O‘zbekiston | 14:35 / 07.03.2019
17359
2 daqiqa o‘qiladi

Markaziy Bank inkassatsiya xizmati faoliyatini erkinlashtirmoqda

Eng kam ish haqining 20 baravaridan kam bo‘lgan kunlik o‘rtacha naqd pul tushumiga ega xo‘jalik yurituvchi sub'yektlar naqd pul tushumini bank kassalariga inkassatsiya xizmatlari orqali o‘zlari belgilaydigan davrlarda yoki mustaqil ravishda topshirish huquqiga ega​ bo‘ldi. Bu haqda Prezident farmoniga tegishli o‘zgartirish, qo‘shimchalar kiritildi va hujjatdagi ayrim bandlar o‘z kuchini yo‘qotdi.

Eski tahrirda «barcha chakana savdo korxonalari, shuningdek, aholiga xizmat ko‘rsatuvchi korxonalar tushgan naqd mablag‘larni har kuni bank muassasalariga topshirishlari shart»ligi belgilangandi.

«Ushbu talabni buzish tushumni yashirish deb baholansin va aybdorlarga nisbatan amaldagi qonunlarga muvofiq jazo choralari qo‘llanilsin»,​ —​ deya ta'kidlangandi hujjatning eski tahririda.

Shuningdek, Prezident boshqa farmonida «ulgurji savdo korxonalariga o‘zining firma do‘konlari orqali naqd pulga mayda ulgurji va chakana savdoni amalga oshirishga nazorat-kassa mashinalaridan foydalanish va naqd tushumni belgilangan tartibda inkassatsiya qilish sharti bilan ruxsat» berilishi belgilangan bo‘lib, ​«inkassatsiya qilish» so‘zlaridan keyin «(banklarga topshirish)» so‘zlari bilan to‘ldirildi.

Xuddi shunday to‘ldirilish «Naqd pul muomalasini takomillashtirish va bankdan tashqari aylanmani qisqartirish borasidagi qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risidagi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori» hujjatida ham aks etadi. 

​Bundan avval, Kun.uz Markaziy Bank inkassatsiya xizmatlarini xususiy sektor bilan bo‘lishishga tayyorlan​ayotgani haqida yozgandi.

Mavzuga oid