Fan-texnika | 08:50 / 26.06.2019
37729
2 daqiqa o‘qiladi

Smartfonlarning yangi xavfi aniqlandi 

Foto: iStock

Smartfonlar miya kasalliklariga olib kelishi-kelmasligi hali oxirigacha noma'lum. Biroq shunisi ma'lumki, mobil qurilmalar bakteriyalar, viruslar, zamburug‘ va boshqa zararli mikroorganizmlar o‘chog‘i hisoblanadi.

Smartfonlar unitaz o‘rindig‘idan ham iflosroq bo‘lishi haqida mikrobiologlar bir necha yil avvaloq ogohlantirishgan. Endi esa smartfonlarning o‘zida infeksiyalarni yig‘ishi bilan bog‘liq yangi xavf aniqlandi.

Gap shundaki, shifokorlar tomonidan tibbiyot muassasalarida qo‘llanuvchi smartfonlar o‘zida kasallik qo‘zg‘atuvchi patogen mikroflorani to‘playdi. San-Paulu G‘arbiy universitetida (Braziliya) o‘tkazilgan tadqiqot mobil qurilmalarda aniqlangan bakteriyalarning 85 foizi penitsillin antibiotikiga chidamli ekanini, 50 foizi esa yuqori adgeziya, ya'ni yuzalarga yopishib olish qobiliyatini namoyish qilgan.

Tadqiqot davomida tibbiyot kurslari – stomatologiya, biomeditsina, hamshiralik ishi talabalari smartfonlarining patogen florasi o‘rganilgan. Ulardan hamshiralarning smartfonlarida eng ko‘p bakteriyalar aniqlangan.

“Uyali telefonlarning shifoxonalar va tibbiyot muassasalarida keng qo‘llanishi shifoxona ichidagi infeksiyalarning ayniqsa yuqori gigiyena standartlari amal qilinishi kerak bo‘lgan joylarda, masalan, operatsiya xonalarida tarqalishi bilan bog‘liq jiddiy xavotir uyg‘otadi”, deb aytgan universitet professori Lizzian Kretli.

Uning aytishicha, tibbiy xodimlarga aloqada qolish va ma'lumot izlashda yordam beruvchi smartfonlar shu bilan birga bemorlarga yuqishi mumkin bo‘lgan bakteriyalar uchun rezervuar bo‘lib xizmat qiladi.

Mavzuga oid