Jamiyat | 15:26 / 12.04.2019
6226
3 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda teletibbiyot o‘zlashtirila boshlandi

O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion sog‘liqni saqlash Milliy palatasi raisi Ravshan Izamov Hindistondan tashrif buyurgan hamkorlar bilan hududlarda tashkil qilingan teletibbiyot seanslarida bo‘ldi. Watch Witz Technologies Pvt Ltd (Hindiston) kompaniyasining tibbiyot uskunasida onlayn diagnostika o‘tkazildi.  Milliy palata matbuot xizmati Kun.uz’ga shu haqida xabar berdi. 

Jizzaxda - viloyat hokimi Ergash Soliyev ishtirokida, Termizda esa O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazir o‘rinbosari Aziz Abduhakimov ishtirokida teletibbiyot seanslari tashkil etildi. 

Telediagnostika davomida bir necha bemor tekshiruvdan o‘tkazildi, ularning natijalari onlayn rejimda Hindistondagi mutaxassislarga yo‘llandi. Olingan ma'lumotlar asosida shifokorlar tomonidan tashxis qo‘yilib, davolash muolajalari belgilandi. 

Ilk tajribaning ko‘rsatishicha, yuksak darajali professionallarni jalb qilib, teletibbiyot usulini qo‘llash nafaqat shifokorlarga ko‘p bemorlarni tekshirish va davolash imkonini beradi, balki yordam uchun murojaat qilganlar orasida ham juda ijobiy e'tirofga sazovor bo‘lmoqda. Mazkur seanslarda qatnashgan bemorlar onlayn telediagnostikaning ustuvor jihatlari haqida ijobiy fikrlar bildirishdi.  

Innovatsion sog‘liqni saqlash Milliy palatasi raisi Ravshan Izamovning so‘zlariga ko‘ra, onlayn telediagnostika O‘zbekiston fuqarolariga mamlakatdan tashqariga chiqmay, eng yaxshi xorijiy ekspertlardan konsultatsiya olish imkonini beradi. Bu bemorlarga vaqt va mablag‘ini tejash  bilan birga davolanishga muhtoj bemorlarni ovoragarchilikdan saqlaydi. 

O‘zbekistonda teletibbiyotni rivojlantirish, shuningdek, respublika bo‘ylab tibbiyot turizmi imkolniyatlarini kengaytirishga yo‘l ochadi hamda Turkmaniston, Afg‘oniston va Qirg‘iziston kabi qo‘shni davlatlar fuqarolarini O‘zbekistonga  jalb qiladi. 

Kelishuvlarga ko‘ra, Innovatsion sog‘liqni saqlash Milliy palatasi bazasida Teletibbiyot o‘quv markazini ochish rejalashtirilmoqda. Shu bilan birga, loyihani butun respublika bo‘ylab amalga oshirish doirasida barcha hududiy bo‘linmalarda teletibbiyot markazlarini ochish rejalashtirilmoqda. 

Mavzuga oid