoqda. 

Agar yetkazishdagi to‘xtashlar davom etsa yoki yanada kuchaysa, O‘rta yer dengizi mintaqasidagi neftni qayta ishlash zavodlari tez orada neft yetkazilishidagi uzilishlar oqibatlarini his qila boshlaydi, deb aytgan Facs Global Energy konsalting kompaniyasi direktori Jyeyms Devis. 

Mavzuga oid