Sport | 12:00 / 21.02.2019
25456
7 daqiqa o‘qiladi

VAR Chempionlar ligasida: mojaro davom etmoqda

Foto: Angel Martinez/Getty Images

Chempionlar ligasining pley-off bosqichidan VAR (videotakrorlar) tizimi joriy etilgach, hakamlarning boshi g‘avg‘odan chiqmay qoldi. Bu yangilik katta mojaro bilan yakunlanishi aniqqa o‘xshamoqda.

«Atletiko» – «Yuventus» uchrashuvida ham bir necha bahsli holatlar kuzatildi. O‘yinning birinchi bo‘limida mezbonlar hujumchisi Diyego Kosta italiyaliklar jamoasi jarima maydoniga kirib borib yiqildi. Bu vaziyatda Matteo di Shilo bilan yakkakurashga kirishgan ispaniyalik hujumchi avvaliga hakamni penalti borligiga ishontira oldi.

Avvaliga 11 metrlik nuqtani ko‘rsatgan germaniyalik hakam Feliks Tsvayr videohakamlar ma'lumotidan keyin qarorini o‘zgartirdi va penalti o‘rniga jarima zarbasi belgiladi. Stadiondagi katta ekranda «fol yo‘q, penalti yo‘q» yozuvi porladi. To‘liq absurd! Di Shilo fol qilmagan bo‘lsa, unda jarima zarbasi qayerdan paydo bo‘ldi?

Eng qizig‘i takrorda «Yuventus» futbolchisi fol ishlatgani ko‘rinmaydi. Ko‘rinishidan, Diyego Kosta penalti ishlash maqsadida simulyatsiya qilgan. Bunday holatlarda hakam hujumchiga sariq kartochka ko‘rsatishi mumkin, Kosta esa bu vaqtgacha bir marta ogohlantirilgan va u ikkinchi kartochkadan keyin maydonni tark etishga majbur bo‘lardi. Vaziyatga yanada yaxshilab qaralsa esa, yiqilayotgan de Shiloning barmoqlari Kostaning oyog‘ini silab o‘tganini ko‘rish mumkin. Hakam esa videotakrorlarni ko‘rib chiqib, jarima maydoni tashqarisida fol bo‘lganini ko‘rsatdi.

Ikkinchi bo‘limda Tsvayyer yana bir bor videotakrorga murojaat etishiga to‘g‘ri keldi. «Atletiko» hujumchisi Alvaro Morata sobiq jamoasi darvozasiga bosh bilan gol urdi va bu gol hal qiluvchi golga aylanishi mumkin edi. Ammo hakam u zarba berishdan oldin raqib himoyachisi Jorjo Kellinini biroz turtganini hisobga olib, golni bekor qildi.

Eng qizig‘i, bir necha daqiqa o‘tib Tsvayyer madridliklarning bahsli golini inobatga oldi. Burchak zarbasi amalga oshirilgan vaqtda Xose Mariya Ximenes «Yuventus» himoyachisiga fol ishlatdi va bir necha soniya o‘tib to‘pni darvozaga yo‘lladi. Videotakrorlardan germaniyalik hakam esa shunchaki ortiq videotakrorga murojaat qilishni istamadi.

Bu o‘yinga parallel kechgan «Shalke» – «Manchester Siti» uchrashuvida ham bahsli vaziyatlar kuzatildi. Tanaffus arafasida, hisob mehmonlar foydasiga 1:0 bo‘lib turganida ispaniyalik hakam Karlos Del Serro Grande Angliya chempioni darvozasi tomon penalti belgiladi. Bu qarorga kelish uchun u qariyb to‘rt daqiqa sarfladi. Bu vaziyatda Daniyel Kalidjuri jarima maydoni tashqarisidan kuchli zarba yo‘llagan, to‘p esa Nikolas Otamendiga tegib, maydon tashqarisiga chiqib ketgandi. Avvaliga arbitr burchak zarbasini ko‘rsatdi, ammo nemislar klubi futbolchilari uni o‘rab olib, e'tirozlarini bildira ketishdi. Shundan keyin Grande videoarbitr bilan maslahatlashdi va qarorini o‘zgartirib, «nuqta»ni ko‘rsatdi. Ammo bu bilan epizod yakuniga yetmadi. Bir muddat pauza yuzaga keldi, hakam ikki jamoa sardorlarini chaqirib, ular bilan nimalarnidir muhokama qildi. Yakunda «Shalke» baribir 11 metrlik zarbani ijro etib, hisobni tenglashtirdi, hakam esa 4 daqiqa davomida o‘yinni to‘xtatib qo‘yib, o‘yin dinamikasini, tomoshaboplikni buzdi. Chindan ham, VAR har qanday klub uchun «qo‘shimcha kuzir» bo‘lib xizmat qilmoqda.

Bu suratda ko‘rish mumkinki, zarba yo‘lida turib qolgan argentinalik himoyachi imkon qadar qo‘lini tortishga uringan.

Qayd etish kerakki, Gelzenkirxendagi o‘yinda mehmonlarning birinchi goli urilgan vaziyatda ham «Shalke» futbolchilari golli hujum boshlanishidan oldin qoida buzilganini ro‘kach qilib, Grandedan videotakrorga murojaat qilishni so‘ragandi. Aftidan bu e'tirozlar ikkinchi vaziyatda penalti belgilanishiga sabab bo‘ldi.

YeChLdagi VAR bilan bog‘liq mojarolar «Ayaks» – «Real» o‘yinida boshlangandi. Endi bu mavzu uchinchi va to‘rtinchi o‘yinlardan keyin ham muhokama qilinmoqda. O‘zi Chempionlar ligasida va futbolda videotakrorlardan foydalanish to‘g‘ri qaror bo‘lganmidi?..

Mavzuga oid