O‘zbekiston | 11:45 / 28.02.2019
20444
9 daqiqa o‘qiladi

Dehqonchilik bo‘yicha dolzarb oylik e'lon qilindi

Aziz mirishkor dehqonlar va tomorqa yer egalari!

Yurtimizning barcha hududida mehnatidan baraka topayotgan tajribali dehqonlar ko‘pchilikni tashkil etadi. Tomorqa har bir oilaning bamisoli xazina manbai, mo‘'jaz go‘shasi. Ayni vaqtda mamlakatimizda 4,5 milliondan ortiq dehqon xo‘jaligi va tomorqa yer egalari 445 ming gektardan ziyod ekin maydonida mehnat qilmoqda.

Serhosil yerimiz, daromad olishga tomorqamiz bor ekan, doimo undan unumli foydalanish, xonadonlarimizni obod, yashash sharoitimizni namunali tarzga keltirish payida bo‘laylik. Bu kabi tartib-taomil asosida ulg‘aygan farzandlarimiz ham yaxshi yashashga intilib, o‘z kelajagi uchun astoydil harakat qiladi.

Dehqonchilikda bahorning bir kuni yilga tatiydi.

Bugungi kunda dehqonlarimiz va tomorqa yer egalarining oldida turgan birinchi galdagi vazifa o‘z hovlisi, tomorqalarini tartibga keltirish, yerga urug‘ qadashga tayyorgarlik ko‘rishdir. Buning uchun hovli, tomorqalardagi ekin ekiladigan maydonlarning ariqlari xas-hashaklardan tozalanishi, mevali daraxtlarning taglari yumshatilishi, turli zararkunandalardan himoya qilish maqsadida ularning tanasi oqlanishi kerak. Zero, obod mahalla obod xonadonlardan tashkil topadi.

Ikkinchidan, har bir tomorqa egasi tezda yerni ekishga tayyorlashi, kuzda shudgorlanmay qolgan yer bo‘lsa, ag‘darib, tekislab, mahalliy o‘g‘itga boyitib, ertangi sabzavot ekinlari, kartoshka, poliz ekinlari urug‘ini qadashga taxt qilib qo‘yishi, plyonka ostiga ekiladigan ekinlarni esa kechiktirmasdan ekishi zarur.

Uchinchidan, har bir xonadon egasi bir oy davomida tomorqasining har bir sotixi hisobida o‘rtacha 1 tupdan, bir tomorqada o‘rtacha 10 tup hududga mos bo‘lgan serdaromad va hosildor mevali daraxt ko‘chatlarini ekish tavsiya etiladi.

To‘rtinchidan, har bir dehqon tomorqa qo‘shimcha daromad manbai ekanini doimo yodda saqlagan holda, mavjud ekin maydonlaridan uch martagacha hosil olish uchun astoydil harakat qilishi, bu yerda har bir xonadonda 1-2 sotixli ixcham issiqxona qurish orqali ilg‘or dehqonlar tajriba maktabini o‘zlashtirishi zarur.

Beshinchidan, har bir xonadon egasining imkoniyati va layoqatiga qarab, 100 ta tovuq, 20 ta kurka, 10 ta qo‘y yoki echki, 2-3 quti asalari uyasi, tuyaqush va boshqa chorva mollarini boqish ham oila daromadini ko‘paytirishga xizmat qiladi.

Hurmatli mahalladoshlar!

Shuni alohida qayd etish joizki, qishloq xo‘jaligidagi islohotlardan ko‘zlangan maqsad — iqtisodiy foyda ko‘rish bilan birga, oziq-ovqat xavfsizligini ta'minlash, xalq farovonligini oshirishdan iboratdir. Shu sababli, 25 fevraldan mamlakatimizda dehqonchilik bo‘yicha dolzarb oylik, deb e'lon qilindi.

Xalqimizda “Yerni boqsang — yer ham seni boqadi”, degan purma'no hikmat bor. Zamin halollik, e'tiborni talab qiladi. Kim uni aldayman, desa, elni, o‘zini aldagan bo‘ladi. Qolaversa, Payg‘ambarimiz (s.a.v)ning “Kishining o‘z qo‘li bilan qilgan mehnati hamda har qanday shubhali va xiyonatdan xoli bo‘lgan savdo”, degan hadislariga amal qilib, fidoyi mehnat qilib, halol yo‘l bilan rizq-ro‘z topishimiz kerak!

Xonadonma-xonadon yurib, mahallada kam ta'minlangan oilalarning o‘z tomorqalarida dehqonchilik bilan shug‘ullanib, o‘zlarini tiklab olishiga baholi qudrat yordam beraylik. Mahalla millatimizning hamjihatligini mustahkamlaydigan, o‘zaro tajriba almashishni ta'minlaydigan noyob institut ekani mana shunday xayrli ishlarni tashkil etishda yaqqol namoyon bo‘ladi!     

Aziz mirishkor dehqonlar va tomorqa yer egalari!

Tomorqadan daromad olish ma'qulmi yoki uch karra soliq to‘lashmi?

– yakka tartibda uy-joy qurish va uy-joyni obodonlashtirish uchun berilgan yer uchastkalarining tomorqa qismida asossiz ravishda qishloq xo‘jaligi ekinlari ekmagan yoki uni obodonlashtirmagan yer egalariga nisbatan belgilangan yer solig‘i stavkasining uch barobar oshirilgan miqdori qo‘llaniladi;

– dehqon xo‘jaligi yuritish uchun uy-joy qurish huquqisiz berilgan yer uchastkalarida qishloq xo‘jaligi ekinlari ekmaganlarning unga bo‘lgan egalik huquqi qonun hujjatlarida belgilangan tartibda bekor qilinadi;

– ekin yerlaridan maqsadli va samarali foydalanib, ekin turlarini to‘liq ekkan, agrotexnika tadbirlarini o‘z vaqtida, sifatli bajargan, yilida kamida ikki yoki uch marta yuqori hosil olgan hamda tomorqani obodonlashtirgan, chorva mollari va parrandalarning bosh sonini saqlagan va ko‘paytirishga erishgan tomorqa yer egasiga yer solig‘i stavkasini pasaytiruvchi soliq imtiyozlari qo‘llaniladi.

Mamlakatimizda “Ilg‘or fermer”, “Mehnatkash dehqon” va “Namunali tomorqachi” kabi ko‘krak nishonlarining ta'sis etilishi ham dehqonlarimizning mehnatiga bo‘lgan e'tiborning yorqin dalilidir.

Darvoqe, Sizning o‘z tomorqangizda bandligingiz – kelajakda pensiya ta'minoti bo‘yicha ish staji bo‘lib hisoblanishi uchun ham ajoyib imkoniyat yaratilgan. Buning uchun dehqon xo‘jaligi va 4 sotixdan kam bo‘lmagan tomorqa yerida band bo‘lgan yoki ushbu uchastkada qoramol yoxud 50 tadan kam bo‘lmagan parranda parvarishlayotgan jismoniy shaxslar Moliya vazirligi huzuridagi Budjetdan tashqari pensiya jamg‘armasiga yiliga eng kam oylik ish haqining bir barobari miqdorida sug‘urta badali to‘lagan taqdirda, sug‘urta badali to‘langan yil mehnat stajiga kiritiladi.

Shuningdek, yengil konstruksiyali issiqxonalar o‘rnatish, urug‘liklar, ko‘chatlar va sug‘orish vositalari xarid qilish uchun “Tomorqa xizmati” MChJ, aholi bandligiga ko‘maklashish markazi hamda tomorqa yer egalari o‘rtasida tuzilgan uch tomonlama shartnomalar asosida eng kam oylik ish haqining 3 barobaridan 10 barobarigacha bo‘lgan miqdorda subsidiyalar beriladi.

Har bir tumanda tashkil etilgan “Tomorqa xizmati” MChJlar hududdagi tomorqa yerlaridan samarali foydalanish, bunda, tuproq-iqlim sharoiti va suv bilan ta'minlanganlik holatidan kelib chiqib qaysi turdagi ekinlarni ekish, parvarishlash, mahsulotni yig‘ib olish va uni sotish bo‘yicha amaliy yordamlar ko‘rsatadi.

Shuningdek, Kengash huzurida bir qator xizmatlar tashkil etilgan. Xususan, “Qishloq biznesi uchun maslahat xizmati” unitar korxonasi konsalting xizmatlari ko‘rsatsa, Agro axborot innovatsiya markazi fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalariga xorijiy davlatlarning qishloq xo‘jaligi sohasidagi ilg‘or tajribalarini joriy qilish bo‘yicha tavsiyalar beradi. Fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalarini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi esa Sizlarga uch yil muddatga, shu jumladan, 1 yilgacha imtiyozli davr bilan 2 foizlik bank marjasini hisobga olgan holda yillik 7 foiz stavkada kreditlar beradi.

Shijoatli, olijanob fermerlar!

Sizlarni tomorqangizda oilangiz ehtiyoji uchun mahsulot yetishtirish bilan birga, xo‘jaligingiz ishchilariga o‘z tomorqasida dehqonchilik qilishlari uchun ham ko‘mak berishga chaqiramiz. Sizning bu borada ko‘rsatgan g‘amxo‘rligingiz ularning kuchiga kuch, g‘ayratiga g‘ayrat qo‘shadi. Unutmang, fermer xo‘jaligi ishchilariga ko‘rsatilgan bunday e'tibor va g‘amxo‘rlik Siz kuzda oladigan mo‘l hosilga mustahkam poydevor vazifasini o‘taydi.         

Aziz yurtdoshlar, tomorqalarimizda sabzovot va poliz mahsulotlari, sarxil mevalar yetishtirib, xalqimiz dasturxonining to‘kin, hayotining farovonligini ta'minlash yo‘lidagi imkoniyatlarimizdan samarali foydalanaylik!

O‘zbekiston Fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari
kengashi hamda Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari
faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘yicha respublika kengashi

Mavzuga oid