Investitsiyalar jalb qilishda Qozog‘iston tajribasi. Farqlar va o‘xshash jihatlar
Mustaqillik ayyomi arafasida bir guruh jurnalistlar qo‘shni Qozog‘iston poytaxti Nur-Sulton shahrida maxsus press-turda bo‘lib qaytdi. «Ostona Xalqaro moliya birjasi» tashabbusi bilan uyushtirilgan bu tadbir doirasida «Ostona» Xalqaro moliya markazi qoshidagi xorijliklarga xizmat qilish markazida ham bo‘ldik.
Investitsiyalar jalb qilish har bir davlatning, ayniqsa rivojlanayotgan mamlakatlarning eng muhim masalalaridan biri hisoblanadi. So‘nggi yillarda O‘zbekistonda bu masalani shaxsan davlat rahbarining o‘zi nazorat qilayotgani ham, har bir viloyatda bu borada alohida guruhlar ish olib borayotgani ham bejiz emas.
Press-tur doirasida biz bilan uchrashgan «Ostona» Xalqaro moliya markazi rahbari Qayrat Kelimbetov so‘nggi 20 yilda Qozog‘iston 300 mlrd dollardan ko‘proq investitsiya jalb qilgani, bu Markaziy Osiyodagi umumiy investitsiyalarning 70 foiziga tengligini bildirgan edi.
Xo‘sh, Qozog‘iston kim yoki nimaning evaziga bunday ko‘rsatkichlarga erishgan?
Albatta, tabiiy boyliklar ko‘pchilikni o‘ziga ohanraboday tortadi. Ammo dunyoda tabiiy boyliklar Qozog‘istondanda ko‘p davlatlar ham bisyor, lekin ularning bu boradagi natijalari kamtargina. Shunga qaramay janob Kalimbetov sarmoyalarning faqat neftgaz sohasida cheklanishi endi qoniqtirmasligi, bu borada har tomonlama ish olib borilayotganini ma'lum qilgandi.
Aytish mumkinki, erishilgan natijalarning oddiy sabablari chindanda o‘rganishga arziydi. Biz tashrif buyurgan «Ostona» Xalqaro moliya markazi qoshidagi xorijliklarga xizmat qilish markazi rahbari O‘ljas Bukenov o‘z faoliyati haqida so‘zlab berdi.
– Markazimiz xorijdan tashrif buyurgan diplomatik soha vakillari, investorlar va tadbirkorlarga xizmat ko‘rsatadi. Xizmatlarimiz mutlaqo bepul, agar mehmon davlat boji talab qilinadigan xizmatdan foydalanishni istasa, faqat o‘sha bojnigina to‘laydi. Biz investorlar kirib kelishi bilan ularning moslashuvi bo‘yicha barcha masalalarda yordam ko‘rsatamiz.
Avvalo ularga malakali huquqshunoslarni taklif qilamiz va o‘zlari qiziqayotgan soha bo‘yicha mahalliy qonunchilikni atroflicha tushuntiramiz, kimlarga murojaat qilish borasida o‘z tavsiyalarimizni beramiz. Markazimizda notarius, kassa, hujjatlarni tarjima qilish xizmati ham mavjud, shu yerning o‘zida mehmon barcha hujjatlarga ega bo‘lishi mumkin. Alohida kompyuter xonalari, uzluksiz internet tizimi ham ular uchun bepul xizmat ko‘rsatadi.
Biz nafaqat ish yuzasidan, balki maishiy masalalarda ham ko‘mak beramiz. Deylik, investorga ijara uchun uy yoki ofis kerak – o‘z hamkorlarimizni tavsiya qilamiz, ular o‘rganib, o‘zlariga ma'qulini tanlashadi. Yoki farzandlarini maktabga joylashtirish, tibbiy xizmat (xususan ayollar uchun alohida yondashuvni talab qiluvchi xizmatlar), avtomobillarni rasmiylashtirish, ularga texnik xizmatlar, hatto uy hayvonlariga veterinar xizmatlargacha tavsiyalar beramiz. Shu bilan birga, biz tavsiya qilgan hamkorlar mehmonlarga qanday xizmat ko‘rsatgani, ularning qoniqishi qay darajadaligini ham kuzatib boramiz. Agar sifatsiz xizmat ko‘rsatilsa, asossiz baland narxlar taklif qilinsa, ular hamkorlarimiz safidan o‘chiriladi. Eng muhimi, mehmon bizning tavsiyalarimiz asosida xizmat ko‘rsatuvchini o‘zi tanlaydi.
Hozir yangi loyiha ustida ishlayapmiz. Diplomatlar yoki investorlarning ayollari (yoki erlari) mahalliy sharoitga moslashuvi uchun ularga mos ish qidirish, bandligini ta'minlash rejamizda bor, – dedi O‘. Bukenov.
Ko‘rinib turibdiki, investorni jalb qilishda mayda jihatlarning o‘zi yo‘qligi haqida qardoshlarimiz juda yaxshi o‘ylab ko‘rishgan. Bu esa o‘zlashtirsa, o‘rgansa arziydigan masala.
Abror Zohidov, Toshkent-Nursulton-Toshkent
Mavzuga oid
16:55
Qozog‘istondan O‘zbekistonga neft mahsulotlari tashiladigan maxfiy tunnel topildi
22:27 / 25.12.2024
Mustaqil Qozog‘iston tarixidagi eng yirik aviahalokatlar sanab o‘tildi
21:32 / 25.12.2024
Azerbaijan Airlines samolyotining Qozog‘istondagi halokatida 38 kishi vafot etdi
23:10 / 23.12.2024