Sport | 14:49 / 22.02.2019
14426
3 daqiqa o‘qiladi

Saken Polatov «Uzbek Tigers»ning WSB'da g‘olib chiqishiga ishonch bildirdi

Foto: Milliy olimpiya qo‘mitasi

Butunjahon boks seriyasi – WSB turnirining IX mavsumi oktabr oyida start oladi va unda «Uzbek Tigers» jamoasi ham ishtirok etadi, deb xabar bermoqda Milliy olimpiya qo‘mitasi.

O‘zbekiston boks federatsiyasi raisining birinchi o‘rinbosari Saken Polatovning so‘zlariga ko‘ra, «Uzbek Tigers» mazkur musobaqada g‘olib chiqish salohiyatiga ega.

«WSB musobaqasida ishtirok etadigan «Uzbek Tigers» jamoasi ma'muriyatining yangilanishi natijalarni yaxshilashga bo‘lgan mas'uliyatni oshiradi. Federatsiyaning birinchi galdagi vazifasi boksimiz muvaffaqiyatining davomiy bo‘lishini ta'minlashdir. WSB turniridagi muvaffaqiyatli ishtirok ham bizning asosiy yo‘nalishlarimizdan biri hisoblanadi.

«Uzbek Tigers» g‘alaba qozonishni biladi va buni isbotlay olgan jamoa. Ishonamizki, yaqin orada bokschilarimiz libosida WSB g‘oliblarining yulduzchasi paydo bo‘ladi. Xalqimizning jamoaga bo‘lgan ishonchi va mehri bokchilarimizning g‘alabasi uchun haqiqiy motivatsiya vazifasini bajaradi», – deydi Saken Polatov.

Foto: Milliy olimpiya qo‘mitasi

Jamoa bosh menejyeri Abdulloh Sagdiyev bokschilarning jangovar kayfiyatda ekanligini qayd etib o‘tgan.

«Jamoa va WSB turniridagi ishtirok men uchun O‘zbekiston boks federatsiyasidagi faoliyatimning mas'uliyatli vazifalaridan biri hisoblanadi. Biz bokschilarimizning g‘alaba qozona olishlarini va buning uchun ularda barcha narsa borligini bilamiz.

Vaqtni boy bermay, bugunoq tayyorgarlikka kirishishimiz lozim. Mavsum oktabr oyida boshlanadi. Yigitlar ayni paytda jangovar kayfiyatda. Muxlislarimizga rahmat. Shak-shubha yo‘qki, biz ishonchni oqlaymiz», – dedi Abdulloh Sagdiyev.

Foto: Milliy olimpiya qo‘mitasi

Ma'lumot uchun, «Uzbek Tigers» WSB`da 2016 yildan buyon qatnashib kelmoqda. Jamoa ilk mavsumida yarim finalga qadar yetib borib, keyingi yili chorak finalda to‘xtagan bo‘lsa, 2018 yilda chorak final bahslari bekor qilingani bois ishtirokini guruh bosqichida yakunladi.

Eslatib o‘tamiz, hafta boshida Kun.uz muxbiri bilan suhbatda bo‘lgan Milliy olimpiya qo‘mitasi prezidenti Umid Ahmadjonov «Uzbek Tigers» taqdiri va o‘zbekistonlik bokschilarning Tokio Olimpiadasiga tayyorgarligi haqida ma'lumot bergandi.

Mavzuga oid