Go‘yoki «yonib ketgan» yirik miqdordagi sigaretlar operatsiyasi fosh etildi
Shu yilning yozida Jizzax viloyatining M-39 avtomagistrali orqali harakatlangan yo‘lovchilar ushbu hududda yonib ketgan “DAF” rusumli yuk avtomashinasiga ko‘zi tushgani haqida aytishgandi.
Ma'lum bo‘lishicha, 2019 yil 7 iyul kuni U.A. imli shaxs boshqaruvida bo‘lgan mazkur “DAF” rusumli avtoulov tirkamasida yuklangan, qiymati 121 000 AQSh dollarlik 550 000 quti chet elda ishlab chiqarilgan sigaret mahsulotlari bilan Qirg‘iziston Respublikasiga tranzit o‘tkazish uchun Buxoro viloyatining “Olot” chegara bojxona posti orqali O‘zbekiston Respublikasiga kirib kelgan. Bu haqda Davlat bojxona qo‘mitasi axborot xizmati xabar bermoqda.
Biroq, ushbu avtotransport vositasi 2019 yil 14 iyul kuni go‘yoki Jizzax viloyati hududida tirkamasining orqa qismidan yong‘in chiqishi natijasida yukxonasidagi sigaret mahsulotlari bilan birgalikda yonib ketganligi haqida haydovchi tomonidan xabar berilgan.
Haydovchining iddaosiga ko‘ra, avtotransport vositasining orqa o‘ng tomon shinasining yonishi oqibatida kelib chiqqan yong‘in natijasida avtotransport vositasi va undagi sigaret mahsulotlari butunlay yonib ketgan va uni o‘chirish imkoniyati bo‘lmagan go‘yo.
Ammo, katta partiyadagi sigaretlar ortilgan ushbu avtoulovning to‘satdan yonib ketishi haqida haydovchi aytgan gaplar bojxona xodimlarini sergak torttirdi.
Chunki, ushbu sigaretlar agarda O‘zbekiston Respublikasida bojxona rasmiylashtiruvidan o‘tkazilganida, 6,6 mlrd so‘m bojxona to‘lovlari to‘lanishi kerak edi.
Shu tariqa Jizzax va Samarqand viloyati bojxona boshqarmasi xodimlari tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari o‘tkazilib, mazkur xolat yuzasidan Jinoyat kodeksining 182-moddasi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.
Davlat xavfsizlik xizmati Jizzax viloyati boshqarmasi Tergov bo‘limi hamda Davlat bojxona qo‘mitasi xodimlari tomonidan olib borilgan hamkorlikdagi sa'y-xarakatlar natijasida jinoyat ko‘pga cho‘zilmasdan ochildi, yashirib qo‘yilgan sigaretlar Samarqanddan topildi.
Mavzuga oid
16:55
Qozog‘istondan O‘zbekistonga neft mahsulotlari tashiladigan maxfiy tunnel topildi
18:57 / 07.12.2024
Dominikana rasmiylari rekord darajadagi 9,5 tonna kokainni musodara qildi
23:01 / 27.11.2024
Farg‘onada 750 mln so‘mlik iPhone telefonlarining noqonuniy olib kirilishiga chek qo‘yildi
16:56 / 22.11.2024