Iqtisodiyot | 11:40 / 14.10.2019
28231
2 daqiqa o‘qiladi

DSQ: endi san'atkorlardan boshqacha tartibda soliq undirish rejalashtirilmoqda

Bugun, 14 oktabr kuni Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida Adliya vazirligi va Davlat soliq qo‘mitasi mutasaddilari ishtirokida matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.

Tadbir davomida san'atkorlarning soliqqa tortilishi tartibi, bu borada rejalashtirilayotgan islohotlar to‘g‘risida so‘raldi.

Davlat soliq qo‘mitasi bo‘lim boshlig‘i Shuhrat Ismoilov bu borada izoh berdi.

«San'atkorlar va xonandalar shu paytga qadar ham ma'lum to‘lovlar to‘lashgan va to‘lab kelishmoqda. Ular «O‘zbekkonsert» birlashmasi tomonidan litsenziya olishadi. Bu litsenziyalar san'atkorlar reytingiga qarab turli toifada beriladi. O‘sha litsenziya muddatiga ko‘ra (3, 6, 9 oy yoki 1 yil) maxsus yig‘im undiriladi va uning ma'lum bir qismi budjetga tushadi. Undan tashqari litsenziyasining amal qilish muddatida har oyda EKIH bazaviy miqdori darajasida yagona ijtimoiy to‘lov ham to‘lashadi.

Lekin 2020 yilning 1 yanvaridan boshlab san'atkorlardan yangicha tartibda soliq undirish rejalashtirilmoqda. Unga ko‘ra xonandalar topgan daromadlari bo‘yicha deklaratsiya to‘ldirib, daromad solig‘i to‘lashi kutilmoqda. Yil yakuniga ko‘ra esa aprel oyida yillik deklaratsiya to‘ldiriladi va umumiy hisob-kitob qilinadi.

Endi «Ularning daromadlarini qayerdan bilamiz?», degan savol tug‘ilishi tabiiy. Yangi talablarga ko‘ra, to‘yxonalar (to‘y egasi emas) tashrif buyuruvchi xonandalar bilan rasmiy shartnoma tuzadi va unda ko‘rsatiladigan xizmat haqi ham ko‘rsatiladi. Soliq organlari esa bu shartnomalar haqida ma'lumot to‘plab borishadi», deya uning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Mavzuga oid