Sport | 21:20 / 06.02.2019
7380
2 daqiqa o‘qiladi

«Nant» aviahalokatda nobud bo‘lgan futbolchi uchun «Kardiff»dan pul so‘ramoqda

«Nant» klubi «Kardiff» rahbariyatiga murojaat qilib, hujumchi Emiliano Sala transferi uchun 15 million funt to‘lashni talab qilmoqda, deb yozadi BBC.

Avvalroq, argentinalik futbolchi yangi jamoasi qarorgohiga yo‘l olganida, aviahalokat natijasida qurbon bo‘lgan va uning samolyoti dengiz tubidan topilgan edi.

Shunday bo‘lsa-da, fransiyaliklar «Kardiff»dan shartnomaga amal qilishni va 10 kun ichida transfer qiymatini to‘lashni talab qilishgan. Aks holda, sud orqali o‘z huquqlari uchun kurashmoqchi ekanini ma'lum qilishgan.

«Kardiff»dagi manbaning so‘zlariga ko‘ra, klub shartnoma bandlarini bajarishdan bo‘yin tovlamoqchi emas. Bundan tashqari, futbolchining jasadi hali dengiz tubidan ko‘tarilmagan va dafn qilinmagan bo‘lsa-da, «Nant» klubining pul talab qilishidan taajjubda ekanini bildirishgan.

Eslatib o‘tamiz, 21 yanvar kuni kechqurun Emiliano Sala Fransiyaning «Nant» klubidagi jamoadoshlari bilan xayrlashib, «Kardiff» klubi qarorgohiga xususiy samolyotda uchib ketgan edi. Biroq, samolyot ko‘zlangan manzilga yetib kelishidan 1 soat oldin radarlardan yo‘qolib qoldi. Bundan biroz avvalroq, futbolchi WhatsApp’dagi chatga «hozir samolyot parchalanib ketsa kerak», degan xabarni jo‘natishga ulgurgan edi. Samolyot qoldiqlari 3 fevral kuni dengiz ostidan topildi. Uni izlash ishlariga xayriya asosida katta miqdorda mablag‘ to‘plandi.

Dastlabki ma'lumotlarga ko‘ra, samolyot noqulay ob-havo sharoiti tufayli, halokatga uchragan bo‘lishi mumkin.

Mavzuga oid