O‘zbekiston | 08:11 / 29.08.2019
38159
3 daqiqa o‘qiladi

Bahodir Yo‘ldoshev «Buyuk xizmatlari uchun» ordeni bilan mukofotlandi 

O‘zbekiston Respublikasi prezidenti “O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining yigirma sakkiz yilligi munosabati bilan fan, ta'lim, sog‘liqni saqlash, adabiyot, madaniyat va san'at sohalari xodimlaridan bir guruhini mukofotlash to‘g‘risida”gi farmonni imzoladi

Hujjatga ko‘ra, “Diydor” teatr-studiyasi badiiy rahbari Bahodir Yo‘ldoshev “Buyuk xizmatlari uchun” ordeni bilan mukofotlandi.

Farmonda qayd etilishicha, Bahodir Yo‘ldoshev xalqimizning ilmiy-intellektual salohiyati va ma'naviyatini yuksaltirish, madaniyat, san'at sohalarini rivojlantirishdagi xizmatlari, Vatanimiz mustaqilligini mustahkamlash, yurtimiz taraqqiyoti, tinchligi va barqarorligini ta'minlash ishiga qo‘shgan munosib hissasi hamda jamoatchilik ishlaridagi ko‘p yillik samarali ishtiroki uchun mukofotlandi.

Ma'lumot o‘rnida: O‘zbekiston Xalq artisti, teatr rejissyori Bahodir Yo‘ldoshev 1945 yilda Samarqand viloyatining Kattaqo‘rg‘on shahrida san'atkorlar oilasida tug‘ilgan. U 1970 yilda Toshkent teatr va rassomlik san'ati institutini tugatgan. 1971—1974 yillarda Hamza nomidagi O‘zbek akademik drama teatrida rejissyor, 1974—1984 yillarda bosh rejissyor bo‘lib ishlagan. O‘zbek teatriga yangiliklar kiritish, uni yanada yuksaltirish niyati bilan ish boshlagan Bahodir Yo‘ldoshev Uyg‘unning "Abu Ali ibn Sino", "Beruniy", "Zebunniso", Said Ahmadning "Kelinlar qo‘zg‘oloni", Pirimqul Qodirovning "Yulduzli tunlar" asarlarini sahnaga qo‘yib, madaniy jamoatchilik nazariga tushgan. 

Bahodir Yo‘ldoshev 1984 yildan boshlab Abror Hidoyatov nomli O‘zbek Davlat drama teatrida badiiy rahbar sifatida faoliyatini davom ettirgan. Bu teatrda u "Maysaraning ishi", "Farmonbibi arazladi", "Paranji sirlari", "Qora kamar", "Ziyofat", "Iskandar", "Firidun", "Nodirabegim", "Ipak yo‘li" kabi asarlarni sahnalashtirgan. Bu spektakllar matbuotda ijobiy baholanib, ularning ko‘pchiligi Xalqaro va O‘zbekiston teatr festivallarining mukofotlari bilan taqdirlangan. 

Bahodir Yo‘ldoshev mustaqillik yillarida "Sharq taronalari" Xalqaro musiqa festivali, O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligi va Navro‘z bayramlariga bag‘ishlangan tadbirlarning bosh rejissyori sifatida madaniy jarayonda faol ishtirok etib kelmoqda.

Mavzuga oid