Light | 20:01 / 06.08.2019
9594
5 daqiqa o‘qiladi

«Parvoz zavqi» - parvoz zavqi haqida asar

Richard Baxning «Parvoz zavqi» kitobini o‘qib chiqdim. Rosti, ayrim kitoblarni bir o‘qishni boshlab keyin tashlab ham qo‘yaverardim. Lekin «Parvoz zavqi»ni bir qo‘lga olib oxirigacha o‘qimaguncha ko‘nglim tinchimadi. Ehtimol bunga kitobning sodda va ravon yozilganligi sabab bo‘lgandir. Xo‘sh, bu asar nimasi bilan meni sehrlab oldi, uni nima uchun tavsiya qilyapman?

Ko‘pchiligimiz ertadan kechgacha qayoqqadir shoshilamiz, yumushlarimizni tugatishga intilamiz. Shu tariqa kun, oy, hatto yillar ham o‘tib ketaveradi. Yonimizdan sirg‘alib o‘tib ketayotgan yillarni sezmay qolamiz va afsuski shu asnoda o‘zimizni qayerdan kelib, qayerga ketayotganimizni ham goho tahlil qilolmaymiz. «Parvoz zavqi» qahramoni Jonatan ismli baliqchi qush atrofidagilarga qaraydi, ularning bir xilda o‘tadigan kunlari, faqat yemish uchun intilishlari unga juda zerikarli tuyuladi. Axir, hayot faqat suv yuzasiga chiqib qolgan o‘limtik baliqlarni yeyishdan iborat emas-ku, umrimizni bundan kattaroq va salmoqliroq vazifaga sarflaganimiz ma'qul deb o‘ylaydi. U nafaqat o‘ylaydi, balki shu asnoda yuqoriroqqa, o‘zidan oldingilar zabt etmagan tepaliklarga uchishga erishadi. Afsuski, xuddi hayotdagidek u ko‘tarilgani sari uni tushunadiganlar, uni qo‘llab quvvatlaydiganlar kamayadi. Axir kuning tinch o‘tayotgan bo‘lsa, yemish tayyor bo‘lsa, yuqoriga chiqishni, tepalikka parvoz qilishni o‘rganishning nima keragi bor? Jonatanning qabiladoshlari shunday fikrda. Bu Jonatanni ham o‘z fikridan qaytarishi mumkin edi. Lekin u bir bor bo‘lsa-da parvoz mashaqqatini, qiyinligini va albatta zavqini tuygandi. Endi uni hech kim va hech narsa parvoz zavqidan mahrum qilolmasdi. 

Siz oxirgi marta qachon orzu qildingiz? Aminmanki, ko‘pchiligingiz eslolmaysiz. «Parvoz zavqi»ni o‘qib undan ruhlangach, orzu qilishdek buyuk ne'matni unutib qo‘yganimni sezdim va yana xuddi bolakaydek orzu qila boshladim. 

Ushbu kitob hech mubolag‘asiz o‘zligingizni topishga yordam beradi. Bu dunyoda tomoshabindek emas, o‘yinchidek yashash kerakligini anglatadi. O‘zi kichik, ammo maqsadi ulkan qushcha bilan vaqtingiz qanday o‘tganini sezmay qolasiz. U bilan birga hayajonlanasiz, kuyinasiz, maqsad qo‘yasiz va hayotga yanayam muhabbat bilan qaray boshlaysiz. 

Aslida har birimizda Jonatanga o‘xshagan qushcha yashaydi, afsuski, uni payqashga doim ham vaqt topolmaymiz. Ikkinchi darajali yumushlar uchun vaqtimizni, umrimizni sarflab, asosiy vazifamiz kimgadir yordam berish, ezgulik uchun shoshilishga ulgurmay qolamiz. Jonatan esa muhimi tezlikka erishish, asosiy ishlarga ulgurish ekanligini uqtiradi. 

Kitobdan iqtiboslar: 

Sen aqldan ozgan qushlar to‘dasini sevishing shart emas. Sen umuman nafrat va yovuzlikka mehr-muhabbat bilan javob qaytarishing shart emas. Sen mashq qilishing va bu qushlarning har birida rahmdil asl baliqchi qushni ko‘rishing hamda ularga o‘zlaridagi o‘sha baliqchi qushni ko‘rishlariga yordam berishing kerak. Mana shu yordamni men muhabbat, mehr, rahm deb atayman. Sen hamma narsani bilishing mumkin, ammo buni amaliyotda isbot qilmasang, demak, hech narsani bilmaysan.

*** 

Baliqchi qush qanchalik yuksak parvoz qilsa, shunchalik uzoqni ko‘ra oladi.

***

Jonatan baliqchi qushlarning umri nima uchun qisqaligini angladi: ularning umrini zerikish, qo‘rquv va g‘azab yeb qo‘yardi, ammo Jonatan zerikish, g‘azab hamda qo‘rquvni unutdi va uzoq baxtiyor hayot kechirdi.  

Zuhra Ro‘ziyeva, kitobxon

Mavzuga oid