Jamiyat | 17:20 / 19.03.2019
75836
3 daqiqa o‘qiladi

Sirdaryoda Xitoydan keltirilgan 3 million tut ko‘chati yoqib yo‘q qilindi

Xitoy Xalq Respublikasidan Sirdaryo viloyatiga 3 million dona tut ko‘chati Karantin ruxsatnomasisiz olib kirilgani ma'lum bo‘ldi. 

Karantin ruxsatnomasi – karantin ostidagi mahsulotni belgilangan tartibda O‘zbekiston Respublikasi hududiga olib kirishga yoki uning hududidan tranzit tarzida olib o‘tishga ruxsat berilganligini tasdiqlaydigan, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi O‘simliklar karantini davlat inspeksiyasi tomonidan berilgan hujjat. Ushbu hujjatda respublikamizning fitosanitar talablari ko‘rsatiladi.

O‘simliklar karantini davlat inspeksiyasi matbuot xizmati xabar qilishicha, mazkur 3 million dona tut ko‘chati bo‘rtma nematoda bilan zararlangani uchun yoqish yo‘li bilan yo‘q qilingan.

Aytilishicha, mazkur tut ko‘chati O‘simliklar karantini davlat inspeksiyasining Markaziy karantin laboratoriyasi tekshiruvidan o‘tkazilganda ildiz qismida bo‘rtma nematoda topilgan va tegishli karantin choralari ko‘rilishi yuzasidan xulosa berilgan.

Bo‘rtma nematoda pomidor, bodring, sabzi, piyoz, g‘o‘za, gilos, o‘rik va boshqa ekinlarni kuchli zararlaydi. Bo‘rtma nematoda bilan zararlangan mazkur ekinlar yoppasiga qurib qoladi. Lichinkalarning rivojlanishi natijasida o‘simlik butunlay nobud bo‘ladi. Dunyo bo‘yicha bo‘rtma nematodalar bilan 2000 turga yaqin turli oilaga mansub madaniy va yovvoyi o‘simliklar zararlangan, bo‘rtma nematoda bilan zararlangan o‘simliklarning soni yildan yilga ortib bormoqda.

«Inspeksiya taqdimnomasiga muvofiq, viloyat hokimligi qarori bilan tut ko‘chatlari keltirilgan hududda karantin holati e'lon qilindi. Xitoydan keltirilgan 3 million dona tut ko‘chatlari viloyat ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasining maxsus poligonida tegishli tashkilot va idoralarning mas'ul xodimlari ishtirokida yoqish yo‘li bilan yo‘q qilindi», deyiladi xabarda.

O‘zbekiston Respublikasi «O‘simliklar karantini to‘g‘risida»gi Qonunining 29-moddasiga asosan respublika hududiga karantin ostidagi mahsulotlar hamda o‘simliklarning ekish materiallarini (urug‘lik, ko‘chat, tuganak, piyozbosh va boshqalar) olib kirishdan avval «O‘zdavkarantin» isnpeksiyasidan karantin ruxsatnomasi va fitosanitariya sertifikatini olish maqsadga muvofiqdir.

Mavzuga oid