Jamiyat | 20:55 / 26.07.2019
3920
2 daqiqa o‘qiladi

«1300dan ortiq ayollarning buzilgan mehnat huquqlari tiklandi» – vazir o‘rinbosari

Joriy yilning birinchi yarim yilligida mehnat organlariga xotin-qizlardan aholi bandligi va mehnatni muhofaza qilishga oid 3 ming 330ta murojaat kelib tushgan. O‘rganishlar natijasida 2 ming 23ta ariza bo‘yicha tushuntirishlar berilib, 1 ming 307 nafar ayolning buzilgan mehnat huquqlari tiklangan. Bu haqda bugun Oliy Majlis Senatida o‘tkazilgan anjumanda bandlik va mehnat munosabatlari vazirining o‘rinbosari Bahodir Umrzoqov ma'lum qildi.

Hisobot davrida ayollarni ishga qabul qilishda gender nuqtai nazardan 274ta, ishdan bo‘shatishda 319ta, mehnatga haq to‘lashga oid 2 ming 59ta, xotin-qizlarning kamsitilishiga taalluqli 432ta qonunbuzilish holatlari aniqlangan. 39ta holatda ayollar majburiy mehnatning turli shakllariga jalb etilgani ayon bo‘lgan. Ijtimoiy himoyaga muhtoj 24,7 ming nafar ayol, jumladan, ta'lim muassasalarini bitirgan qizlar, kichik yoshdagi bolali ayollar, yolg‘iz onalar hamda 14 yoshgacha va nogiron farzandlari bor ayollar maxsus zaxiralangan ish o‘rinlariga ishga joylashtirilgan.

Tadbirda aytilishicha, iqtisodiy faol aholi tarkibida ayollar ulushi 45,7 foizni tashkil etmoqda. Ayrim sohalarda ishlayotgan xodimlar tarkibida ayollarning ulushi yuqori. Masalan, sog‘liqni saqlash va ijtimoiy xizmat ko‘rsatish sohasida ularning ulushi 76,6 foiz, ta'lim sohasida 75,6 foizdan iborat, ya'ni 10 nafar xodimning 7 nafari xotin-qizlar hisoblanadi.

Mavzuga oid