Sport | 20:41 / 13.03.2019
19290
13 daqiqa o‘qiladi

«Chempion hikoyalari»: Federiko Bernardeski

Foto: Getty Images

«Yuventus»ning kechagi ajoyib g‘alabasi futbol olamida asosan bir nom - Krishtianu Ronaldu bilan bog‘landi. Portugaliyalik hujumchi Turinga aynan nima uchun kelganini het-trik bilan namoyish etdi va jamoasini keyingi bosqichga olib chiqdi. Ammo yana bir futbolchi borki, uning kechagi harakatlari Ronalduning gollari soyasida qolgan bo‘lsa-da, g‘alabaga qo‘shgan hissasi kam emasdi.

Federiko Bernardeski Krishtianuning ilk goliga assistentlik qilgan bo‘lsa, o‘yin oxirlarida aynan ushbu futbolchining reydi penalti bilan yakunlandi. 2-3 yil oldin Italiyada tillarga tushgan va «Yuventus»ning muhim bo‘lagiga aylana boshlagan Federikoning ThePlayersTribune loyihasiga aytib bergan hikoyasini e'tiboringizga havola qilish uchun ayni fursat hozir.

Karrarada oq rang sal boshqacha ko‘rinadi. Marmarlar shahri. Ko‘pchilik shunday deb ataydi. Men o‘sha yerdanman. Bu rayon chiroyli oq marmarlari bo‘lgan ulkan karerlari bilan mashhurdir.

Otam, bu yerda istiqomat qiladigan aksariyat odamlar singari, marmar sexida ishlardi. Uzoq yillar, uzoq soatlar. Rostanam ham juda ko‘p ishlardi, har kuni soat beshda ketar va kechki oltilardan uyga qaytib kelardi. Uning bu hayotda bilgani shu, tabiiyki, oilamizning ham. 

Bolaligimda atrofimizda shu qadar ko‘p marmarlar bo‘lardiki, hatto tushlarimga kirib chiqadi. Ayniqsa, olti yoshimdan juda ko‘p bor mening ko‘z o‘ngimda namoyon bo‘lgan bir manzara doim ta'qib qiladi. Manzara demayin-u, kichik bir lavhaga o‘xshatish ham mumkin. Tushlarimda yoki biroz vaqtga ko‘zimni yumib turganimda, aynan o‘sha lavhalar ko‘z oldimdan o‘tardi:

«Uzun tunnel... Avvaliga hammayoq qorong‘i, biroz o‘tib esa, qayerdandir yorug‘lik paydo bo‘ladi. Bu marmarmi yoki tunnel oxiridagi chiroqmi, farqi yo‘q, muhimi, aynan o‘sha yorug‘lik meni tunneldan olib chiqardi. Go‘yoki men o‘zim istagan joyga aynan o‘sha yorug‘lik orqali chiqib olaverardim».

Bolaligimda buning ma'nosini anglamagan bo‘lsam kerak. Chunki, u paytlarda biror joyga ketishga hojat yo‘q, hammasi meni qoniqtirardi. Hayotimni sevardim, oilam bor, futbol menga hamroh edi. Bola uchun yana nima kerak? Uch yoshimda dadam meni o‘yinchoq sotadigan do‘konga olib borganida, men u yerga kirishim bilan futbol to‘pini ko‘rib qolgan va quchoqlab olib, bo‘ldi, endi ketaylik, deb turib olgan ekanman. Otam boshqa bo‘limlarni ham aylantirmoqchi bo‘lsa, men boshqa narsa kerak emas, deb turib olganman.   

Bu – mening xarakterim. Yo‘q, bu bizning xarakterimiz. Karraradan bo‘lsangiz, siz ham xuddi biz kabi qat'iyatlisiz. Shunchaki, buni Jiji Buffondan ham so‘rab ko‘rishingiz mumkin.

Onam uyimizga yaqin bo‘lgan bir shifoxonada hamshira bo‘lib ishlardi. U juda qattiqqo‘l, shu bilan birga mehribon edi. U va otamning menga bo‘lgan munosabatida doim muvozanat saqlanardi, ba'zida otam mendan ko‘p narsa talab qilar, jiddiy bo‘lar, bu vaqtda onamning mehri yordamga kelardi. Yoki ba'zida aksincha ham bo‘lardi.

Otam mendan doim ko‘proq narsa kutar, bilasizmi, avvaliga bu rosa jahlimni chiqarardi. Lekin ulg‘aygach, hammasini tushundim, u menga ishonardi – shuncha o‘yinchoq turib, to‘pni tanlagan qat'iyatli bolakaydan bir nima chiqishini sezgandi.

Shahrimiz juda kichkina, bolalar futbol jamoalari u qadar ko‘p bo‘lmagan. Oilamiz bir qarorga keldi: sakkiz yoshimdan Ponsanodagi futbol maktabiga qatnay boshladim. Bu maktab «Empoli»ga qarashli jamoalardan biri bo‘lib, uyimizdan yetmish mil uzoqda joylashgandi. Har kuni oyim meni sal vaqtliroq, soat 3:15larda, dars tugashiga 45 daqiqa qolganda maktabdan olar va qo‘limga isitilgan pasta bilan bir stakan choy berardi. Bu men uchun eng yaxshi tushlik edi. Keyin qirq daqiqalik yo‘lda Pizaga yetib olardik va yana Empoliga borish uchun yarim soat yurishimizga to‘g‘ri kelardi. Doim mashg‘ulotlarga zo‘rg‘a ulgurar, avtobusdayoq kiyim almashtirib, butsalarimni kiyib olishimga to‘g‘ri kelardi.

Ikki soat o‘tib mashg‘ulotlar tugaydi va yana xuddi o‘sha yo‘ldan uyga qaytamiz. Soat sakkizda uydan chiqib ketgancha, kechki soat 11largacha men o‘z karavotimni ko‘rmayman ham. Juda ko‘p yillar, haftaning to‘rt kuni xuddi shu tarzda o‘tardi.

Oson emas. Lekin juda zarur edi. Keyinroq, «Fiorentina» bilan shartnoma imzoladim. Florensiya yanada uzoqroq, xuddi o‘sha trassada, lekin ko‘proq yurishimizga to‘g‘ri kelardi. Bu yo‘llarning barida menga onam hamroh bo‘lgan. Ayniqsa, eng og‘ir damda.

16 yoshga to‘lib, kattalar jamoasiga o‘tishimga yaqin qolgandi. O‘ylaymanki, o‘shanda juda yaxshi o‘ynardim. Lekin odatiy tibbiy tekshiruv natijasida muammo paydo bo‘ldi. Bir necha kun o‘tib, vrachlar men bilan onamni o‘z xonalariga chaqirishdi.

- «Federiko, ko‘rinishidan, jiddiy muammo bor».

Men endigina 16 yoshdaman, otdek sog‘lomman, qanday muammo bo‘lishi mumkin?

- «Yuraging yaxshi emas. Bu qanchalik ta'sir qilishini aniq ayta olmaymiz, ammo futbol bilan shug‘ullanishda davom etmasliging kerak».

Nima? Bo‘lishi mumkinmas. Men eshitganlarimga ishonmasdim. Onam bunday talab men uchun nima ekanini yaxshi bilar, lekin o‘zini ancha xotirjam tutishga urinardi.

- «Biz yana bir necha hafta tekshiruvda davom etishimiz kerak. Hozircha, kamida olti oy futbol o‘ynamay turasan», – deydi doktor.

Faoliyatimdagi eng muhim va o‘tish davrida bunday vaziyat yuzaga kelishi juda yomon xabar edi. Juda og‘ir kun bo‘ldi.

Bir o‘zim, 16 yoshda, Florensiyada yashar va deyarli hech narsa qilmasdim. Ota-onam hali ham Karrarada ishlashar, imkon tug‘ilgan zahoti mendan xabar olishardi. O‘zingiz tushunasiz, moddiy muammolar ham bor. Men o‘zimni turli ishlarga chalg‘itishga urindim, lekin, qiyin bo‘ldi, hayotimdagi eng og‘ir olti oyi o‘ta boshladi. Sanoqsiz tibbiy ko‘riklar, diyetalar, dori-darmonlar, shu tariqa men bu to‘siqni ham bosib o‘tdim.

Va negadir o‘sha onlarda bolalikdagi yuqorida sizga aytib bergan tushni, tasavvurimdagi lavhani tez-tez xotirlaydigan bo‘ldim. Qorong‘i tunnel, u yerdagi yorug‘lik, meni maqsadim sari yetaklagan yo‘l... Men bu manzarani yillar bo‘yi ko‘rdim va o‘ylashimcha, qachonki hayotingizda og‘ir sinovni bosib o‘tsangiz, hammasini tushunasiz. Maqsadning qadriga yetasiz.

Shuning uchun ham, 2014 yilda A Seriyada debyut qilganimda ham, 2016 yilda terma jamoadan chaqiruv olganimda ham, shukr qilishni, o‘z holatimni ko‘proq qadrlashni o‘ylardim avvalo. Albatta, men o‘sha manzilga atrofimdagilarning yordami va quvvatlashlari bilan yetib kelgandim.

«Fiorentina»dagi faoliyatimdagi ikki holat alohida e'tiborga molik deb hisoblayman. Birinchisi, Paulo Souza. Murabbiyimiz mendan maslahatlarini ayamasdi. U mening juda iqtidorli ekanimni aytar ekan, shu bilan birga, chempion bo‘lish uchun bu yetarli emasligini uqtirardi. Maydonda va uning tashqarisidagi har bir harakating, mehnating, faqat g‘alabaga qaratilishi kerak, haqiqiy buyuk futbolchilar mana shu xarakter orqali o‘z manzillariga yetib boradilar, derdi u. 

Ikkinchisi, sardorimiz Devide Astori bilan juda yaqin edik.

Foto: Gabriele Maltinti/Getty Images

Bilasizmi, u tug‘ilganidanoq yetakchilikni gardaniga olgan insonlar toifasiga kirardi. Har kuni, har mashg‘ulotda u bizni o‘z ortidan ergashtirardi. Asosiy tarkibga endi qo‘shilgan paytlarimda, u bilan turli mashg‘ulotlar o‘tkazardim va o‘shanda ham u o‘z maslahatlarini ayamasdi. Safar chog‘larida ko‘p vaqtni men Devide bilan o‘tkazardim, birga o‘yin o‘ynar yoki eski filmlarni tomosha qilardik. Asosiy tarkibda debyut qilganimda ham, ba'zida yomon formaga tushib qolib, zaxirada o‘tirib qolganimda ham uni tinglardim.

Qizig‘i, har safar gol urganimda, kechqurun klub fotografi golni nishonlayotgan chog‘imdagi suratimni elektron pochtamga jo‘natardi va qarangki, har safar meni tabriklagani birinchi bo‘lib Astori kelayotgan bo‘lardi suratda. Haqiqiy do‘st, haqiqiy sardor.

U 2018 yilning martida vafot etdi. U 30 yoshda edi. Atigi 30! Gaplarimdan, albatta, u haqiqiy, kuchli erkak edi, to‘g‘ri, ammo kim uchundir u ham bir bolakay, kimningdir dilbandi edi, to‘g‘rimi?

Devidening yuragi to‘xtab qolgandi. Bu menga ko‘proq ta'sir qiladi, o‘zimda ham yuragimda muammolar bo‘lganini, yodga soladi, shu bilan birga hammamizda ham vaqt ozligini, hayotda ekanimizning o‘zi ham katta omad ekanini anglatadi go‘yo.

2017 yilda «Yuventus»ga o‘tayotganimda ham Devide haqida ko‘p o‘ylagandim – eski gollarimni tomosha qilib, yonimda qo‘lini tepaga ko‘tarib, maydon markaziga qarab yugurib ketayotgan sardorimizga pand berayotgandek tuyulgandim o‘zimga. Ketish oldidan u bilan gaplashdim. Hammasini tushundi. Oson bo‘lmasa ham.

U vafot etgach, o‘ng qo‘limga, Yeva Mariya duosi bilan birgalikda Devidening raqamini ham yozdirib oldim. Endi qayerga borsam, u men bilan birga.

Men e'tiqodli insonman. Meni doim o‘ylantiradigan narsa, hayotga nega kelganimiz, nima maqsadda yashashimiz kerakligi. Bu hayotimizdan yaxshiroq hayot borligiga ishonaman va bir kun o‘sha manzilga borish uchun harakat qilish lozimligini bilaman. Qachonki, bu menga nasib etsa, men uchrashishni istaydigan ilk inson ham aynan Devide Astori bo‘ladi.

Bularning hammasi mening kim ekanligim va kim bo‘lmoqchi ekanligimning ajralmas bir parchasidir. Hozir «Yuventus»da ekanimdan faxrlanaman. Bu klub va Turin shahri oldingi jamoalarimga o‘xshamaydi. Bu yerga bog‘langan har bir inson faqat g‘alaba haqida o‘ylay boshlashi haqiqat. Murabbiydan tortib, klub oshpazigacha faqat g‘alaba qozonishni istaydi. G‘oya shu.  

«Yuventus» libosini egnimga ilishim bilan yana o‘sha tunnel va marmarlar haqida o‘ylay boshlayman. Qora va oq. Hammasi bor. O‘sha qorong‘u yo‘l meni juda uzoqlarga olib keldi.

Bundan keyin nima bo‘lishidan qat'i nazar, men o‘zimga kerakli narsani oldim.

Federiko Bernardeski
ThePlayersTribune