O‘zbekiston | 21:00 / 19.07.2019
12857
4 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston hududlari turistik logotiplariga doir tanlov yakunlari e'lon qilindi

Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi O‘zbekiston Respublikasi hududlarining turistik brendlarini ishlab chiqishga doir tanlov yakunlarini e'lon qildi.

Tanlov O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «O‘zbekiston Respublikasida turizm tarmog‘ini jadal rivojlantirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi farmoni bilan tasdiqlangan «2019-2025 yillarda O‘zbekiston Respublikasida turizm sohasini rivojlantirish Konsepsiyasi»ni amalga oshirish bo‘yicha «2019 yilgi chora-tadbirlar rejasi»ga muvofiq o‘tkazildi.

O‘tkazilgan ochiq umumxalq onlayn ovoz berish jarayoni natijalariga ko‘ra, viloyatlarning 9ta turistik logotipi tanlab olindi. 5ta hudud bo‘yicha g‘olib aniqlanmadi, sababi – ishtirokchilarning 20 foizi barcha variantga qarshi ovoz berishdi.

Buxoro viloyatining turistik logotipi – lotincha B harfi bilan birlashtirilgan «Minorai Kalon» tasviri, muallif Jasur G‘ayratov, 9825ta (27,3 foiz) ovoz to‘plagan.  

Qashqadaryo viloyatining turistik logotipi – uchta barg – Amir Temurning tamg‘asiga ishora, muallif Aslan Mo‘ydinov, 2859ta (63,5 foiz) ovoz to‘plagan.  

Namangan viloyatining turistik logotipi – lotincha N harfiga moslashtirilgan gul novdasi va gulbargi, muallif Jasur G‘ayratov, 3315ta (42,3 foiz) ovoz to‘plagan.  

Samarqand viloyatining turistik logotipi – «Registon» ansambli, tog‘lar, ko‘k gumbazlar va Samarqand noni tasviri, muallif Elmira Abizbayeva, 8494ta (50,8 foiz) ovoz to‘plagan.  

Surxondaryo viloyatining turistik logotipi – Surxondaryo kanonlari va kuydiruvchi oq quyosh, muallif Habiba Nigmatullayeva, 5866ta (51,4 foiz) ovoz to‘plagan.  

Sirdaryo viloyatining turistik logotipi – oqqush va Sirdaryo to‘lqinlari tasviri, muallif Zilola Muhammadjonova, 7542ta (47,8 foiz) ovoz to‘plagan.  

Toshkent viloyatining turistik logotipi – yashil yaproqlardan iborat T harfi va suv resurslarining serobligiga ishora qiluvchi ko‘k belgilar, muallif Aslan Mo‘ydinov, 3507ta (51 foiz) ovoz to‘plagan.  

Toshkent shahrining turistik logotipi – ochiq holatdagi oltin darvoza va musaffo osmon ko‘rinishidagi T harfi, muallif «Ma'no Brending», 26296ta (34,7 foiz) ovoz to‘plagan.  

Xorazm viloyatining turistik logotipi – qadimiy arxitektura naqshlari, paxta chanog‘i, Amudaryo to‘lqinlari va ko‘zmunchoq, muallif Xorazm viloyatining Turizmni rivojlantirish departamenti, 9972ta (32,9 foiz) ovoz to‘plagan.  

Andijon, Jizzax, Navoiy, Farg‘ona viloyatlari va Qoraqalpog‘iston Respublikasi turistik logotiplari bo‘yicha g‘olib aniqlanmagan va tanlov takroran o‘tkaziladi.

Qayd qilish joizki, tanlovda Aslan Mo‘ydinov va Jasur G‘ayratov tomonidan taqdim qilingan 2ta logotip g‘olib chiqqan.

Mavzuga oid