O‘zbekiston | 10:25 / 05.03.2019
7825
4 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston qator xalqaro hujjatlarni ratifikatsiya qildi 

Foto: iStock

O‘zbekiston Respublikasi prezidenti “Xalqaro mehnat tashkilotining xalqaro mehnat normalari qo‘llanilishiga ko‘maklashish uchun uch tomonlama maslahatlashuvlar to‘g‘risidagi 144-sonli Konvensiyasini (Jyeneva, 1976 yil 21 iyun) ratifikatsiya qilish haqida”gi qonunni imzoladi. Bu haqda O‘zA xabar bermoqda.

Qonun Qonunchilik palatasi tomonidan 2019 yil 5 fevralda qabul qilingan, Senat tomonidan 2019 yil 28 fevralda ma'qullangan.

Hujjat bilan Xalqaro mehnat tashkilotining xalqaro mehnat normalari qo‘llanilishiga ko‘maklashish uchun uch tomonlama maslahatlashuvlar to‘g‘risidagi 144-sonli Konvensiyasi (Jyeneva, 1976 yil 21 iyun) ratifikatsiya qilindi.

Xalqaro mehnat tashkiloti (XMT)ning 144-sonli konvensiyasi tadbirkorlar va mehnat qiluvchilarning erkin, mustaqil tashkilotlar tashkil etishga bo‘lgan huquqlarini mustahkamlovchi XMT konvensiyalari, xususan, O‘zbekiston Respublikasi ratifikatsiya qilgan 87-sonli va 98-sonli konvensiyalar qoidalaridan kelib chiqadi. Uning maqsadi XMT faoliyatiga oid masalalar, jumladan, mazkur tashkilotning konvensiyalarini ratifikatsiya qilish va ularni qo‘llash maqsadida vakolatli davlat organi tomonidan ko‘rilgan chora-tadbirlar xususida mazkur organ tarafidan XMTga yillik ma'lumotlarni taqdim etish yuzasidan davlat hokimiyati organlari, tadbirkorlar hamda mehnat qiluvchilar vakillari o‘rtasida milliy darajadagi uch tomonlama maslahatlashuvlar samaradorligini ta'minlashdan iborat.

139 ta davlat, xususan, Armaniston, Belarus, Ozarboyjon, Rossiya, Tojikiston, Qirg‘iziston, Qozog‘iston kabi MDH mamlakatlari qo‘shilgan mazkur konvensiyaning ratifikatsiya qilinishi xalqaro mehnat standartlarini milliy qonun hujjatlariga joriy etishga, XMT va boshqa xalqaro tashkilotlar bilan aloqalarda O‘zbekistonning ijobiy imijini shakllantirishga ko‘maklashadi.

Shuningdek, prezident “Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi ishtirokchi davlatlarining Parlamentlararo Assambleyasi to‘g‘risidagi Konvensiyani (Minsk, 1995 yil 26 may) ratifikatsiya qilish haqida”gi qonunni imzoladi.

Qonun Qonunchilik palatasi tomonidan 2019 yil 22 fevralda qabul qilingan, Senat tomonidan 2019 yil 28 fevralda ma'qullangan.

Hujjat bilan Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi ishtirokchi davlatlarining Parlamentlararo Assambleyasi to‘g‘risidagi Konvensiya (Minsk, 1995 yil 26 may) quyidagi qo‘shimcha shart bilan ratifikatsiya qilindi:

“O‘zbekiston Respublikasi Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi ishtirokchi davlatlarining Parlamentlararo Assambleyasi faoliyatini moliyalashtirish uchun unda o‘z vakillarini ta'minlash uchun zarur bo‘lgan hajmlarda mablag‘ ajratadi”.

MDH Parlamentlararo Assambleyasi umumiy manfaatlarga taalluqli hujjatlarning loyihalarini qo‘rib chiqish va masalalarni muhokama qilish maqsadida 1992 yil 27 martdagi MDH ishtirokchi-davlatlarining Parlamentlararo Assambleyasi to‘g‘risidagi Kelishuviga muvofiq maslahat instituti sifatida tashkil etilgan.

MDH Parlamentlararo Assambleyasining mustaqil davlatlararo tashkilot sifatidagi maqomi 1995 yil 26 maydagi Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi ishtirokchi-davlatlarining Parlamentlararo Assambleyasi to‘g‘risidagi Konvensiyaga asosan MDH davlat rahbarlarining Minsk (Belarus Respublikasi) majlisida to‘liq belgilangan. 1996 yil 16 yanvardan kuchga kirgan mazkur konvensiyaga MDH ishtirokchi-davlatlarining barchasi a'zo hisoblanadi. MDH PA faoliyatida ishtirok etayotgan barcha davlatlar mazkur hujjatni ratifikatsiya qilgan.

O‘zbekistonning mazkur tuzilmada ishtirok etishi MDH ishtirokchi-davlatlarining milliy qonunchiligini yaqinlashtirishga qaratilgan hamkorligini yanada rivojlantiradi va uni muvaffaqiyatli amalga oshirish uchun tegishli mexanizmlarni yaratishga xizmat qiladi.

Mavzuga oid