Jahon | 17:43 / 06.02.2019
84566
4 daqiqa o‘qiladi

Qaysi davlatda atom bombasi eng ko‘p?

Atom bombasi yoki yadro quroli insoniyat yaratgan eng shafqatsiz, eng qirg‘inbarot vosita bo‘lib, hozirda Yer shari aholisini butunlay qirib tashlashga qodir bunday qurollar o‘z imkoniyatini kutib yotibdi. 

2019 yilni dunyo hamjamiyati yangi va nihoyatda jiddiy xavotir bilan kutib oldi. Chunki, AQSh va Rossiyaning bir birlarini ayblagan holda o‘rta va kichik masofadagi raketalarni yo‘q qilish to‘g‘risidagi bitimdan chiqishlari qurollanish poygasi yangi bosqichga kirganini anglatadi.

Dunyoning 9 davlatida yadro quroli mavjudligi aniq yoki qisman tasdig‘ini topgan. Bular AQSh, Rossiya, Buyuk Britaniya, Fransiya, Xitoy, Hindiston, Pokiston, Isroil (rasman tan olinmagan, lekin katta ehtimol bilan bu mamlakatda shunday qurol bor) va KXDR. Shu bilan birga, Yaponiya va Janubiy Koreyada ham AQSh atom bombalari joylashtirilgani to‘g‘risida ma'lumotlar mavjud, ammo bu ma'lumotlar rad etiladi.

Isroil atom bombasiga ega ekanligini tan olmagan. Biroq sobiq bosh vazir Golda Meir bu borada shunday degan: «Birinchidan – bizda atom bombasi yo‘q, ikkinchidan – agar zarurat bo‘lsa, biz atom bombasini qo‘llaymiz».

Jahonning 5 davlati – AQSh, Rossiya (muqaddam SSSR), Buyuk Britaniya, Fransiya, Xitoy rasman yadro klubiga a'zo deb e'tirof etiladi. Sababi, yadro quroli tarqalishini cheklash bo‘yicha maxsus kelishuvga ko‘ra 1967 yilning 1 yanvariga qadar yadro qurolini sinovdan o‘tkazgan davlatlargina bu klubga a'zo bo‘lganlar va endilikda keyingi qo‘shilganlarning maqomi noqonuniy hisoblanadi.

Shunga qaramay, KXDR yadro tizimini muntazam takomillashtirib bormoqda, shuningdek yetakchi davlatlar Eronni ham atom ishqidan voz kechmay, yashirin ravishda bunday qurolga ega bo‘lishga intilishda ayblashadi.

Ma'lumot uchun: atom bombasi va yadro qurolining farqi nimada?

Bu savolga qisqa javob berish qiyin, har ikkisining o‘xshash jihatlari ko‘p bo‘lsada, ayrim farqlari bor. Atom bombasi portlashida atom yadrosi bo‘linishi natijasida nihoyatda katta energiya ajralib chiqadi. Vodorod bombasida esa yengil elementlarning yadro sintezi reaksiyasi natijasidagi og‘ir elementlar hosil bo‘lishi va buning natijasida ham ulkan energiya ajralib chiqishi yotadi. Termoyadro bombalari atom bombasiga nisbatan kuchliroq hisoblansada, zamonaviy bombalar ko‘p hollarda har ikki uslub kombinatsiyalashuvidan hosil qilinadi.

Xo‘sh, bugungi kunda qaysi davlatlarda atom bombasi (yadro quroli) ko‘p?

Bir necha tashkilotlar tomonidan tasdiqlangan so‘nggi ma'lumotlarga qaraganda, bugungi kunda yadro quroli soni bo‘yicha yetakchi Rossiya hisoblanadi. Bu davlat tasarrufida 8500 yadro kallakli raketalar shay turibdi. AQShda esa 7700ta bunday qurol mavjud. Fransiyada 300, Xitoyda 250, Buyuk Britaniyada 225ta yadro kallaklari mavjud.

Hindistonda 90-110ta, Pokistonda 120ta yadro quroli borligi tasdiqlangan bo‘lsa, Isroilda 80ta, KXDRda 10ta yadro qurolli kallaklar tayyorlangani taxmin qilinadi.

Ma'lumot uchun: 1954-1961 yillar davomida sobiq SSSRda nihoyatda qudratli qurol ustida tadqiqot olib borildi. 1961 yilning 30 oktyabrida Novaya Zemlya poligonida trotil ekvivalentida 58,6 megatonnali «Shoh bomba» deb atalgan termoyadro bombasi sinovdan o‘tkazildi. Portlash qudrati shu darajada ediki, uning to‘lqini Yer sharini uch marta aylanib chiqdi, episentrdan 700 km radiusda birorta tirik jon qolmadi.

Bu keyinchalik dunyodagi jami atom qurollarining 90 foiziga egalik qilgan ikki davlat - AQSh va SSSR (keyinchalik Rossiya) o‘rtasidagi qurollanish poygasi qay darajada kechganining yorqin misoli bo‘la oladi.

Abror Zohidov tayyorladi

Mavzuga oid