Sport | 14:41 / 07.02.2019
9862
2 daqiqa o‘qiladi

Karlush Keyrush Kolumbiya terma jamoasi bosh murabbiyi etib tayinlandi

Foto: REUTERS

Portugaliyalik mutaxassis Karlush Keyrush Kolumbiya terma jamoasi bosh murabbiyi etib tayinlandi. Bu haqda Kolumbiya futbol federatsiyasi rasman ma'lum qildi.

65 yoshli mutaxassis 8 yildan buyon Eron termasini boshqarib kelayotgan edi. Uning qo‘l ostida forslar JCh-2018da ishtirok etib, to‘rt ochko to‘plagan holda guruhda uchinchi o‘rinni olishdi. Shundan so‘ng Keyrushning shartnoma muddati yakuniga yetgan, ammo u og‘zaki kelishuv asosida Osiyo Kubogiga qadar ishlashda davom etishi aytilgan edi. O‘tgan hafta BAAda yakuniga yetgan qit'a birinchiligi yarim finalida Eron Yaponiyaga imkoniyatni boy bergach, murabbiy lavozimini tark etdi.

Keyrush bunga qadar Portugaliya va BAA terma jamoalarini ham boshqargan; «Real»da bosh murabbiy, «Manchester Yunayted»da assistent sifatida ishlagan.

Kolumbiya terma jamoasini 2012 yildan 2018 yilga qadar Xose Pekerman boshqarib kelgan. Jamoa uning qo‘l ostida 2016 yilgi Amerika Kubogida bronza medalini olgandi. Argentinalik mutaxassis Kolumbiyani JCh-2018da guruhda birinchi o‘rin bilan pley-offga olib chiqqan, ammo nimchorak finalda Angliyaga penaltilar seriyasida imkoniyatni boy bergan edi.

Mavzuga oid