Jahon | 08:55 / 29.08.2019
21532
2 daqiqa o‘qiladi

Amerikalik ayol teleboshlovchi tezlik rekordini o‘rnatish vaqtida halok bo‘ldi

Foto: Zuma Press/TNS

Poygachi va “Afsonalarni vayron qiluvchilar” (MythBusters) ko‘rsatuvi boshlovchisi 36 yoshli Jyessi Kombz  reaktiv avtomobilda tezlik rekordini o‘rnatishga urinish vaqtida halok bo‘ldi. Bu haqda Autoblog sayti xabar berdi. 

Avtohalokat Oregon shtatidagi Alvorda cho‘lida yuz bergan. Mahalliy sherif idorasida xabar qilinishicha, fojia 27 avgustda Kombs reaktiv avtomobil rulida soatiga 996 km tezlikka erishmoqchi bo‘lganda sodir bo‘lgan. Ayol boshlovchi og‘ir jarohatlar olgach, hayotdan ko‘z yumgan.

Boshlovchining oilasi bayonotida ta'kidlanishicha, u 1976 yilda ayol kaskadyorchi va poygachi Kitti O'Nil tomonidan quruqlikda harakatlanish bo‘yicha ayollar o‘rtasida o‘rnatilgan tezlik rekordini yangilamoqchi bo‘lgan. O‘shanda O'Nil uch g‘ildirakli reaktiv avtomobilda 843 km/soat tezlikka erisha olgan.

Ko‘rsatuv vakillari Kombsning oilasiga hamdardlik bildirishgan. Ayni vaqtda fojia tafsilotlarini o‘rnatish uchun tergov olib borilmoqda.

Kombs “4 ta g‘ildirakdagi eng tezyurar ayol” degan nom ham olgan. 2013 yilda u soatiga 632 km tezlikka erishib, ayollar o‘rtasida bu borada tezlik rekordiga erishgan. Kombs yangi rekordini 2016 yilda 769 km/soat tezlikka erishib o‘rnatgan. 

Marhuma All Girls Garage, Extreme 4x4 teleko‘rsatuvlarida ham ishlagan. Shuningdek, u ma'lum vaqt MythBusters ko‘rsatuvini olib borgan. 

Bir necha oy oldin Kombs Instagram’dagi sahifasida o‘zining rekordlarini o‘rnatgan bolid Eagle Supersonic Speed Challenger videosini joylashtirgan. Bolid F-104 qiruvchi samolyoti negizida yaratilgan bo‘lib, 52 ming ot kuchiga va 5 tonna og‘irlikka ega.

 

Mavzuga oid