Jamiyat | 12:20 / 19.05.2019
35961
14 daqiqa o‘qiladi

Tavakkalmi, gardkammi?

Telegramdagi Islom moliyasi kanalida joylashtirilgan maqolada tadbirkorlik faoliyati davomida tavakkal qilish va shu tavakkalning evaziga o‘ziga va jamiyatga biror manfaat keltirishi bilan qimor o‘ynash, o‘ylamasdan gardkamiga qarorlar qabul qilish orqali pul topishga harakat qilish farqi haqida so‘z yuritilib, bu masala yuzasidan islomda nima deyilgani ochib berilgan.

Odamlar qadimdan qimor o‘ynab kelishadi, bugungi kunga kelib qimor va shu kabi o‘yinlar kimlargadir katta daromad keltiruvchi yirik bir tarmoqqa aylandi. Qimor o‘ynashga bo‘lgan ishqibozlik inson tabiati bilan bog‘liq. Gap shundaki, inson biror bir yangi ishga qo‘l urib tavakkal (risk) qilganda, qimor o‘ynaganda yoki biror narsaga ustida garov o‘ynaganda (masalan ot poygasida qaysidir otning g‘alabasiga pul tikkanda, mening «otim» yutarmikin, qancha pul yutarkinman deb) juda qattiq hayajonlanadi. Natijani kutish paytidagi bu hayajon insonga yoqadi va ko‘pchilik kayfiyatini ko‘tarish, yangicha tuyg‘ularni his qilish maqsadida qimor o‘ynaydi va bora-bora shunday hayajonsiz yashay olmayman, deb o‘ylaydigan bo‘lib qoladi. 

Ammo, tadbirkorlik faoliyati davomida tavakkal qilish va shu tavakkalning evaziga o‘ziga va jamiyatga biror manfaat keltirish bu islom moliyasiga bevosita bog‘liq narsa bo‘lsa, qimor o‘ynash, o‘ylamasdan gardkamiga qarorlar qabul qilish orqali pul topishga harakat qilish bu umuman boshqa-boshqa narsalar.

Islom huquqshunoslari tavakkal faqat 3 holatda o‘zini oqlaydi deb hisoblashadi:

 • Tavakkal muqarrar (ya'ni uni qilmaslikning iloji yo‘q);

 • Tavakkal arzimas darajada (ya'ni uning darajasi katta emas);

 • Tavakkal ataylab/qasddan qilinmaganda.

Birinchi holat: foyda ko‘rish uchun albatta tavakkal qilinadi, ya'ni u muqarrar;

Ikkinchi holat: xatarga ro‘baro‘ bo‘lish yoki zarar ko‘rish ehtimoli muvaffaqqiyatga erishish ehtimolidan ancha kam bo‘lishi kerak;

Uchinchi holat: har qanday iqtisodiy amaliyotning maqsadi biror-bir qiymatga ega mahsulot yoki xizmat (ya'ni boylik) turini yaratish,bu esa albatta qandaydir darajada tavakkal qilishni talab qiladi. Ammo, biror bir qiymatga ega mahsulot yoki xizmat (ya'ni boylik) turini yaratishni ko‘zda tutmaydigan tavakkalning hech qanday ma'nisi yo‘q.

Mana endi ikkita masalani ko‘rib chiqamiz:

 1. Har ikki holatda ham pul mablag‘lari jalb qilinishini e'tiborga olib qaraganda, biznes qaror (ya'ni tadbirkorlik loyihasini amalga oshirish rejasi doirasida) qabul qilingan qaror bilan, gardkamiga (ya'ni biror-bir ishqibozlik doirasida tavakkaliga) qabul qilingan qaror o‘rtasida qanday farq bor?

 2. Islom huquqida gardkamchilikning ta'qiqlanishi sababi va qaysi holatda tadbirkorlik faoliyati ana shu ta'qiqlangan gardkamchilikka aylanadi?

Har qanday tadbirkor o‘z faoliyatini boshlashdan oldin shu ishning istiqbolini, qancha mablag‘ tikish kerakligini, xarajatlarni, mavjud va istiqboldagi muammolarni o‘rganib chiqadi, paydo bo‘lishi mumkin bo‘lgan turli vaziyatlarni tahlil qilib ko‘radi va hokazo. Umuman olganda, har qanday biznes qarorning natijasi noaniq, ya'ni muvaffaqiyat kafolatlanmagan bo‘ladi. Odatda bunday qarorlar muvaffaqiyatga erishish ehtimoli muvaffaqiyatsizlik ehtimolidan yuqori bo‘lsagina qabul qilinadi. Aynan biznes qaror qabul qilish paytidagi ongli tanlov (ya'ni turli omillarni inobatga olgan holda qilingan tanlov) gardkamchilikka asoslangan qimor, turli pulli o‘yinlar, pul-buyum lotereyalarida umuman yo‘q. Bunday «o‘yinlar» faqat odamlarning omad va mo‘jizaga (garchi u zarra miqdoricha bo‘lsa ham) bo‘lgan ko‘r-ko‘rona ishonchi, dangasalik va ochko‘zliklari (mehnat qilmasdan bir zumda boyib ketish ishtiyoqi) tufayli hanuzgacha rivojlanib bormoqda. Internetda qimorxonalarda yutish ehtimolining juda ham kamligi to‘g‘risidagi ma'lumotlar juda ko‘p, shulardan bittasining havolasi bu.

Vaholanki qimor o‘ynashga kirishayotgan har bir odam (a) yutuq ehtimoli yutqizish ehtimolidan solishtirib bo‘lmaydigan darajada kamligini boshidanoq tushunadi, (b) pullarini fikr-mulohaza asosida emas, ehtirosga berilgan holda gardkamiga ishlatish qarorini qabul qiladi.

Shundan kelib chiqib, har qanday biznes qaror, ishtiyoqqa berilib gardkamiga qabul qilingan, demak taqiqlangan qarorga aylanishi mumkin, deyishimiz mumkin. Chunki bu holatda hisob-kitob emas, balki omad omili, hamda muvaffaqiyatning minimal darajada ekanligi haqida tushuncha bor (bu holatni qimmatli qog‘ozlar bozoridagi spekulyativ o‘yinlarda kuzatish mumkin).

O‘yin nazariyasi

Aslida ushbu nazariya tadbirkorlikka bevosita aloqador, chunki barcha biznes munosabatlarni 3 toifaga ajratish mumkin:

 1. O‘zaro g‘alabaga asoslangan o‘yinlar (biznes munosabatlar). Bunda ikki taraf ham umumiy manfaatga ega va foyda ko‘rsalar ham, zarar ko‘rsalar ham birgalikda ko‘radilar. Bunga yaqqol misol qilib sheriklikni (mushoraka yoki muzoraba) keltirish mumkin. Unda ikki sherik foyda olishni ko‘zlab o‘zining moddiy yoki aqliy (bilim va tajriba) imkoniyatlarini ishga soladi. Shu sababli, bunday munosabatlar sheriklarni hamjihatlikka va umumiy maqsad yo‘lida birlashib samarali hamkorlik qilishga yetaklaydi. Islom moliyasi bunday hamkorlikni to‘liq qo‘llab-quvvatlaydi.

 2. Nol (na zarar, na foyda) natijali o‘yinlar. Bunday o‘yinlarda bir tarafning mag‘lubiyati evaziga ikkinchi taraf g‘alaba qozonadi. Bunga yaqqol misol sifatida turli qimor o‘yinlari, lotereyalar va shu kabi odamlarning ehtiros va ishtiyoqiga asoslangan o‘yinlarni keltirish mumkin. Islom huquqshunosligi ishtiyoqqa asoslangan gardkamchilikning har qanday turini, jumladan shunday gardkamchilikka asoslangan tadbirkorlik faoliyatini ham mutlaqo taqiqlaydi. Buning bir qancha sabablari bor:

- boyliklarni taqsimlashdagi yaqqol adolatsizlik, ya'ni maqsadsiz ravishda pul sarflagan o‘n/yuz/minglab kishilarning hisobidan bir nechta kishigina boylik orttiradi (va odatda bunday osonlik bilan mehnatsiz topilgan boylik tezda isrof bo‘lib yo‘qolib ketadi).

- nomutanosib ayirboshlash holati vujudga kelishi, ya'ni sarflangan mablag‘ (lotereya yoki qimor uchun sarflangan pul) evaziga biror qiymatga ega bo‘lgan narsa olinmaydi. Bunday nomutanosib ayirboshlash Alloh tomonidan taqiqlangan bo‘lib, «birovning molini nohaq yeyishga» kiradi.

- qimor biror-bir iqtisodiy manfaat keltirmaydi. Islom huquqshunosligiga asosan sarmoya biror foydali mahsulot va xizmatlarga sarflanishi zarur. Qimor esa mavjud bo‘lgan boyliklarni adolatsiz ravishda qayta taqsimlaydi, xolos. Boshqachasiga buni «qonun doirasidagi o‘g‘rilik» deb atash mumkin.

- gardkamiga qabul qilinadigan qarorlar doimo omadga bog‘liq bo‘lib, ongli ravishda qabul qilingan qaror deb bo‘lmaydi. Alloh taolo esa bizni aqlni ishga solib, tafakkur asosida qarorlar qabul qilishga chaqiradi.

- gardkam qarorlar deyarli doim mag‘lubiyatga olib boradi, islom dini esa biror loyihani boshlashdan avval hisob-kitob qilishga va loyihaning muvaffaqiyatli bo‘lish ehtimoli yuqori bo‘lsagina pul tikishga undaydi, albatta bu qimor konsepsiyasiga zid.

- bunday qarorlar ishyoqmaslikni, mo‘jizaga ko‘r-ko‘rona ishonchni va go‘llikni keltirib chiqaradi. Islom esa mehnat qilishga va halol yo‘l bilan pul topishga chaqiradi.

- qimor va gardkamiga qabul qilingan biznes qarorlar jamiyatda tabaqalanish paydo bo‘lishiga, odamlar boy va kambag‘alga bo‘linishiga sabab bo‘ladi. Islom dini esa doimo ijtimoy adolat nuqtai nazaridan kelib chiqqan holda qarorlar qabul qilishga chaqiradi.

- qimor va shu toifaga kiruvchi o‘yinlar xuddi mast qiluvchi ichimlik va giyohvand moddalar kabi tobelikni keltirib chiqaradi, ruhiy beqarorlikka, aksilijtimoiy xatti-harakatlarning paydo bo‘lishiga sabab bo‘ladi va haqiqatda muhim bo‘lgan ishlardan chalg‘itadi.

- qimorbozlik insonni jinoyat qilishga undaydi, zero pulini yutqazib hech nimasiz qolgan inson har qanday yo‘l bilan bo‘lsa ham tez pul topishni o‘ylaydi va o‘g‘rilik, firibgarlik, poraxo‘rlik kabi jinoiy yo‘llar bilan pul topish taraddudiga tushib qoladi.

- qimor va va gardkamiga qabul qilingan biznes qarorlar aksar hollarda o‘z joniga suiqasd qilish hollari ko‘payishiga, oilalar buzilishiga va boshqa musibatlarga sabab bo‘ladi.

Bu havolada qimor o‘ynashga ishqibozlar orasida o‘z joniga qasd qiluvchilarning nega ko‘p bo‘lishi masalasiga bag‘ishlangan rasmiy ilmiy tadqiqotlar keltirilgan.

Alloh taolo Qur'oni karimda (2:219, 5:90-91) juda katta salbiy - ham iqtisodiy, ham ijtimoiy, ham ruhiy - oqibatlari borligi sabab qimor va shu kabi o‘yinlarni, hamda o‘ylamay, faqat omadga bo‘lgan ko‘r-ko‘rona ishonch asosida qaror qabul qilishni taqiqlagandir, vallohu a'lam.

 3. Aralash toifadagi o‘yinlar. Bunda, avvalgi ikki toifa - hamkorlik va ziddiyatga asoslangan munosabatlar aralashib ketadi. Aslida, iqtisodiy faoliyatning aksariyati aralash toifadagi o‘yinlardan (munosabatlardan) tashkil topgan. Fiqhul muamala tamoyillariga binoan, bunday munosabatlarga faqatgina bir holatda, ya'ni «o‘zaro muvaffaqiyat» ehtimoli «nol natija» ehtimolidan ustun bo‘lgandagina kirishish mumkin.

Biroq, shunday odamlar borki, ular gardkamchilikni ma'lum bir tavakkalga asoslangan biznes qarorlarga taqqoslab, ularni bir-biriga o‘xshatishga urinishadi. Misol uchun, tadbirkor yangi ish boshlaganida u bu ish natijasi qanday bo‘lishini, yoki dehqon ekin ekishni boshlaganda, uning yeri qanchalik hosildor bo‘lishini aniq bilmasdan ish boshlaydi. Lekin bunday o‘xshatish umuman noo‘rin, chunki tadbirkor ham, dehqon ham tabiiy noaniqlik sharoitida qaror qabul qiladi, lekin bu qarorlar ularning bilimi, tajribasi, hisob-kitoblari va boshqa omillarga asoslangan bo‘ladi. Bundan tashqari, ular munosib turmush tarzini ta'minlash uchun qo‘shimcha iqtisodiy manfaat keltirishadi. Qimor jamiyatga qanday foyda keltirishi mumkin?

Shunday qilib, islom, adolat va odob-axloqqa asoslangan halol mehnat ustiga qurilgan va ijtimoiy manfaat payda bo‘lishiga sabab bo‘luvchi hayotni himoya qiladi. Buning aksi o‘laroq, qimor/gardkamchilik va spekulyatsiyalar adolatsizlik, telbalik, andishasizlik va umidsizlikka olib boradi. Moliyaviy munosabatlarga kelsak, gardkamchilik va spekulyatsiyaga derivativlar bilan spekulyativ maqsadlarda savdo qilish yoki qimmatbaho qog‘ozlar bozoridagi spekulyativ birja o‘yinlari misol bo‘lishi mumkin.

Qimmatbaho qog‘ozlar bozori (fond birjalari) yoki ko‘chmas mulk bozorlarida olib borilgan (hech bir quvvatga ega bo‘lmagan pullar bilan bozorni «qizitgan») spekulyativ xatti-harakatlar zamonamizda yuz bergan barcha inqirozlarning sababchisi desak xato bo‘lmaydi (faqatgina 1637 yilda Niderlandiyada yuz bergan dunyodagi birinchi keng ko‘lamli spekulyativ «lola inqirozi» nisbatan uzoq o‘tmishda yuz bergan, xolos).

Spekulyativ harakatlar bilan bog‘liq muammo, bu albatta aktivlarning narxi ularning haqiqiy qiymatidan ancha ustun bo‘lib ketishiga olib boruvchi amaliyotlar bilan bog‘liq. Bu «ortiqcha qiymat» pufak xolos va u bir kun kelib albatta yoriladi. Buni biz 2008 yilda moliyaviy amaliyotlar ko‘lami bilan aktivlarning haqiqiy qiymati o‘rtasida haddan tashqari katta tafovutga yo‘l qo‘yilishi oqibatida yuz bergan jahon inqirozida ko‘rdik.

Tabiiyki, islom huquqi bunday spekulyativ amaliyotlarni butun jamiyatni iqtisodiy/moliyaviy inqirozlar va ularning ayanchli oqibatlaridan himoya qilish uchun taqiqlaydi.

Islom moliyasida bunday spekulyativ harakatlarning tabiiy ravishda oldi olinadi, chunki bunda moliyaviy va iqtisodiy oqimlar bir-biri bilan bevosita bog‘liq bo‘ladi, mavjud bo‘lgan bitta aktiv uchun bir necha marta pul chiqarilmaydi, ya'ni pul oqimlari qo‘shimcha iqtisodiy manfaat (ya'ni mahsulot yoki xizmat ko‘rinishidagi boylik) yaratish jarayoni bilan bevosita bog‘liq bo‘ladi.

Mavzuga oid