Light | 20:38 / 02.04.2019
66307
9 daqiqa o‘qiladi

«Kremlda o‘tgan yillarim»: Ikromov ishi, Stalinning o‘l(diril)ishi, Xrushchev iliqlik davri

1922–1991. Bir avlod dunyoga kelib, kamolga yetishi mumkin bo‘lgan vaqt. Bu fursatda bir davlat ham tashkil topib, «bamaylixotir aylanayotgan Yer kurrasini o‘z o‘qidan chiqarib», qanday shiddat bilan tuzilgan bo‘lsa, xuddi shunday talato‘p bilan tanazzulga yuz tutishga ulgurdi. Ha, Sovet Sotsialistik Respublikalari Ittifoqi tarixda uncha-muncha kuch o‘chira olmaydigan iz qoldirdi.

Sovet davri haqida o‘qilgan. Ko‘p va xo‘p so‘qilgan. Hafsala bilan kulrang bo‘yoqlarni chaplab o‘qilgan. «Kremlda o‘tgan yillarim» asarida sovet davri emotsional bo‘yoqdan xoli, xronologik tarzda tasvirlanadi. Tarix sahnasida o‘ynalgan eng shov-shuvli spektakl uni chetdan kuzatgan tomoshabin tomonidan emas, balki shu (melo)drama personajlaridan birining tilidan hikoya qilinadi. Tor doiralardagina ma'lum bo‘lgan axborotlar keltiriladi. 

Memuar shaklidagi bu asarda so‘zlovchi o‘zi bevosita guvoh bo‘lgan, ishtirok etgan siyosiy jarayonlarni hikoya qiladi. Ular faktlar va raqamlar bilan asoslanadi.

Uch kitobdan iborat memuar asarning muallifi Nuriddin Akramovich Muhiddinov (1917-2008) O‘zbekiston sovet sotsialistik respublikasining siyosiy hayotida muhim rol o‘ynagan shaxs. KPSS Markaziy qo‘mitasi sekretari (1957-1961), O‘zbekiston kompartiyasi Markaziy qo‘mitasi birinchi sekretari (1955-1957), KPSS Markaziy qo‘mitasi Prezidiumi a'zoligiga nomzod (1956-1957), O‘zSSR Ministrlar Soveti rahbari (1951-1953, 1954-1955), Toshkent viloyat kompartiyasi birinchi sekretari (1950-1951) kabi lavozimlarda faoliyat ko‘rsatgan.

Trilogiyaning birinchi qismida Ikkinchi jahon urushidan Xrushchev iliqlik davriga qadar bo‘lgan yillar tasvirlanadi. Bunda uch asosiy voqea diqqatni tortadi.

«Xalqlar otasi»ning o‘limi

Levitan 1953 yil 5 mart kuni Iosif Vissarionovichning «o‘z ajali bilan vafot topgani»ni e'lon qiladi. Xalqlar otasining o‘limi tarixiy manbalarda shu bo‘yicha muhrlanadi. Muhiddinov esa bu fikrni shubha ostiga qo‘yadi.

«Vaqt tushga yaqinlashib qolgan bo‘lsa ham Stalinning xonasidan chiqmayotganidan xavotirlangan xizmatchilar Beriyaga qo‘ng‘iroq qiladi. U o‘zi Blijnaya dachaga yetib borgunga qadar hech qanday chora qo‘llamaslikni, hech kimga xabar bermaslikni tayinlaydi... Va kechga boribgina Malenkov bilan kirib keladi...» 

Muallifning keltirishicha, og‘ir ahvolda yotgan Stalinning yotog‘ida shifokorlar bilan birga bo‘lgan xizmatchilardan birining yozganlari haligacha ochiq qolgan: «Shifokorlar qanaqadir kuchli ukol qilishdi. Stalinning tanasi qattiq silkindi. Oradan 10 daqiqa o‘tdi. Keyin bemor chuqur nafas oldi va joni uzildi...» 

Eng ahamiyatlisi, Stalin xonasidan chiqmagan kun – 1 martdan bir kecha avval, 28 fevral tunini u Beriya, Malenkov, Xrushchev va Bulganin hamrohligida o‘tkazgan. (Turli ziddiyatli fikrlar kesishadigan ushbu voqea haqida Edvard Radzinskiyning «Stalin» asarida ma'lumot olish mumkin). Muhiddinov farazlarni aniq tahlil etishdan bosh tortib, memuar asarida Stalinning o‘limidan ko‘ra, uning merosini bo‘lib olish qizg‘in kechganini batafsil hikoya qilib beradi.

Ikromov nomining oqlanishi

Kitob avvalida muallif Buxarin, Rykov, Xo‘jayev, Ikromov kabi siyosiy arboblar «xalq dushmani» sifatida ayblangan sudda shaxsan ishtirok etganini ta'kidlaydi hamda O‘zbekiston kompartiyasi birinchi sekretari Akmal Ikromovning o‘zini oqlab so‘zlagan nutqini keltiradi: «Men ko‘p xatolarga yo‘l qo‘ydim, lekin hech qachon xalqqa, partiyaga, o‘rtoq Stalinga dushmanlik qilmaganman. Partiya manfaatlari yo‘lida qo‘limdan kelganicha harakat qildim. Agar hayotim saqlansa, Vatanga sadoqatimni isbotlayman».

Bu nutqni o‘z qulog‘i bilan eshitgan muallif kalavaning uchini topishga harakat qiladi:

«O‘sha daqiqadan beri bu voqeaga izoh izlayman. Masalaning tagiga yetish mening chekimga tushgandek his qilaman o‘zimni».

Ammo bu ishni Ikromov otilgan 1937 yil sanasidan ancha keyin, shaxsga sig‘inish barham topa boshlagan 1956 yilga kelibgina amalga oshiradi. Bosh prokuror Rudenko va Muhiddinovning bu boradagi qizg‘in muhosabasi asarda keltirilgan. Ikromov nomi esa tiklanadi.

Akmal Ikromov ishi misolida Stalin muallifligidagi «nishonga olish, «kerakli» hujjatlarni yig‘ish, ish ochish, hibsga olish, tergov qilish, aybini bo‘yniga qo‘yish, sudlash, otuvga hukm qilish, «mehri toblansa», borsa-kelmas tomonlarga surgun qilish» ko‘rinishida a'lo darajada amal qilgan algoritm mexanizmi ochib beriladi.

Xrushchev iliqlik davri

Stalin vafotidan keyin «taxt da'vogari» bir muddat topilmadi. Asar muallifining ta'kidlashicha, bunda «uloq»ni qishloq xo‘jaligidan xabardor, Stalin o‘limidan keyin quyi rahbarlar bilan ko‘p muloqotda bo‘lgan, butun SSSR bo‘ylab safarlarni kanda qilmagan Nikita Sergeyevich Xrushchev ilib ketdi. Ko‘p vaqtini xonada o‘tkazgan, gapga no‘noq, lekin strategik rejalarni puxta tuzgan Georgiy Maksimilianovich Malenkov Stalindan keyingi shaxs sifatida mamlakatda obro‘ qozongan bo‘lsa-da, u elita ichki kurashida yengildi.

Marshal Jukov nomini oqlab, harbiylarni o‘ziga og‘dirgan, shu bilan birga Davlat xavfsizlik qo‘mitasi va Ichki ishlar komissarligi boshini birga tutgan Lavrentiy Pavlovich Beriyani siyosiy maydondan quvib chiqqan Xrushchev «dohiy» davrida ildiz otgan stereotiplarni kutilmagan tarzda o‘zgartirib yuboradi. U shaxsga sig‘inishni fosh etadi.

Hech kim bilan maslahatlashmay qabul qilingan qarorlar, kompartiya prezidiumi yig‘ilishida shaxsga sig‘inish va uning oqibatlari haqida so‘zlangan nutq, hamtovoqlari Beriya, Bulganinni o‘yindan siqib chiqarish kabi harakatlar iliqlik davrining ilk epkinlari edi. Sobiq «mansabdosh»i Vissarionovichdan farqli ravishda Sergeyevichning suratlari emas, o‘zi xalqning orasiga kirib borgani uning mutlaqo o‘zgacha pozitsiyada ish tutishini ko‘rsatdi. U Stalinni bir marta ham Toshkentda jonli ko‘rmagan o‘zbekistonlik mehnatkashlar bilan suhbat quradi.

Asarda sovet davlati tasviriga guvoh bo‘lgan kitobxon o‘z-o‘zidan real vaqt va real makondagi holat bilan solishtiradi. Soni bor-u, sanog‘i yo‘q, funksiyasi mavhum instansiyalar, ma'muriy buyruqbozlik, «hujjatbozlik sindromi», faktlarni soxtalashtirish, siyosiy doiralarda manfaatli tarzda amalga oshiriladigan rakirovkalar kabi voz kechilishi mashaqqatli kechilayotgan prinsiplar kimdan qay tarzda meros bo‘lib qolganini o‘quvchi tushuna boshlaydi.

Masalan, viloyat rahbarlarini saylagan partiya a'zolari rasmiyatchilik uchun tadbirbozlik bilan shug‘ullangani, aslida har qanday nomzod Moskva izni va istagi bilan lavozimga tayinlangani ayon bo‘ladi. Yoki parlament vazifasini o‘tagan partiyaning s'yezdlariga qo‘yilgan har qanday masala avvaldan tor doirada muhokama etilgani, qarorlar qabul qilingani oshkor etiladi.

Muallif hikoya qila turib, jarayonlardagi o‘z ishtirokiga ham alohida to‘xtalib o‘tadi. Akmal Ikromov nomining oqlanishi, o‘zbek milliy san'atining jonlantirilishi, o‘zbek xalqining mukofotlanishi, Fanlar Akademiyasi faoliyatidagi o‘zgarishlar kabilarda muallif «men»i ajratib ko‘rsatiladi. Ochig‘i bu o‘rindan muallifning fikriga qo‘shilishga majburman: O‘zbekiston Sovet davlati tarkibida erishgan yutuqlarni ham unutmaslik, fandagi rivojlanishni haqqoniy qayd etish kerak.

Asarda sovet davriga oid voqealar silsilasi detallargacha tasvirlanadi, ba'zi nuqtalarda esa darsliklarda o‘zgartirib talqin etilgan tarixiy hodisalar panoramasini boshqa rakurslardan ham ko‘rsatadi. Xullas, sovet davri tarixiga qiziquvchilar uchun tavsiya etiladi. Biz esa bu trilogiyaning O‘zbekistonda chop etilmagan qolgan qismlarini izlashda davom etamiz...

Kitobxon
Nuriddin Muhiddinov
«Kremlda o‘tgan yillarim»

Mavzuga oid