Jamiyat | 20:20 / 05.07.2019
33327
4 daqiqa o‘qiladi

Savol hamon ochiq: Arnasoy voqeasida kim shantajchi?

2 iyul kuni Kun.uz saytida Jizzax viloyati Arnasoy tumani IIB rahbar xodimlari g‘alla o‘rimini nazorat qilish chog‘ida fermerlardan birining otasini urgani, jabrdiyda tuman Markaziy shifoxonasi shoshilinch tibbiy yordam bo‘limida ekani haqida maqola berilgandi.

4 iyul kuni Ichki ishlar vazirligi bu mavzu yuzasidan rasmiy munosabat bildirdi. Unda jurnalist masalani chuqur o‘rganmasdan, noxolis faoliyat olib borishda ayblangan. Boshqa nashrlarda ham bu raddiya «Kim kimni shantaj qilyapti?..» sarlavhasi ostida nashr qilindi.

Avvalambor, ushbu holatga IIB xodimlarining mutlaqo aybsiz ekanligi va fuqaro «shantaj» qilayotgani haqida izoh berilishiga ancha erta, deb hisoblaymiz. Sababi ushbu hodisa yuzasidan Arnasoy tuman prokuraturasi tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda. Ushbu holat bo‘yicha prokuraturaning qonuniy qarori qabul qilingani va hodisa ishtirokchilarining xatti-harakatlariga huquqiy baho berilgani yo‘q.

Bundan tashqari, muxbir Arnasoy tumaniga fermerning davlatga g‘alla topshirish rejasini bajargani yoki bajarmaganini aniqlash uchun emas, balki aynan Kun.uz tahririyatiga qilingan murojaat bo‘yicha holatni o‘rganish uchun kelgan edi. 

Ikkinchidan, Kun.uz muxbiri holat yuzasidan izoh olish maqsadida Arnasoy tuman IIBning eshigi oldida sal kam 3 soat kutib o‘tirdi. Biroq aynan maqolada nomlari tilga olingan IIB rahbarlari (hodisa ishtirokchilari)dan izoh olishning imkoni bo‘lmagan.

Uchinchidan, fermer xo‘jaligining imtiyozli kreditdan qarzdorligini so‘ndirish bilan qachondan buyon tuman IIB boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari shug‘ullanadigan bo‘lib qoldi?.. Kredit qarzdorligi masalasiga chuqurroq to‘xtaladigan bo‘lsak, bu masalani hal etishning qonuniy yo‘li mavjud emasmi?

Fuqaroning tan jarohati olgani haqida huquqni muhofaza qiluvchi organlarga xabar berilgan. Hodisa yuzasidan Arnasoy tuman prokuraturasi shug‘ullanmoqda va O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat protsessual kodeksining 329-moddasi talabiga muvofiq qonuniy qaror qabul qilinishi lozim. Tabiiyki tan jarohati olgani gumon qilinayotgan shaxsga nisbatan sud-tibbiy ekspertizasi tayinlanishi shart.

Munosabatdagi, «tibbiy tekshiruv paytida Mamatqul Ahmedovning tanasida qizarish, ko‘karish, shishish, yirtilish aniqlanmadi. Agarda unga zarba berilganida ushbu belgilardan biri tanada ko‘rinardi. Mamatqul Ahmedovning terisi oq bo‘lgani bois har qanday o‘zgarish sezilmasdan qolmasdi. Shu sababli unga hech qanday tan jarohati yetkazilmagani aniq», deya uzil-kesil xulosa qilinishi ham aynan bir taraflama fikr yuritilgani dalilidir.

Chunki, Respublika shoshilinch tez tibbiy yordam ilmiy markazi Jizzax filialining 02.07.2019 yildagi 5284-sonli ma'lumotnomasida fuqaro Mamatqul Ahmedovga «Bel sohasi yumshoq to‘qimasining lat yeyishi, Th 12 ko‘krak umurtqasining kompression sinishi» tashxisi qo‘yilgan.

Ushbu tashxisni yana bir mustaqil tekshiruv natijasi ham isbotlab turibdi. «O‘RDA» sog‘lomlashtirish markazida o‘tkazilgan magnit-tomografik tekshiruv xulosasida ham yuqoridagi tashxis tasdiqlangan.

Fuqaro M.Ahmedovning tahririyatga telefon orqali ma'lum qilishicha, nihoyat ish o‘zlariga teskari keta boshlagach, bugun tuman faollari va mahalla oqsoqollaridan vakillar, ishni yopdi-yopdi qilishga urinish uchun uning yoniga kelishgan.

Bu masalaga Arnasoy tuman prokuraturasi tomonidan qonuniy qaror qabul qilinganidan so‘ng yana qaytamiz.

Kun.uz tahririyati

Mavzuga oid