O‘zbekiston | 17:58 / 15.05.2019
16006
2 daqiqa o‘qiladi

Shavkat Mirziyoyev Vagit Alekperovni qabul qildi 

O‘zbekiston Respublikasi prezidenti Shavkat Mirziyoyev 15 may kuni "O‘zbekiston nefti va gazi" xalqaro ko‘rgazmasi tadbirlarida ishtirok etish maqsadida mamlakatimizda bo‘lib turgan «LUKOYL» kompaniyasi prezidenti Vagit Alekperovni qabul qildi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar bermoqda.

Davlat rahbari mehmonni qutlar ekan, mamlakat neft-gaz tarmog‘ida yetakchi bo‘lgan ushbu Rossiya kompaniyasi bilan samarali hamkorlik izchil rivojlanib borayotganini alohida qayd etdi. 

Bugungi kunda "LUKOYL" kompaniyasi O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan qo‘shma loyihalarga kiritgan investitsiyalar hajmi 7,5 milliard dollardan ziyodni tashkil etmoqda.

O‘tgan yil aprel oyida ishga tushirilgan Qandim gazni qayta ishlash majmuasi loyiha quvvatiga chiqdi. "Hovuzak" va "Shodi" konlari, shuningdek, Janubi-G‘arbiy Hisor konlari o‘zlashtirilmoqda.

Uchrashuvda o‘zaro manfaatli hamkorlik istiqbollari, jumladan, yangi investitsiya dastur va loyihalarini tayyorlash hamda «LUKOYL» kompaniyasining mamlakatdagi faoliyatini kengaytirish masalalari ko‘rib chiqildi.

Vagit Alekperov prezidentga samimiy qabul va qo‘shma loyihalarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlayotgani uchun chuqur minnatdorlik bildirdi.

«LUKOYL» kompaniyasi rahbari O‘zbekiston bilan neft-gaz tarmog‘ida uzoq muddatli va keng ko‘lamli sheriklikni yanada rivojlantirishga tayyor ekanini ta'kidladi.

Mavzuga oid