Jahon | 21:41 / 02.04.2019
11648
4 daqiqa o‘qiladi

2 aprel – Xalqaro autizm haqida axborot tarqatish kuni

Birlashgan Millatlar Tashkiloti tomonidan 2 aprel sanasi autizm sindromi haqidagi ma'lumotlarni xalqaro miqyosda ommalashtirish kuni sifatida belgilangan. 2008 yildan beri bu kunda autizmning erta tashxislanishi, autist bolalarning davolanishiga yordam ko‘rsatish, jamiyatni mazkur sindrom haqida boxabar qilish masalalariga e'tibor qaratiladi. 
Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti ma'lumotlariga ko‘ra, ayni kunda dunyoda 10 milliondan ziyod  bolaga autizm tashxisi qo‘yilgan. Har yili bu ko‘rsatkich 11 foizga ortib bormoqda. Ya'ni o‘tgan asrning 90-yillarida har 5000 nafar boladan bittasiga autizm tashxisi qo‘yilgan bo‘lsa, hozirda bu ko‘rsatkich har 50 bolaga to‘g‘ri kelmoqda.

Mazkur masalada O‘zbekiston ham istisno emas. Respublika bolalarni ijtimoiylashtirish markazi taqdim etgan ma'lumotga ko‘ra, O‘zbekistonda ham 200dan ziyod autizm tashxisi qo‘yilgan bolalar ro‘yxatga olingan. Lekin hali reabilitatsiyaga jalb qilinmagan, e'tibordan chetda qolayotgan bolalar ham anchaginani tashkil etadi.

Autizm sindromi tashxisi bolalarning davolanishi va ta'lim olishi uchun yetarlicha infratuzilmaning mavjud emasligi ularga o‘z vaqtida yordam ko‘rsatilishi, jamiyat hayotiga jalb qilinishida qiyinchilik tug‘dirmoqda. Ota-onalar bilan suhbat chog‘ida ular bir qator muammolarni sanab o‘tishdi. 

«Respublika bolalarni ijtimoiy moslashtirish markazida autizmni davolash bo‘yicha yetarli shart-sharoit mavjud. Logoped, ruhshunos, massajist xizmatlari yo‘lga qo‘yilgan. Lekin markazning qamrov salohiyati talab darajasiga qaraganda past. Hamma bolalarni qamrab olish imkoni bo‘lmayapti. Navbat katta. Autizm esa doimiy shug‘ullanishni talab etadi», deydi markaz ruhshunosi Farhod Artikbayev. 

Nilufar Tojiboyeva jamoat joylarida kishilarnining noo‘rin munosabati haqida aytib o‘tdi. «Jamiyatda autizm sindromi, bunday bolalarning o‘ziga xosligi haqida yetarlicha tasavvur mavjud emas. "Farzandlarimizga boshqacha ko‘z bilan qarashadi... Bu esa bolaning ruhiyatiga salbiy ta'sir ko‘rsatadi. Aholining bu sindrom haqidagi xabardorligi oshirib borilsa, yaxshi bo‘lardi", deydi u.

Autist bolalarni bog‘cha va maktabga berish masalasi ham ancha muammoli. «Oddiy bog‘chaga farzandimni olishmadi. Hozir ixtisoslashgan bog‘chaga qatnayapti. Lekin u yerdagi muhit bolaga salbiy ta'sir ko‘rsatishi, regress jarayoniga sabab bo‘lishi mumkinligini mutaxassislar aytishyapti. Farzandim inklyuziv ta'limga ehtiyoj sezadi. Lekin ta'limning bu usuli hali ommalashtirilmagan», deydi Dilafro‘z Ibrohimova. 

O‘z farzandining kelajagini yo‘lga qo‘yish maqsadida ota-onalar autist bolalar manfaatini himoya qiluvchi  nodavlat-notijorat tashkilot tuzish tashabbusi bilan chiqishmoqda. Tashkilotchilardan biri Ikrom Hojiyev markaz qamrovining cheklanganligi, xususiy sektor xizmatlarining ancha qimmatligi tufayli davolanish sust kechayotganligi, shu bois ota-onalar barcha xizmatlarni bir joyda jamlovchi markaz tuzish istagida ekanligini ta'kidlaydi. «Farzandlarimizning ta'limga, kasb-hunarga jalb qilinishi masalasi e'tibordan chetda qolmoqda», deydi u. 

Ota-onalar faqat o‘z talab va istaklari  tinglanishi hamda inobatga olinishini xohlashadi. Autist bolalarga ham o‘z vaqtida yordam ko‘rsatilsa, ulardan  jamiyat uchun kerakli kadr yetishib chiqishi mumkin.

Video: Tas-IX

Video: Youtube.com

Mavzuga oid