O‘zbekiston | 12:33 / 03.08.2019
16282
3 daqiqa o‘qiladi

YHXBB: «Vatanparvar» malaka sertifikati bo‘yicha kurslar ochmoqda

Foto: KUN.UZ

O‘zbekiston Respublikasining 2019 yil 2 maydagi “O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat, Jinoyat-protsessual kodekslariga hamda O‘zbekiston Respublikasining Ma'muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish haqida”gi O‘RQ-534-son Qonuniga asosan O‘zbekiston Respublikasining Ma'muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 135-moddasi birinchi qismiga o‘zgartirishlar kiritilgan.

Unga asosan yuridik shaxslarning transport vositalari haydovchilarining, shu jumladan yo‘lovchi yoki yuk tashish faoliyatini amalga oshiruvchi haydovchilarning malaka oshirishdan o‘tganligi to‘g‘risidagi sertifikati bo‘lmagan taqdirda ularga nisbatan ma'muriy chora ko‘rilishiga, ya'ni eng kam ish haqining bir baravari miqdorida jarima solishga sabab bo‘ladi. Qonun bilan kiritilgan mazkur o‘zgartirishlar joriy yilning 4 avgust kunidan kuchga kiradi.

Amaldagi “Yo‘l harakati qoidalari”ning 7-bandiga asosan transport vositasining haydovchisi ichki ishlar organlari xodimlari talab qilganda, qonun hujjatlarida nazarda tutilgan holatlarda — haydovchilar malaka oshirgani to‘g‘risidagi sertifikatini tekshirish uchun taqdim etishi shart.

O‘zbekiston Respublikasi IIV Yo‘l harakati xavfsizligi bosh boshqarmasi eslatishicha, yuridik shaxs maqomiga ega korxona va tashkilotlar rahbarlariga joriy yilning 4 avgust kunidan e'tiboran “Yo‘l harakati qoidalari” talablarini buzgan, ya'ni malaka oshirishdan o‘tganligi to‘g‘risidagi sertifikati bo‘lmagan haydovchilarga nisbatan tegishli ma'muriy jazo choralari qo‘llaniladi.

Ta'kidlanishicha, kuni kecha ijtimoiy tarmoqlarda Avtotest Report MChJ yuridik shaxslarning transport vositalari haydovchilarini, shu jumladan yo‘lovchi yoki yuk tashish faoliyatini amalga oshiruvchi haydovchilarning malakasini oshirish bo‘yicha faoliyatini to‘xtatishini e'lon qildi. Bu xabar e'lon qilingach, harakat ishtirokchilarida “endi, malaka oshirish uchun qayerga murojaat qilishimiz kerak?” degan savollar tug‘ildi. 

IIVning shunga javoban ma'lum qilishicha, hozirgi kunda O‘zbekiston Mudofaasiga ko‘maklashuvchi “Vatanparvar” tashkiloti malaka oshirish kurslarini ochish uchun litsenziya olish ishlarini nihoyasiga yetkazmoqda. “Vatanparvar” tashkilotining respublikaning barcha hududlarida tarmoqlari mavjud. Yaqin kunlarda yuridik maqomdagi tashkilotlar “Vatanparvar” tashkilotining hududiy tarmoqlariga murojaat qilishlari hamda belgilangan tartibda malaka oshirish kurslarida o‘qishlari mumkin bo‘ladi.

Mavzuga oid