O‘zbekiston | 08:27 / 21.05.2019
24729
5 daqiqa o‘qiladi

San'atkorlar soliq to‘lamaydimi? DSQ maxsus ma'lumot bilan chiqdi

Foto: Davlat soliq qo‘mitasi axborot xizmati

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining bir nechta qarorlari bilan konsert-tomosha faoliyatini tartibga solish, uni litseziyalash tartibiga bir qator o‘zgartirishlar kiritildi, deb xabar bermoqda Davlat soliq qo‘mitasi.

Vazirlar Mahkamasining, 2017 yil 11 maydagi 270-son qarori bilan litsenziya va ruxsatnoma talablari hamda shartlariga qat'iy rioya etilishini ta'minlash, lisenziatlar va konsert tomosha tadbirlarining tashkilotchilari tomonidan qonunchilik talablarining bajarilishi yuzasidan tizimli nazorat o‘rnatish «O‘zbekkonsert» davlat muassasasi zimmasiga yuklatildi. Avvallari bu ishlarni «O‘zbeknavo» estrada birlashmasi yuritar edi.

Konsert-tomosha faoliyatini litsenziyalash Milliy estrada san'atini rivojlantirish va muvofiqlashtirish kengashi huzuridagi ijodiy ko‘maklashuvchi vakillar guruhining xulosalari asosida O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi huzuridagi «O‘zbekkonsert» davlat muassasasi tomonidan amalga oshiriladi.

Lisenziyani kimlar olishi mumkin? U faqat ijrochilarga — jismoniy shaxslarga va ijodiy jamoalarga – yuridik shaxslarga beriladi.

«Konsert tomosha faoliyatini litsenziyalash tartibi to‘g‘risida»gi Nizomga kiritilgan o‘zgartirishlarda san'at ahli, shu yo‘nalishda tadbirkorlik bilan shug‘ullanuvchilar uchun bir muncha qulayliklarni ko‘rish mumkin. Aslida olingan litsenziya 5 yil muddatgacha amal qiladi. Ammo talabgorning arizasiga ko‘ra, 5 yildan kam muddatga ham ham berilishi mumkin. O‘zgartirish kiritilgunga qadar, uning «eng kam vaqti» 1 yil edi. Yuqoridagi hujjat bilan u 3 oygacha qisqardi.

Yana bir muhim o‘zgarishni davlat bojini to‘lashda ko‘rish mumkin.

Avvallari bu mablag‘ litsenziya talabgorlari tomonidan estrada san'atini rivojlantirish jamg‘armasining depozit hisob raqamlariga o‘tkazilardi. O‘zgartirish bilan endilikda litsenziyalovchi organning maxsus hisob raqamiga to‘lanadi va u quyidagicha taqsimlanadi:

30 foizi - respublika budjetiga;
70 foizi - O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi huzuridagi Madaniyat va san'atni rivojlantirish jamg‘armasining hisob raqamiga.

Darvoqe, avvallari litsenziya berilgan sanadan bir yil o‘tmasdan litsenziyaning amal qilishi to‘xtatilganda yoki u bekor qilinganda davlat boji bir yillik miqdorda undirilar edi. Endilikda u o‘z kuchini yo‘qotdi.

Tabiiyki, litsenziya olishga talabgorlarda qancha miqdorda davlat boji to‘lashi haqidagi ma'lumot ham qiziqtiradi. Uni undirishda adolatlik tamoyiliga amal qilinadi. Konsert-tomosha faoliyatini amalga oshirish huquqiga litsenziya olgan yuridik shaxslar har bir ijrochiga berilgan reyting guruhiga bog‘liq ravishda tabaqalashtirilgan miqdorlarda davlat boji to‘laydilar.

Davlat boji miqdori har bir litsenziya talabgori uchun unga berilgan reyting guruhiga bog‘liq ravishda belgilanadi.

Masalan, 1 guruhga mansublar ijodiy faoliyati davomida kamida 5 ta musiqiy albom chiqargan, atoqli yozuvchi va shoirlar bilan o‘zaro hamkorlikni yo‘lga qo‘ygan bo‘lishi lozim. Shuningdek, «O‘zbekiston Respublikasi xalq artisti» yoki boshqa faxriy unvonlari hamda respublika va xalqaro darajadagi ko‘rik tanlov g‘olibi diplomlari mavjudligi inobatga olinadi. Hamda bu guruhdagi eng kam oylik ish haqining 195 baravari miqdorida davlat boji to‘laydilar. Shu to‘langan mablag‘ hisobida soliq ushlab qolinadi. San'atkorlar o‘zining ijodiy yo‘nalishida boshqa turdagi soliqlarni to‘lamaydi.

O‘zgartirishlarda keksa yoshdagilar, nogironlar yoshlar manfaatiga ham alohida e'tibor berilgan.

Masalan, pensionerlar, I va II guruh nogironlari konsert-tomosha faoliyatini amalga oshirish huquqi uchun davlat bojlaridan ozod qilingan. IV reyting guruhiga mansub, ta'lim muassasalarida o‘qiyotgan hamda birinchi marta litsenziya olayotgan ijrochilar ushbu ta'lim muassasasida ta'lim olish davrida (tegishli tasdiqlovchi hujjat mavjud bo‘lganda), biroq litsenziya berilgan sanadan boshlab ko‘pi bilan bir yil mobaynida davlat boji to‘lamaydi. Agarda bu guruhga kiritilganlar eng kam oylik ish haqining 40 barobari miqdorida davlat boji to‘lashi kerakligini inobatga olsak, demakki, ularga ijodiy faoliyatini yanada rivojlantirish uchun imkoniyat taqdim etilmoqda. 

Mavzuga oid