Light | 15:00 / 22.10.2019
52174
11 daqiqa o‘qiladi

Dunyodagi eng qimmat shahar – Singapurga fotosayohat

Juda ham ozoda shaharligi alohida ta'riflanadigan Singapur chindan pokiza ko‘chalari bilan odamni hayratda qoldiradi. Bu ajoyib shahar internetda tasvirlanganidan ham go‘zalroq. Chinakam osmono‘par Singapur taassurotlarini siz bilan o‘rtoqlashsak.

O‘zbekiston milliy jamoasi 15 oktabr kuni JCh-2022 saralashidan o‘rin olgan Singapurga qarshi o‘yinda maydonga tushdi. Shu bahonada bizga ham dunyoning eng qimmat shahriga safar qilish baxti nasib etdi.

Samolyot 8 soatlik parvozdan so‘ng Singapur xalqaro aeroportiga qo‘nishi bilan odamga gup etib issiq havo urildi. Vaholanki, biz borganimizda soat kechasi 23:00dan oshgandi. Singapurning sun'iy favvoralari bor aeroportiga kirmadik, chunki charter reyslar uchun mo‘ljallangan samolyot yo‘lovchilari boshqa yerdan shaharga chiqisharkan.

Shu o‘rinda, O‘FA futbolchilar uchun charter reys tashkil qilgani juda to‘g‘ri ish bo‘lganini aytish kerak. Futbolchi yo‘lovchi samolyotida uchsa, ko‘p vaqtini parvozda o‘tkazishga majbur bo‘ladi va charchaydi.

«Dunyoning eng qimmat shahriga xush kelibsiz»

Aeroportdan to‘g‘ri mehmonxonaga yo‘l oldik. U yerda O‘FA tashqi aloqalar bo‘limi vakillari va Temur Kapadze futbolchilar uchun barcha sharoitlarni tayyorlab turishgandi.

Qabulxonada xonamiz uchun to‘lov qilayotganda Singapur dunyoning eng qimmat shahri ekani afsona emasligiga ilk marta amin bo‘ldik. Doim tabassum qiluvchi va ingliz tilida so‘zlar qanday yozilsa, shunday talaffuz qiladigan mehmonxona xodimi bitta xona uchun 536 Singapur dollari to‘lashimizni, bu esa 402 AQSh dollariga teng bo‘lishini shunchalik chiroyli qilib aytdiki, go‘yo «Sizdan 42 ming so‘m, janob» degandek eshitildi.

Bu narxdan so‘ng beixtiyor «Dunyoning eng qimmat shahriga xush kelibsiz», dedim ichimda.

Bankomatda 450 AQSh dollarini Singapurning bejirim dollariga almashtirdik, ammo bu pul ham xona to‘lovi uchun yetmadi. Haligi doim kulib turadigan xodimning aytishicha, bankomatdagi kurs rasmiy kursdan farq qilarkan (kurs faqat bizda «o‘ynamas ekan»).

Yonimizdagi barcha pulimizni «maydalagan» bo‘lsak-da, mehmonxonada o‘zbeklar ko‘pligi uchun xotirjam holda xonaga ko‘tarildik. Mehmonxonadan 15 dollar qarz bo‘ldik va ertaga berishga kelishdik (nasiya Osiyoning eng boy davlatlarida ham bor ekan).

Xonamizga joylashgach, biz bilan birga Singapurga uchgan Championat.asia sayti yigitlari chaqirib qolishdi. Ma'lum bo‘lishicha, mehmonxona xodimlari bizni ham futbolchilar kabi ertaga soat 17:00gacha qoladi deb, xonalarni ikki kunga band qilgan ekan. Chunki 12:00dan keyin mehmonxona uchun yangi kun hisobi boshlanadi. Axir Singapurga ilk marta kelib, faqat mehmonxonada o‘tirmaymiz-ku, shu sabab xonamizni bir kunga band qildik va qolgan pulimizni qaytib berishdi.

Shunday qilib, Singapurdagi mehmonxonada bir kecha tunash va ertalabki nonushta 240 AQSh dollariga tushdi.

Tupurganlik uchun jarima — 1 000 dollar!

Ertasi kuni nonushtadan so‘ng shahar aylangani chiqib ketdik. Singapur ko‘chalarining tozaligiga chindan qoyil qolish mumkin. Mamlakat bunday natijaga keskin taqiqlar yordamida erishgan. Masalan, ko‘chaga tupurgan odam kameralarga ko‘rinadi va 1 000 Singapur dollari miqdorida jarima to‘laydi. Bu – 750 AQSh dollari degani.

Jamoat joyida saqich chaynash, belgilanmagan joylarda chekish va chiqindi tashlash jarimasi ham shuncha. Bilmasdan mahalliy maymunlarga ovqat berib qo‘ysangiz, 250 dollar; mashina haydayotib telefonda gaplashsangiz, 500 dollar jarima to‘laysiz. Darvoqe, u yerda ulovlar chap qo‘l qoidasiga amal qilgan holda haydaladi.

Singapurda jarimadan qutulib qolish imkonsiz, chunki jarimani ro‘yxatdan o‘tkazadigan odamning o‘zi yo‘q. Hamma yerda kamera bor va harakatlaringiz to‘liq nazorat qilinadi. Bejizga bu mamlakat eng xavfsiz degan nomni olmagan axir.

Shaharni aylanmoqchi ekanimizni aytganimizda, mehmonxona xodimi metro xizmatidan foydalanishni tavsiya qildi. Metroga tushdik va Singapurning mashhur savdo markazi Marina beyga borishga qaror qildik.

Singapur metrosiga kirar ekanman, xayolimda bir fikr aylandi: Toshkent metrosi – dunyodagi eng qulay metro!

Singapurda metroga chipta-kartasini olib kirishning o‘zi bir jarayon. U yerda kassirning o‘zi yo‘q, hammasi avtomatlashgan. Kartaning narxi ham bir xil emas. Qayergacha borishni xohlasangiz, o‘sha bekatni bosasiz va sizga karta chiqarib beradi.

Narxlar nechta stansiya yurishingizga qarab belgilanadi. Marina beygacha bir kishi o‘rtacha 1 AQSh dollaridan to‘lab yetib oldik.

Metroda bunday sistemaning yo‘lga qo‘yilganini keyin tushungandek bo‘ldim. Bizning metroda odamlar soni ko‘payishi uchun harakat qilinadi, Singapurda esa metrodagi odamlar oqimi kamayishi uchun shunday sistema o‘ylab topilgan. Siz qaysi bekatgacha borishingizni aniq ko‘rsatib, chipta-karta sotib olasiz. Keyin yana o‘sha kartani ko‘rsatib, bekatdan chiqib ketasiz.

Masalan, siz «G‘afur G‘ulom» bekatiga boraman deb, «Tinchlik» bekatiga kelsangiz, chiqishdagi turniket sizni tashqariga chiqarmaydi, chunki siz keragidan ko‘proq bekat yurib yuborgansiz. Chiqish uchun qo‘shimcha pul to‘laysiz. Bunday sistema metroda bekorchilar aylanib yurishining oldini olish uchun qilingan.

Xullas, bir amallab Marina beyga yetib keldik. Baland binolarning go‘zalligi odamning aqlini shoshiradi. Tushunishim bo‘yicha, bu binolarning ko‘pi – xalqaro banklar. Singapur turizmdan pul topishga unchalik qiziqmasligiga asosiy sabab aynan u yerdagi biznes markazlar va banklarning ko‘pligida.

Singapur ko‘chalaridagi havo o‘ta toza ekanini aytish kerak, chunki u yerda deyarli sanoat korxonasi yo‘q. Bundan tashqari, shaharda juda-juda ko‘p daraxt ekilgan. Daraxtlarning chiroyini esa so‘zda ta'riflab bo‘lmaydi.

Marina bey atrofidagi binolari ichida nilufar guli ko‘rinishidagi muzey ajralib turadi. To‘g‘risi, bu binoni ko‘rib insonning fantaziyasi chek-chegara bilmasligiga amin bo‘ldim. Nilufar guli ko‘rinishidagi muzeyning pastida tabiiy nilufar gullari ekilgan. Ularning go‘zalligini rasmlarda ko‘rishingiz mumkin. U yerda esayotgan yengil shabada manzarani yanada yoqimli qiladi.

Shahardagi ko‘priklar sonida adashib ketishingiz aniq. Ularning barchasi o‘zgacha dizaynda qilingani esa shahar bosh rejasi xafsala bilan tuzilganini ko‘rsatadi.

«Singapur yuragidan» yana mehmonxonaga qaytish uchun avtobusdan foydalandik. 71-avtobus oltovimizni mehmonxona yaqinidagi bekatgacha 9 dollarga olib ketdi. Avtobusga bizdan boshqa yo‘lovchi deyarli chiqmadi. Hayronman, ular qanday plan topshirishadi.

Bahaybat labirint-stadion...

Stadionga yetib borgach, uning qanchalik bahaybatligini ko‘rdik. Juda go‘zal va mahobatli stadion xuddi labirintga o‘xshaydi. U yerdan adashmay chiqib ketishning o‘zi bir baxt men sizga aytsam.

O‘yin tugaganidan so‘ng (o‘yinga to‘xtalish shart bo‘lmasa kerak, bu haqda yetarlicha yozdik) adashib qolganimiz 15 oktyabrni hech qachon yodimizdan o‘chmaydigan sanaga aylantirdi. Stadionning burilish va eshiklari ko‘pligidan chiqish eshigini topolmay qoldik...

Shunda dunyoning to‘rt tomonida ham o‘zbeklar borligi bizga yordam berdi.

Mehmonxonada bir o‘zbek yigit bilan tanishib qolgandik. Stadion atrofida Championat.asia jurnalisti Jasurbek bilan tentirab yurganimizda o‘sha o‘zbek bola bizni ko‘rib qoldi. Singapurda ishlab, u yerlarni besh qo‘lday bilib olgan o‘zbek yigit birpasda bizni stadion chiqish joyiga olib bordi. U yerda esa bizga yana bir o‘zbek yordamga keldi.

O‘zbekistonning Singapurdagi elchixonasi vakili bizni va yana yo‘l topa olmayotgan bir guruh muxlislarni o‘z mashinasida delegatsiyadan kechiktirmay aeroportga olib bordi. Begona mamlakatda adashib qolib, o‘z vatandoshlarimiz yordam bergach, o‘zbeklarning boriga shukur, dedik beixtiyor. Elchixona xodimi to aeroportdan chiqib ketgunimizcha o‘sha yerda bo‘ldi.

G‘alaba buterbrodi

Charter reys bo‘lgani uchun futbolchilar kechki ovqatni ham aeroportda qilishdi, chunki samolyot o‘yin tugashidan bir soat ham o‘tmay yo‘lga chiqishi belgilangandi. Shu bois futbolchilar va Vadim Karlenovich bilan aeroportda buterbrod yeb, g‘alabani nishonladik.

Tanovul vaqtida Saudiya Arabistoni Falastin bilan 0:0 o‘ynagani ma'lum bo‘ldi. Bo‘ldi bayram, bo‘ldi xursandchilik – axir O‘zbekiston guruh yetakchisiga aylanib olgandi-da.

Shu tariqa, Singapurga safarimiz yakunlandi. Bu ajoyib shaharda bir kungina bo‘ldik, ammo uning go‘zalligini ko‘rishga, bunday ajoyib mamlakatdan o‘rnak oladigan narsalarimiz ko‘p ekanini anglashga ulgurdik.

O‘z imkoniyatlaridan maksimal darajada foydalangan Singapur – har qanday mamlakat dunyoga mashhur bo‘la olishini, har qanday mamlakat boy bo‘la olishining isboti, menimcha.

Bir vaqtlar oddiygina mamlakat bo‘lgan Singapur bugun shu darajaga yetdiki, u yerdagi taksilarni kimsan Krishtianu Ronaldu reklama qiladi, Bu yerda butiklarga kirib, «Hech bo‘lmasa, 100 dollarga oyoq kiyim topiladimi», deb so‘rasangiz, xotirjamlik bilan butun mamlakatda bu narxda oyoq kiyim yo‘q, deb aytishadi.

O‘ziga xos taqiqlari esa Singapurni chinakam «fine city»ga aylantirgan. «Fine» so‘zining ikkita ma'nosi bor: biri «jarima», biri «yoqimli». Ya'ni jarimalar orqali Singapur o‘zi uchun toza ko‘chalar, toza havo va shu orqali mashhurlikni qo‘lga kiritgan. Havoni, tozalikni va tabiatni qadrlaganlar esa, albatta, o‘zi ham qadr topadi...

O‘tkir Jalolxonov,
Muhammadjon G‘aniyev
– Kun.uz muxbirlari.

 

 

 

 

 

 

 

 

 

 

 

 

Mavzuga oid