Jahon | 21:40 / 25.03.2019
27750
4 daqiqa o‘qiladi

Tramp Jo‘lan tepaliklarini Isroilniki deb rasman tan oldi. Bu hudud isroilliklarga nega kerak?

Foto: Reuters

AQSh prezidenti Donald Tramp Isroilning Suriya bilan chegaradagi bahsli hudud — Jo‘lan tepaliklari ustidan suvereniteti tan olinishi haqidagi hujjatni imzoladi. 

Deklaratsiya Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyaxu ishtirokida imzolangan.

«Isroil o‘zini xavflardan himoyalash uchun 1967 yilda Jo‘lan tepaliklari ustidan nazoratni olgan. Bugun u Eron va Suriyadagi terrorchilik guruhlari, jumladan «Hizbulloh»dan himoyalanishi kerak», deb aytgan Tramp hujjatni imzolash marosimida.

Trampning aytishicha, bu o‘n yillar oldin yuz berishi kerak edi. 

Foto: Associated press

Bundan avvalroq, Tramp tvitterdagi sahifasida Isroil va umuman mintaqa xavfsizligi uchun bunday qadam qabul qilinishi vaqti kelganini yozgandi. 

Rossiya tashqi ishlar vazirligi rasmiy vakili Mariya Zaxarovaning ta'kidlashicha, Jo‘lan tepaliklari maqomining BMT Xavfsizlik kengashini chetlab o‘tgan holda o‘zgartirilishi yaqqol qoidabuzarlik hisoblanadi.

Jo‘lan tepaliklarining Isroilga tegishli ekanligini tan olish haqidagi bayonot boshqa mamlakatlar tomonidan salbiy qarshi olingandi.

Isroil Jo‘lan tepaliklarini 1967 yilda Olti kunlik urush vaqtida egallab olgandi. BMT Xavfsizlik kengashi ushbu hududni noqonuniy ravishda bosib olingan hudud deb hisoblaydi.

Jo‘lan tepaliklari — Isroil va Suriya chegarasida joylashgan tog‘li platodir. Uning katta qismi — uchdan ikki qismi — 1967 yildan buyon isroillik harbiylar tomonidan nazorat qilinadi. 

Jo‘lanning ahamiyati uning fizik-geografik xususiyatlari bilan xarakterlanadi. Platoning o‘rtacha balandligi dengiz sathidan taxminan ming metr balandda joylashgan, undagi cho‘qqilardan biri, 2000 metr balanlikdagi Xermon cho‘qqisi — Isroilning eng yuqori qismi hisoblanadi va bu yerda mamlakatdagi yagona qishki kurort joylashgan. Jo‘lan tepaliklarining g‘arbiy qismi O‘rta Yer dengizi qirg‘oqlaridagi past tekisliklar bilan bog‘langan. Bu tekisliklarni platodan turib osongina o‘qqa tutish mumkin. Suriya chegarani surish kerak deb ko‘rsatayotgan tog‘ etaklari dengiz sathidan 200 metr pastda joylashgan. Bu tekisliklarni yuqoridan qilinadigan hujumlardan himoya qilib bo‘lmay qoladi. 

Isroilga Jo‘lan tepaliklari kerakligining yana bir sababi shundaki, undan oqib tushadigan daryo va irmoqlar mamlakat ehtiyoji uchun zarur bo‘lgan ichimlik suvining asosiy manbalaridan (uchdan bir qismi) hisoblanadi. Isroildagilar agar bu hudud Suriyaga berib yuborilsa, suv manbalari to‘sib qo‘yilishi yoki shunday tahdid vujudga kelishidan xavfsirashadi.

2017 yil oxirida Tramp Quddusni Isroil poytaxti deb tan olgandi, 2018 yil mayida esa bu shaharda amerikaliklar elchixonasi ochilgandi. Sharqiy Quddus, Jo‘lan tepaliklari kabi Olti kunlik urush vaqtida isroilliklar tomonidan egalab olingan.

Mavzuga oid