Sport | 06:30 / 03.09.2019
7268
3 daqiqa o‘qiladi

«PSJ» Ikardini transfer qildi

«Inter» hujumchisi Mauro Ikardi faoliyatini «PSJ»da davom ettiradi.

26 yoshli argentinalik forvard «neradzurri» bilan shartnomasini 2022 yilgacha uzaytirdi va ijara asosida parijliklar klubi safiga o‘tdi. 

«PSJ»da u bir mavsum uchun 8 million yevro miqdorida yillik maosh oladi, yana 2 million  yevro bonuslar sifatida berilishi mumkin. Fransuzlar klubi keyingi yil yozida futbolchini 70 million yevro evaziga sotib olish huquqiga ega.

Agar argentinalik futbolchi mavsum yakunlangach «Inter»ga qaytsa uning 2020/21 yilgi mavsumdagi maoshi 5 million yevroni tashkil etadi, 2021/22 yilgi mavsumda esa – 7 million yevro.

Ikardi transferlar darchasining so‘nggi kunida «PSJ» qarorgohiga kelib, tibbiy ko‘rikdan o‘tdi va yangi jamoasi bilan shartnomani imzoladi.

Yangi klubida 18 raqamli futbolkada to‘p suradigan Ikardi o‘z transferi bo‘yicha fikrlarini bildirib o‘tdi.

«PSJ» rahbariyatiga ishonch bildirishgani uchun minnatdorchilik bildirmoqchiman. Men yangi jamoamga barcha turnirlarda imkon qadar uzoqroqqa borishi uchun qo‘limdan kelgancha yordam ko‘rsataman.

«PSJ» xalqaro futbol kuchiga aylandi va so‘nggi yillarda qator kuchli futbolchilarni tarkibga qo‘shib oldi.

Klub hozir ko‘tarilish pallasida, jamoada katta ambitsiyalar bor, men ishonamanki bu yerda ko‘proq narsalarga erishish uchun barcha imkoniyatlar mavjud.

Men go‘zal va jozibali «Park de Prens» stadionida maydonga tushishimni sabrsizlik bilan kutmoqdaman», – degan Ikardi.

O‘tgan mavsum davomida ushbu futbolchi «Inter» murabbiylari shtabi va rahbariyati bilan ziddiyatga borgach, sardorlik bog‘ichidan mahrum qilindi hamda tarkibdan vaqtincha chetlatildi. U jamoaning yangi bosh murabbiyi Antonio Kontening ham rejalaridan joy olmagach, klub uni ijaraga berib yuborishga qaror qildi.

Mavzuga oid