Jahon | 09:30 / 02.08.2019
15074
2 daqiqa o‘qiladi

Bangkokda 7 ta portlash sodir bo‘ldi

AFP / Lillian SUWANRUMPHA

Tailand poytaxti Bangkokning markaziy tumanlarida 7 ta portlash sodir bo‘ldi. Bu haqda Nation TV xabar berdi

Birinchi uchta portlash Pratu Nam tumanida soat 5.00dan keyin 5-7 daqiqa farq bilan yangragan. Birinchi portlash Pxetchaburi ko‘chasida, qolgan ikkita portlash 300 metr nariroqdagi Indra Regent Hotel mehmonxonasining birinchi qavatida sodir bo‘lgan.

Birinchi portlash oqibatida munitsipal xizmatlarning ko‘cha tozalayotgan ikki xodimi jabr ko‘rgan: portlovchi modda to‘kilgan yaproqlar orasida yashirilgan bo‘lgan. Ular yengil jarohatlar olgan.

Ta'kidlash joiz, Pratu Nam tumani joriy haftada Janubi-Sharqiy Osiyo davlatlari assotsiatsiyasiga (ASeAN) a'zo davlatlar vazirlari uchrashuvi o‘tayotgan Centara Grand mehmonxonasi kongress-markazi yaqinida joylashgan.

Yana ikkita portlash soat 8.00 atrofida yer usti metrosining “Chongnonsi” stansiyasi yaqinida yangragan. Bu tumanda bir nechta bank va bir qator elchixonalar ofislari joylashgan bo‘lib, portlashlar oqibatida hech kim jabrlanmagan.

Soat 9.30larda qirol Rama To‘qqizinchi nomidagi ko‘chada, hukumat binolari majmuasi yaqinida yana ikkita portlash yangragan. Bu portlashlarda biror kim jabrlangani hozircha noma'lum.

Politsiya shahar aholisi va mehmonlarga ehtiyotkor bo‘lish va shubhali buyumlar haqida xabar berish chaqirig‘i bilan murojaat qilgan.

Mavzuga oid