Turkiyaga me’yordan ortiq tamaki mahsulotlarini olib kirgan o‘zbekistonliklar qamoqqa olinmoqda
Ularga «kontrabanda» ayblovi qo‘yilyapti. O‘zbekistonning Istanbuldagi Bosh konsulxonasi e’tiborli bo‘lishga chaqirdi.
So‘nggi vaqtlarda belgilangan miqdordan ortiq tamaki mahsulotlarini Turkiyaga olib kirishga uringan o‘zbekistonliklarga nisbatan «kontrabanda» aybi qo‘yilmoqda. Bunday holatlar jiddiy huquqiy oqibatlarga sabab bo‘lyapti, deb xabar berdi O‘zbekistonning Istanbul shahridagi Bosh konsulxonasi.
Qayd qilinishicha, hozirgi kunda Turkiya jazoni ijro etish muassasalarida 20 nafardan ortiq o‘zbekistonlik belgilangan miqdordan ortiq tamaki mahsulotlarini olib kirganligi sababli qamoqda saqlanmoqda.
Bosh konsulxona bergan ma’lumotga ko‘ra, Turkiyaga shaxsiy foydalanish maqsadida 600 dona sigareta (30 pachka yoki 3 blok), 50 dona sigara olib kirish mumkin. Shuningdek, 10 dona bir martalik elektron sigareta, 1 dona ko‘p martalik elektron sigareta qurilmasi, 200 dona almashtiriladigan stiker yoki 30 ml suyuqlikka ruxsat berilgan. Tijorat maqsadlarida tamaki mahsulotlarini olib kirish man etiladi.
Bosh konsulxonaning ogohlantirishicha, tamaki mahsulotlarini noqonuniy olib kirganligi sababli Turkiya sud idoralari tomonidan belgilangan jarimalar to‘langanidan so‘ng, jarima yechilganini qayta tekshirish lozim. Jarimani to‘lagan ammo turk idoralari qaydlarida jarima yechilmaganligi o‘zbekistonliklarni chegarada qo‘lga olinishi sabab bo‘lmoqda.
Mavzuga oid
00:45
Turkiya TIV rahbari Suriyaga qarshi sanksiyalarni tezroq bekor qilishga chaqirdi
17:52 / 17.12.2024
WSJ: AQSh Suriya chegarasida turk qo‘shinlari to‘planayotganidan xavotirda
18:39 / 14.12.2024
Turkiya AQShdan Gazprombankka qarshi sanksiyalarni yumshatishni so‘radi
18:23 / 09.12.2024