O‘zbekiston | 20:50 / 13.03.2019
18986
5 daqiqa o‘qiladi

​Obodonlashtirishdagi «barbod» boshqaruv

Rahbarlarning obodonlashtirish boshqarmasi xodimlariga adolatsiz munosabati davom etyapti

Kun.uz'da «sariq nimchalilar» hayoti bilan tanishtiruvchi video rolik e'lon qilingan edi.

Og‘ir ish sharoiti, transport muammosi, aholining ko‘cha obodonlashtirish xodimlariga nomunosib munosabati, hojatxona va kiyim almashtirish uchun joy yo‘qligi har qanday iqlim sharoitida erta tongdan kun botgunicha davom etadigan bunday mehnat turini yana qiyinlashtiradi.

Video rolikni chiqarishdan maqsad ham ana shu muammolarga mutasaddilarning e'tiborini qaratish, jamiyatning har bir ishtirokchisida mas'uliyat hissini oshirishdan iborat edi.

Shu kungacha internet tarmoqlarida birinchi video 85416, ikkinchi video rolik 75229 marotaba ko‘rilgan va unga umumiy 2 mingdan ortiq kishi izoh qoldirilgan. Izohlar, ijtimoiy tarmoqlarda boshlangan turli aksiyalar (Buxoro viloyatida obodonlashtirish xodimlariga oddiy insonlar fleshmob ko‘rinishida ommaviy yordam berishgan) xalqning obodonlashtirish bo‘limi xodimlariga bo‘lgan e'tibori, hurmati oshganligidan dalolat beradi.

Xo‘sh, mutasaddilar ham video lavhalardan tegishli xulosa chiqardimi? Ha, chiqardi. Agressivlashishdi. Bu «sariq nimchalilar» video materialining hisobot sonini, ya'ni videoda ko‘tarilgan muammolar amalda qanchalik o‘z yechimini topganligini bilish maqsadida olib borgan surishtiruvimizda jurnalistlar guruhiga ko‘rsatilgan munosabatdan anglashiladi.

Loyiha muallifi sifatida obodonlashtirish xodimi va boshqaruvdagi mas'ullardan «videoni ko‘rdingizmi», «o‘zgarish bo‘ldimi» kabi savollarga javob olmoqchi edik.

Ikkala rolikda ham jurnalist bilan suhbatlashgan, intervyu bergan Muharram Mirjalilovaning yaqiniga borgan paytimiz, boshqa ishchilar «kelyapti», «orqada», «gapirmang» deya ayolni nimadandir ogohlantirishga urinishdi.

Oldimizga o‘sha hududda ishlayotgan ishchilar brigadasi boshlig‘i kelib huquqshunoslikdan bilimini ko‘rsatishni boshlaganda Muharram opaning nimadan «ogohlantirilganini» angladik.

Mas'ul shaxs nafaqat Muharram Mirjalilova, balki qolgan ishchilar bilan ham suhbatlashishni taqiqladi. Bunga sabab qilib, xodimlarni ishdan chalg‘itayotganligimiz vaj qilindi. Jurnalistni sudga berish bilan tahdid qilishga uringan mansabdor shaxs shahar obodonlashtirish boshqarmasi xodimini haq-huquqlarini poymol qilib, ular uchun o‘zboshimchalik bilan qaror qabul qilishi ko‘zga tashlandi. Bu uning «bular intervyu bermaydi» degan so‘zlaridan anglash mumkin.

Vaholanki, axborot manbasi o‘z roziligi bilan axborot berishi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi 29-moddasi va O‘zbekiston Respublikasi «Axborot erkinligi prinsiplari va kafolati to‘g‘risida»gi qonuni bilan himoyalangan.

Masalaga oydinlik kiritish uchun Toshkent shahar Obodonlashtirish bosh boshqarmasiga borib, rahbariyat izohini so‘radik. Qabulxonadagi 55 daqiqalik kutish vaqtidan so‘ng, boshqarma boshlig‘i Azamjon Rizashov noaniq sabablarga ko‘ra suhbatdan bosh tortdi va bu bilan O‘zbekiston Respublikasi «Jurnalistik faoliyatni himoya qilish to‘g‘risida»gi qonunning 5-moddasi hamda «Ommaviy axborot vositalari to‘g‘risida»gi qonunning 5-moddalari qasddan buzganday ko‘rindi.

Boshqarma boshlig‘i obodonlashtirish ishi bo‘yicha savolimizga Toshkent shahar hokimiyati matbuot xizmati bo‘limi javob berishi kerakligi va «ular bunga oylik olayotganini» ma'lum qildi.

Nachora, u aytganidek shahar matbuot xizmati bo‘limi bilan bog‘lanishga urindik. Ammo ko‘p hollarda kuzatilgan vaziyat singari mas'ul shaxslar bilan bog‘lanish muammosi hali ham yechilmaganligining yana bir karra guvohi bo‘ldik.

Intervyuga kirishgan Muxarram Mirjalilovaga qo‘ng‘iroq qilganimizda ovozlaridan yig‘laganliklari sezilib turar edi. Suhbatga taklif qilganimizda bosh og‘rig‘ini vaj qilib taklifimizni rad etdi. Hisobot tasvirga olish ishlarimiz xalqimiz ish sharoiti yaxshilanishiga xayrixohlik bildirayotgan obodonlashtirish xodimlari ish sharoitlari yaxshilanmaganligi, aksincha mas'uliyatsiz mutasaddilarning tazyiqiga uchrayotganligini ko‘rsatdi. Xulosa – o‘ta qoniqarsiz!​

Mo‘tabar Xushvaqtova

Mavzuga oid