O‘zbekiston | 18:30 / 29.01.2019
53966
6 daqiqa o‘qiladi

Toshkentda xorijga chiqish pasportlarini berish bilan bog‘liq ahvol qanday?

Foto: KUN.UZ

2019 yil 1 yanvaridan boshlab O‘zbekistonda xorijga chiqish uchun 2 yillik OVIR stikerlari berish to‘xtatildi. Buning o‘rniga fuqarolarga qulayliklar taqdim etish hamda ovoragarchiliklarga barham berish, dunyo tajribasini O‘zbekistonda ham qo‘llash maqsadida xorijga chiqish pasporti joriy qilindi. Mamlakatning o‘zida esa, bosqichma-bosqich fuqaro shaxsini tasdiqlovchi ID-kartalar tizimiga o‘tish belgilandi.

Kun.uz sayti respublika IIV tizimidagi Migratsiya va Fuqarolikni rasmiylashtirish boshqarma hamda bo‘limlarida yangi xorijga chiqish pasportini berish bilan bog‘liq holat qaydarajada yo‘lga qo‘yilgani, fuqarolarga bu borada ko‘rsatilayotgan xizmatlar sifatini o‘rganishga qaror qildi. Dastlabki o‘rganishlarimiz Toshkent shahridan boshlandi. 

Qayd etish o‘rinliki, Toshkent shahrining 11 tumanida faoliyat yurituvchi MvaFRBlarida yangi namunadagi xorijga chiqish pasportlarini rasmiylashtirish hamda 10 kundan keyin uni olish mumkin. Dastavval, poytaxtning Olmazor tumani MvaFRB faoliyati bilan tanishdik. 

Yangi ta'mirdan chiqqan binoga kirishingiz bilan ishchanlik muhiti ko‘zga tashlanadi. Fuqarolarga tartib bilan xizmat ko‘rsatilmoqda. Tuman MvaFRB boshlig‘i o‘rinbosari ma'lumot berish nuqtasida navbatda, fuqarolarni qiziqtirgan savollarga javob berish, anketalarga imzo shu joyning o‘zida amalga oshirilmoqda. Bizga ma'lum qilishlaricha, bunday amaliyot shaharning barcha tumanlarida tizimli ravishda yo‘lga qo‘yilgan. 

Binoda fuqarolar uchun yanada qulayliklar taqdim etish maqsadida uqalash o‘rindiqlari, ichimlik va shirinliklar sotiladigan qurilmalar o‘rnatilgan. Yosh bolalilarning farzandlari uchun maxsus o‘yin maydonchalari tashkil etilgan. To‘lovlarni joyida amalga oshirish uchun bank shoxobchalari xizmat ko‘rsatmoqda. 

Video: TasIX

Video: Youtube

Shaharning Uchtepa, Mirobod, Yakkasaroy tumani hamda Toshkent shahar MvaFRBda bo‘lib, barcha bo‘limlarda birdek sharoit barpo etilgani, bir xil namuna va tizimda ish olib borilayotganini ta'kidlash o‘rinli. Biz xorijga chiqish pasportining afzalliklari, uning qiymatiga doir ayrim savollar bilan Toshkent shahar IIBB MvaFRB bo‘lim boshlig‘i Sanjar Qosimovga murojaat qildik.  

Toshkent shahar IIBB MvaFRB bo‘lim boshlig‘i, podpolkovnik Sanjar Qosimov

«Toshkent shahar IIBB Migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish boshqarmasi hamda uning joylardagi tizimlarida fuqarolarga qulayliklar yaratish va ularni zamon talablariga mos ravishda qabul qilish, xizmat ko‘rsatish maqsadida chet elga chiqish uchun xorijga chiqish pasportlari joriy qilindi. Shaharning o‘zida 12ta ma'lumotlarni yig‘ish punkti tashkil etilib, hozirgacha 14 mingga yaqin fuqarolardan chet elga chiqish pasportini berishga doir arizalar qabul qilindi», - deya ma'lum qildi Sanjar Qosimov Kun.uz muxbiriga. 

Uning so‘zlariga ko‘ra, fuqarolarga xizmat ko‘rsatishda uzoq navbatda turib qolishlarning oldini olish maqsadida navbat talonlari joriy qilingan. Bunda pasport olish uchun murojaat qilgan fuqaroga qachon, qaysi vaqtda kelishiga doir navbat taloni beriladi. Bundan tashqari, homilador, yosh bolali, nogiron va keksa fuqarolar navbatsiz qabul qilinishi ham yo‘lga qo‘yilgan. 

Qosimov, shuningdek, yangi xorijga chiqish pasporti afzalliklari xususida so‘z yuritar ekan, pasport jami 48 betdan iboratligi, unda biometrik ma'lumotlar jamlanishini bildirdi. Bundan tashqari, pasport sahifalariga O‘zbekistonning tarixiy va zamonaviy arxitekturasi namunalarining suratlari tushirilgan. 

Shu bilan birga, Qosimov pasportga belgilangan to‘lov xususida fikr bildirib, avvalgi holatda, fuqaro har ikki yilda xorijga chiqish stikerini olishga to‘g‘ri kelgani sababli, har safar eng kam oylik ish haqining 50 foizi miqdorida boj to‘lagan. 10 yil mobaynida 5 marta stiker olishi hisobga olinsa, fuqaro to‘laydigan boj 2,5 baravarni tashkil etadi.

Eslatib o‘tamiz, xorijga chiqish pasportini olish uchun to‘lanadigan davlat boji eng kam ish haqining 120 foizini tashkil qiladi (243 276 so‘m). 16 yoshga to‘lmagan shaxslarga xorijga chiqish pasportini berish uchun to‘lanadigan davlat boji eng kam ish haqining 80 foizini tashkil qiladi (162 184 so‘m).

O‘zbekiston Respublikasida doimiy yashaydigan fuqaroligi yo‘q shaxslarga, shuningdek, 16 yoshga to‘lmagan shaxslarga xorijga chiqish pasportini berish uchun to‘lanadigan davlat boji eng kam ish haqining 100 foizini tashkil qiladi (202 730 so‘m).

Yangi pasport to‘q qizil rangda va 48ta sahifadan iborat. Uni olish uchun fuqarolar yashash joyidagi ichki ishlar bo‘limiga murojaat qilishi, ish joyi, o‘qish joyi yoki mahalliy boshqaruv idoralari tomonidan tasdiqlanadigan anketa-arizani topshirishi lozim bo‘ladi. Shuningdek, 3,5x4,5 sm o‘lchamdagi fotosurat, pasport nusxasi, harbiy bo‘limdan ma'lumotnoma (harbiy xizmatga majburlar uchun) ham taqdim qilinadi. Pasport 10 yil muddatga beriladi. 

Respublika viloyatlar markazlaridagi MvaFRBning fuqarolarga ko‘rsatayotgan xizmatiga doir turkum maqolalar tez orada Kun.uz saytida e'lon qilinadi.

Mavzuga oid