Jahon | 10:30 / 08.02.2019
101325
5 daqiqa o‘qiladi

Qaysi davlatning oltin zaxirasi ko‘p?

Foto: Flickr/Deutsche Bundesbank

Insoniyat azaldan oltinga ishqiboz bo‘lib kelgan va boylikning bu shaklini juda qadrlaydi. Davlatlar ham o‘z oltin zaxiralarini yaratishga va ko‘paytirishga intilishi bejizga emas. Chunki bu qimmatbaho metall iqtisodiy bo‘hronlarga chidamli, o‘z bahosini barqaror saqlay oladi.

Quyida 2018 yil ma'lumotlariga ko‘ra oltin zaxiralari hajmi bo‘yicha kuchli o‘nlikka kirgan davlatlar ro‘yxati keltiriladi.

10. Hindiston, 560,3 tonna

Bu davlatda oltinni juda yaxshi ko‘rishadi va aholi tomonidan katta miqdorda xarid qilinadi. Ayniqsa kuz-qish oylarida bo‘lib o‘tadigan to‘ylar mavsumida oltin bozori yanada qiziydi. Davlat ham bu metallga bee'tibor emas va katta zaxira to‘plab qo‘ygan.

9. Niderlandiya, 612,5 tonna

Golland markaziy banki o‘z oltinlarini Amsterdam shahridan Nyu-Amsterdamdagi yangi lagerga ko‘chirish orqali xavfsizlikni kuchaytirishni rejalashtirgan. Bunga yetarli sabablar bor – Niderlandiya o‘zi kichik davlat bo‘lsa-da, oltin zaxirasi bilan ko‘pchilikning havasini keltira oladi.

8. Yaponiya, 765,2 tonna

Iqtisodi jihatdan kuchli uchlikda bo‘lgan bu davlat oltin saqlash bo‘yicha ham yetakchilardan biri hisoblanadi. Bu davlat aholisining o‘ziga xos jihati davlatga zarurat tug‘ilganda odamlar o‘z oltinlarini berishga tayyor turishadi.

7. Shveytsariya, 1,040 tonna

Ikkinchi jahon urushi davrida betaraflik siyosatini qo‘llagan bu davlat o‘sha yillarda oltin savdosining markaziga aylanishga muvaffaq bo‘lgandi. Bugungi kunga kelib bu savdolar asosan Osiyoga, xususan Hongkong va Xitoyga ko‘chdi.

6. Xitoy, 1,842 tonna

Yaqin-yaqingacha Xitoy o‘zining oltin zaxiralari bo‘yicha ma'lumotlarni oshkor qilmasdi, ammo so‘nggi yillarda shaffoflik siyosati qo‘llanilmoqda. Bu davlat iqtisodiga nisbatan oltin zaxirasi kam tuyiladi. Bu to‘g‘ri, Xitoy o‘zining umumiy zaxirasining 2,5 foizinigina oltin shaklida saqlaydi, qolgan zaxiralar xorijiy valuta va qimmatli qog‘ozlar ko‘rinishida.

5. Rossiya, 1,910 tonna

Oxirgi 7 yil davomida Rossiya markaziy banki eng yirik xaridorlardan biri bo‘lib keldi. Bunga sabab bor edi albatta. Doimiy sanksiyalar natijasida Rossiya zaxirani oshirishga majbur edi va shu yo‘l bilan o‘z iqtisodi hamda valutasi barqarorligini ta'minlashga urindi.

4. Italiya, 2,400 tonna

Yevropa markaziy banki rahbari, shu davlat vakili bo‘lgan Mario Dragi oltin eng ishonchli zaxira vositalari ekanligini ko‘p bora ta'kidlagan. Italyanlar o‘z hamyurtlarining tavsiyalariga amal qilgan holda nafaqat qit'ada, balki dunyoda ham oltin saqlash bo‘yicha yetakchilardan biridir.

3. Fransiya, 2,436 tonna

Fransiya markaziy banki so‘nggi yillarda oltin olishga nisbatan ko‘proq sotmoqda. Ammo shunga qaramay bu davlat zaxirasi juda ulkan. Chunki azaldan iqtisodiy baquvvat bo‘lgan Fransiya xazinani boyitishga alohida e'tibor qaratgan.

2. Germaniya, 3,3 ming tonna

Germaniya o‘z oltinining salmoqli qismini Fransiya va AQShda saqlardi. Ammo 2013 yildan boshlab ularni o‘ziga qaytarish dasturini olib bordi va 675 tonna oltin Germaniyaga qaytarildi. Oltin bahosi tushgan yoki ko‘tarilgan paytlarda ham Germaniya zaxirani ko‘paytirish harakatida bo‘ladi.

1. AQSh, 8,1 ming tonna

Bu davlatda jamlangan oltin miqdori keyingi uchlik davlatlarining oltinlari qo‘shilganidan ham ko‘proqdir. Bu qimmatbaho metallar Kentukkidagi Fort-Noks, Filadelfiya zaxiraxonasi, Denver va San-Fransisko depozitlarida saqlanadi.

AQSh oltinni nafaqat o‘z hududidan (asosan Alyaskadan) qazib olish, balki xorijdan ham faol sotib olib, zaxirani ko‘paytirish bilan shug‘ullanadi. Shuningdek, bu davlat banklari xorij oltinlarini saqlash hajmi bo‘yicha ham yetakchilik qilishadi.

Mavzuga oid: O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki ham so‘nggi yillarda oltin-valuta zaxiralari to‘g‘risidagi ma'lumotlarni e'lon qilib bormoqda.

2018 yilning dekabr oyida yalpi oltin-valuta zaxiralari 1,09 mlrd AQSh dollariga ortib, 27,08 mlrd dollarni tashkil qilgan.

2019 yil 1 yanvar holatiga ko‘ra sof oltin-valuta zaxiralari hajmi 26,3 mlrd AQSh dollarini tashkil etgan.

Abror Zohidov tayyorladi

Mavzuga oid