Sport | 01:35 / 06.09.2019
42020
2 daqiqa o‘qiladi

UFC Nurmagomedov-Pore jangi g‘olibining keyingi raqibini ma'lum qildi

Foto: UFC

UFC rahbari Deyna Uayt amerikalik Toni Fergyusonga Xabib Nurmagomedov va Dastin Pore o‘rtasidagi jang g‘olibi bilan jang o‘tkazish imkoniyati berilishini ma'lum qildi.

“Agar Toni Fergyuson tayyor bo‘lsa, biz bu jangni tashkillashtiramiz”, deb aytgan Uayt ESPN telekanaliga intervyuda. 

Nurmagomedov va Pore o‘rtasidagi jang 7 sentyabrda Abu-Dabida UFC 242 musobaqasi doirasida bo‘lib o‘tadi. Rossiyalik jangchi uchun ushbu jang 2018 yil oktyabrda Konor Makgregorga qarshi jangidan keyin yuz bergan mushtlashuv uchun diskvalifikatsiyasidan keyingi birinchi jang bo‘ladi.

5 sentyabrda Abu-Dabida ikki sportchining nigohlar dueli bo‘lib o‘tdi. Sportchilar bir-birlariga hurmat bildirib, marosimdan keyin bir-birlari bilan xayrlashishgan.

6 sentyabrda jangchilar rasmiy vazn o‘lchashda uchrashishadi. Sportchilarning vazni 70,3 kgdan oshmasligi lozim.

Avgust oxirida Nurmagomedov keyingi jangini aynan Fergyusonga qarshi o‘tkazmoqchiligini ma'lum qilgan. “Faqatgina Toni Fergyuson. U bu jangga loyiq. Yo‘qsa kim? Hech kim. Fikrimcha, faqatgina Toni Fergyuson”, deb aytgandi dog‘istonlik sportchi.

Nurmagomedov 2018 yil aprelda UFC chempioni bo‘lgan. U hakamlarning bir ovozli qarori bilan amerikalik El Yakvintaga qarshi jangda g‘alaba qozongan.

Pore esa 2019 yil aprelda o‘zining yurtdoshi Maks Xolloueyni mag‘lub etib, UFC’ning vaqtinchalik chempioniga aylangan. 

Fergyuson esa 2017-2018 yillarda UFC’ning vaqtinchalik chempioni unvoniga egalik qilgan. U faoliyati davomida na Nurmagomedov, na Pore bilan uchrashgan. E'tiborlisi, uning Nurmagomedovga qarshi jangi 4 marta rejalashtirilgan, biroq har safar u yoki bu jangchining salomatligidagi muammolar sababli bekor qilingan.

Hozirda Fergyuson UFC’ning yengil toifadagi jangchilari reytingida 2-o‘rinni egallamoqda. 

Mavzuga oid