Hokimliklar va hokimiyat: O‘zbekistonliklar o‘z hokimlari haqida qanday fikrda?
So‘nggi vaqtlarda O‘zbekistonda ayrim hokimlar ustidan shikoyat qilinishi holatlari ko‘paymoqda. Sabablar turlicha, lekin eng asosiy muammolar — bu yer ajratish va bino-inshootlarni buzish ishlariga taalluqli.
Hokimlarning faoliyati O‘zbekiston Respublikasining 1993 yil 2 sentyabrda qabul qilingan va keyinchalik o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritilgan «Mahalliy davlat hokimiyati to‘g‘risida»gi Qonuni asosida tartibga solinadi.
Ushbu qonunning 10-moddasida viloyat, tuman, shahar hokimi korxonalar, muassasalar, tashkilotlar, dehqon xo‘jaliklari va fuqarolarga egalik qilish, foydalanish uchun va ijaraga yer berishga, bu sub'yektlarning yerga egalik qilish va yerdan foydalanish huquqini to‘xtatib qo‘yishga, shuningdek, yerlarni olib qo‘yishga haqli ekani, qabul qilingan bu xususdagi qarorlar xalq deputatlari tegishli Kengashi tomonidan tasdiqlanishi belgilab qo‘yilgan. Bundan kelib chiqadiki, hokim mazkur hududda hamma narsani hal qilishga qodir yagona shaxs bo‘lib qolmoqda. Xalq deputatlari kengashi ham befoyda organ, chunki ularga ham hokimlarning o‘zi rahbarlik qiladi. Hokim kengash orqali o‘zining qaroriga qarshi chiqmaydi-ku, to‘g‘rimi?
E'tibor qilsangiz, yer ishlari bilan bog‘liq muammolarni hal etuvchi boshqa tuzilmalar ham bevosita hokimga bo‘ysunadi. Bu — amalda mahalliy hokimiyat bir kishining qo‘lida jamlanganini anglatadi.
Shu yilning 18 may kuni Xalqaro press-klubning sessiyasi Prezidentning «Tadbirkorlik faoliyatini himoya qilish tizimini tubdan takomillashtirish va prokuratura organlari faoliyatini optimallashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi PF–5690-sonli farmoni muhokamasiga bag‘ishlandi. Sessiyada tadbirkorlarga yer ajratib berishda mavjud muammolar sanab o‘tildi.
«Yer ajratishda byurokratik to‘siqlar bor. Viloyatlarda hokimliklar yerni auksionga chiqarmayapti. Hujjatlar stol ustida qolib ketyapti. Hokimlikning yer ajratish bo‘yicha vakolatini qisqartirish kerak. Shu sababli Yer kodeksiga o‘zgartirishlar kiritilmoqda», — dedi tadbir davomida adliya vaziri Ruslanbek Davletov.
Kun.uz «Sizning fikringiz» Telegram kanalida so‘rov o‘tkazdi. E'tibor qiling, so‘ralganlarning 1939 nafari yoki 67 foizi hokimlarga haddan ziyod vakolatlar berib yuborilgani haqidagi fikrni yoqlashmoqda. Shu bilan birgalikda, so‘ralganlarning 33 foizi hokimlar keng vakolatlarga ega emas, deb hisoblashar ekan.
«Hokimlarni saylash kerakmi yoki tayinlash» degan savolga 2615 kishi javob bergan. So‘ralganlarning aksariyati yoki 72 foizi hokimlar mahalliy aholi tomonidan saylanishi kerak, deb hisoblaydi. 15 foiz odamlarning fikricha, hokimlarni prezident tayinlashi to‘g‘ri bo‘ladi. 4 foiz kishi hokimlar deputatlar tomonidan saylanishi kerakligi aytishgan, faqatgina 2 foiz kishi hokimlar bosh vazir tomonidan tayinlanishi kerakligini yoqlashgan. So‘rovnomada qatnashganlarning 7 foizi javob berishga qiynalishgan.
Eslatib o‘tamiz, 2016 yilning dekabrida O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev hokimlarni lavozimga saylash yo‘li bilan tayinlashni taklif qilgan edi.
«Kelgusida biz mahalliy hokimlarni bevosita xalq tomonidan saylash masalasi haqida ham o‘ylab, muhokama qilib ko‘rishimiz kerak. Har bir hudud o‘z rahbarini o‘zi saylasa, rahbarlarning xalq va jamiyat oldidagi mas'uliyatini keskin oshirishga erishish mumkin», — degan edi o‘shanda davlat rahbari.
So‘ralganlar o‘z hokimlarining ishidan qoniqish-qoniqmasligini ham bildirib o‘tishgan.
E'tibor qiling, so‘rovda ishtirok etgan 1696 kishining 65 foizi o‘z tumanidagi hokimning ishidan qoniqmasligini bildirgan. Ularning 14 foizi hokimning faoliyatidan qisman qoniqishi, 8 foizi to‘liq qoniqishini qayd etishgan, 13 foizi javob berishga qiynalishgan.
Toki hokimiyat bir insonning qo‘lida jamlangan ekan, odamlar uning ishidan qoniqmasligi tabiiy. Amaliyot shuni ko‘rsatmoqdaki, joylardagi har qanday maishiy muammolar hokimlik bilan bog‘liq. Bu buzish muammolari deymizmi yoki yer ajratish, shuningdek, ichimlik suvi, yo‘llarga asfalt yotqizish, daraxtlar, obodonchilik, kreditlar, ish o‘rinlari, jinoyatchilik va h.k.lar
Bu jarayonga boshqa idoralarni ham qo‘shish maqsadga muvofiq bo‘lar edi. Masalan, Adliya vazirligi va uning joylardagi bo‘limlarini. Har qanday hujjat, ayniqsa yer ajratish yoki uni olib qo‘yish haqidagi hujjatlar tegishli tarzda huquqiy ekspertizadan o‘tkazilmog‘i lozim. Ana shundagina yerga nafaqat hokimliklar, shuningdek, adliya organlari ham javobgar bo‘lishardi. Umuman, adliya organlari mulkdorning huquqiy himoyasini ta'minlardi. Lekin shu faktni ham qayd etish kerakki, adliya organlari ham mahalliy hokimiyat vakillari hisoblanishadi va bevosita Vazirlar Mahkamasiga bo‘ysunishadi.
Masalan, to‘rtta ko‘p qavatli uy turibdi, uning narirog‘ida bolalar maydonchasi va kichikroq stadion bor. Hokim bu joyni tadbirkorga supermarket qurilishi uchun berishga qaror qildi. Ana shundan muammo kelib chiqadi.
Birinchidan, hokim hech kimga hisobot bermaydi, unga farqi yo‘q. Yer va hudud uniki. Xohlasa yerni ajratib beradi, istasa — olib qo‘yadi. Hech kim kelib unga yo‘q deya olmaydi, bu ayniqsa viloyatlarda yaqqol ko‘zga tashlanadi. Toshkentda fuqarolar e'tiroz bildirishlari mumkin, lekin hududlarda ko‘pchilik odamlar shunchaki qo‘l siltab qo‘ya qolishadi.
Ikkinchidan, agar hokim bir narsalarni isbotlay boshlasa, unga nisbatan qarshi isbotlarning o‘zi yo‘q. Deputatlar hokimga bo‘ysunadi, joylardagi barcha davlat organlari bevosita Vazirlar Mahkamasiga bo‘ysunadi, hokim esa hukumatning joylardagi bosh vakili hisoblanadi, ya'ni u eng katta boshliq. O‘z-o‘zidan, barchasini hokim hal qiladi.
Smartgov Consulting konsalting byurosining ijrochi direktori Aziza Umarovaning fikricha, bu sohadagi muhim yo‘nalishlardan biri davlat xizmatining isloh qilinishi bo‘lmog‘i kerak. Xususan, tegishli davlat dasturida davlat xizmati haqidagi qonunning qabul qilinishi yozib qo‘yilgan.
«Mamlakatimizda davlat xizmati haqidagi qonunning qabul qilinishi nima uchun o‘ta muhim? Bunday qonunlar 90-yillar oxirlarida va 2000-yillar boshida Turkmaniston va O‘zbekistondan boshqa MDHning barcha davlatlarida qabul qilingan. Davlat xizmati ishlari bo‘yicha vakolatli organ tashkil etilishi va tegishli qonun qabul qilinishi davlat xizmatining professionallashuvini ta'minlashga xizmat qiladi. Davlat xizmatchisining huquqiy statusi, uning funksional majburiyatlari, hisobdorlik tizimi aniqlashtirishi, faoliyatining baholanish va davlat xizmati ichida karera pillapoyalaridan ko‘tarilish tizimi yaratilishi lozim. Bu har bir insonga uning ishini kim va qanday baholayotganini tushunish imkonini beruvchi barqarorlikni ta'minlaydi»,— deya qayd etgan u.
Aziza Umarovaning fikricha, aynan professional davlat xizmati vazifalarni o‘z muddatida va a'lo darajada bajarish uchun davlat xizmatiga eng yaxshi kadrlarni jalb etish imkonini beruvchi meritokratiyani yaratadi. Masalan, kompetensiyaga (yetakchilik qobiliyati, tahlil qilish ko‘niqmasi, jamoada ishlash malakasi, o‘z ortidan ergashtira olish va h.k.) tayanib, markazlashtirilgan konkurs tanloviga o‘tish.
Bundan tashqari, davlat xizmati davlat xizmatchilarida yagona etika qoidalari va qadriyatlari ishlab chiqilishini, davlat organlari ichida vakolatni suiiste'mol qilish yoki haqorat qilganlik to‘g‘risidagi arzlarni ko‘rib chiquvchi vakolatli shaxs pozitsiyasini yaratishni nazarda tutadi.
«Moliya vazirligi Butunjahon banki bilan birgalikda davlat xizmatchilarini moliyaviy rag‘batlantirish tizimini o‘rganishda davom etmoqda. Bu juda ajoyib va uzoq kutilgan qadam. Davlat xizmatchilari hozirgidan karrasiga ko‘proq maosh olishlari lozim, yo‘qsa korrupsiyani yengib bo‘lmaydi. Lekin, qo‘rqamanki, birgina moliyaviy rag‘batlantirish muammoni hal eta olmaydi. Professional davlat xizmatining yaxlit tizimini barpo etish kerak. Bu borada qilinadigan ishlar esa juda ko‘p», — deya muxtasar qilgan Umarova.
Umuman olganda, hokimlarga maslahatchilar, konsultantlar, raqobatchilar va «miya» markazlari kerak. Yetarli tarzda nazorat ham lozim. Hokimlar kimningdir oldida javob berishi kerak, lekin bu o‘zlari rahbarlik qilayotgan kengash bo‘lmasligi lozim.
Hokimiyat bir kishining qo‘liga tushib qolsa nima bo‘ladi? Albatta bu korrupsiya, mahalliychilik, tanish-bilishchilikni keltirib chiqaradi, pirovard natijada hududlar parokanda bo‘ladi, joylarda muammolarning adog‘i ko‘rinmay ketadi.
Umid qilamizki, parlament va hukumat bu muammolar bilan shug‘ullanadi va tez orada hokimlar jamiyat va mamlakat ravnaqi uchun xizmat qila boshlashadi. Bir hokim kelib qurgan narsani ikkinchisi kelib buzishdek bo‘lmag‘ur ishlarga barham beriladi.
Ulug‘bek AKBAROV.
Mavzuga oid
14:21 / 21.12.2024
Hokimlar va futbol. Yil boshidagi maqsad va xarajatga yarasha qanday natijaga erishildi?
17:35 / 02.12.2024
So‘rovnoma: Uyni isitishga necha pul sarflaysiz?
20:18 / 30.11.2024
Energetika sohasidagi sustkashlik uchun 14 nafar hokimga hayfsan berildi
17:03 / 29.10.2024